Taqdimotlarda quyidagi maʼlumotlar keltirildi: agar 2017-yilda sanoat korxonalari tomonidan qiymati 18 million dollar boʻlgan 17 ta loyiha amalga oshirilgan va 800 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, 2021-yilga kelib 12 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi bilan umumiy qiymati 202 million dollarlik 112 ta loyiha amalga oshirildi. Davlat koʻmagi tufayli 2026-yilga borib qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 555 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan, buning natijasida 50 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ishlab chiqarish hajmi ham shunga oʻxshash oʻsish trendini koʻrsatdi. 2017-yilda 760 milliard soʻmlik, 2021-yilda 4,4 trillion soʻmlik charm va poyabzal mahsulotlar ishlab chiqarildi. 2026-yilda esa 18,6 trillion soʻmlik shu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Eksport nuqtayi nazaridan ham oʻsish kuzatilyapti. 2017-yilda tashqi bozorlarga 105 million dollarlik, 2021-yilda 421 million dollarlik tovarlar yetkazib berildi. 2026-yilda esa sanoat korxonalari 1,2 milliard dollarga mahsulot eksport qilmoqchi.

Teri-poyabzal hamda jun va moʻynachilik sanoatining rivojlanish istiqbollarini batafsil tahlil qilish jarayonida yuqori sifatli xom ashyoni sotib olish, ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish, klasterlarda, kichik sanoat zonalarida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muammolar va takliflar bildirildi. Bundan tashqari, mahsulot eksportini koʻpaytirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, oʻzbekistonlik korxonalarning ixtisoslashtirilgan xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etishi, sohadagi innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, mamlakatda va xorijiy davlatlarda yirik ulgurji savdo markazlarini tashkil etish mavzulariga toʻxtalib oʻtildi.

Muhokamadan soʻng Uyushma rahbariyatiga bildirilgan masalalarni batafsil oʻrganish va sohani har tomonlama rivojlantirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.