Oʻyin ishqibozlarini esa ixcham shaklda fanat deb ataymiz. Ochigʻi, fanat soʻzini eshitganimizda aksariyatimizning xayolimizga shovqin-suron koʻtarayotgan bir guruh tomoshabin keladi. Lekin bu fanatlik emas. Bu holat koʻproq madaniyatsizlikka, axloq chegaralaridan chiqishga oʻxshaydi. Asl fanatlik esa bir jamoaga yoki sportchiga mehr qoʻyish, muvaffaqiyatidan quvonish, omadsizligidan esa kuyinishdir.
Agar
bellashuvda qatnashayotganlar mahalladosh bolalar yoki sinfdoshlar boʻlsa, ayni
holat oriyat bilan bogʻlanib ketadi. Ularga muxlislik qilish butunlay boshqacha
taassurot uygʻotadi. Agar oʻz milliy terma jamoangizni qoʻllab-quvvatlab turgan
boʻlsangiz, bu endi butunlay boshqa holat. Ushbu muxlislik ortida
yuragingizdagi Vatanga sadoqat, xalqparvarlik va millatparvarlik tuygʻulari
boʻy koʻrsatib turadi.
Shu
bois, muxlisi eng koʻp boʻlgani uchun “millionlar oʻyini” nomini olgan futbolda
muxlislar “12-futbolchi” deya taʼriflanadi.
Mana,
2026-yilgi futbol boʻyicha jahon chempionatiga ham sanoqli kunlar qoldi. Soat
millari oʻzbek futbolsevar muxlislarining yurak urishi ritmiga mos tarzda
urmoqda. Koʻpchilik, xususan, xalqimiz allaqachon kun sanay boshlagan. Chunki
bu yilgi chempionat oʻzbekistonliklar uchun oʻzgacha ahamiyatga ega. Terma
jamoamiz oʻz tarixida ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Xalqimizning uzoq yillik orzusi roʻyobga chiqdi.
Bunda
saralash bosqichidagi keskin vaziyatlarda, har bir turdagi oʻyinlarda
maydondagi sportchilardan ham koʻproq his-hayajonga berilib, goh stadionda, goh
ekran qarshisida “Olgʻa, Oʻzbekiston!”, deya muxlislik qilib turgan
yurtdoshlarimizning ham oʻziga xos hissasi bor.
Mana
bugun xalqimizning xohish-istaklarini oʻzida aks ettirgan yangi Oʻzbekiston
bunyodkorligi va Prezidentimizning sohaga eʼtibori samarasi oʻlaroq, terma
jamoamiz oʻyinlarining sifat darajasi koʻtarildi.
Terma
jamoamiz nafaqat jahon chempionatiga chiqdi, balki undagi bahslarda gʻalaba
qozonib, munosib ishtirok etishiga ham ishonchimiz komil boʻldi. Bugun
futbolchilarimiz dunyoning eng nufuzli chempionatlari va jamoalarida toʻp
surmoqda. Xalqimizning xolis niyati oʻz roʻyobini topmoqda.
34 yillik orzu
Kuni
kecha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi haqida suratga olingan, “34 yillik orzu”
deb nomlangan hujjatli filmni tomosha qildim. Ushbu 8 qismli hujjatli serial
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 1998-yilgi jahon chempionati saralash bosqichidan
to 2026-yilgi mundial saralashiga qadar bosib oʻtgan dramatik yoʻli haqida
hikoya qiladi. Serial yilnomalar, intervyular hamda futbolchilar, murabbiylar
va muxlislarning taassurotlari orqali xalqimizning har gal jahon chempionatiga
chiqish orzusiga ishonchini koʻrsatib beradi. Bu shunchaki futbol tarixi emas,
tarix koʻzgusi hamdir. Muvaffaqiyatsizliklar va umidlar, gʻalabalar va
magʻlubiyatlar, davrlar va avlodlar almashuvi... Voqealar markazida nafaqat
jamoa, balki har gal “Bu safar, albatta, uddalaymiz!” deya ishonadigan
yurtdoshlarimiz turibdi.
Ha,
rostdan ham yurtdoshlarimiz har mavsum “Bu safar, albatta, uddalaymiz” degan
ishonch bilan yashadi. Maktab, universitet, doʻstlar davrasi — har qanday joyda
toʻrtta oʻzbekning gapi bir joydan chiqadigan, ammo hammani zumda xomush
qiladigan mavzu futbol edi. Hamma bir ovozdan: “Nasib qilsa, kelgusi safar”,
der edi. Hujjatli film juda ajoyib olingan. Ayniqsa, muxlislarning intervyusi
tomoshabinni toʻlqinlantiradi. Ularning soʻzlarini tinglab, koʻp voqealar koʻz
oldimdan oʻtdi. Yurtdoshlarimizning terma jamoa oʻyinini koʻrish uchun ishdan
bahona qilib chiqqani, stadionga yuzini boʻyab borgani, oʻyinning ayni qiziq
joyida chiroq oʻchib qolgani haqidagi hayotiy hikoyalari togʻamni, akamni,
bobomni yodimga soldi.
Joriy
yilgi jahon chempionati oʻzbekistonlik futbol muxlislari uchun toʻydek gap.
Shodiyona boʻlganda ham oddiy emas, naq 34 yil kutilgan hodisa. Shunday ekan,
avvalo, barchamiz bu lahzalar shavqidan bahramand boʻlishimiz kerak.
Har
toʻrt yilda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha jahon chempionatiga har bir davlat
alohida tayyorgarlik koʻradi. Nafaqat futbolchilar, balki “12-futbolchi”
boʻlmish muxlislar jamoasi ham terma jamoani qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek,
dunyodagi millionlab kishilar nazdida mamlakatning ijobiy imijini yaratishga
urinadi. Umuman olganda, maydon tashqarisidagi ijobiy maʼnodagi bahs
maydondagidan hech ham qolishmaydi.
Muxlislik madaniyati millat
maʼrifatini koʻrsatadi
Esimda,
2022-yilda Marokash muxlislari Qatardagi chempionat bezagiga aylangandi. Aynan
ushbu terma jamoaning guruh bosqichidan chiqishida muxlislarning
qoʻllab-quvvatlovi muhim rol oʻynagan. Oʻshanda bu terma jamoa muxlislarining
qizgʻin va oʻz oʻrnida tartibli muxlislik qilishini jahon ommaviy axborot
vositalari, xususan, mashhur “Reuters” va “The Guardian” nashrlari alohida
yoritgan edi. Bu holat nafaqat Marokash, balki butun Afrika qitʼasi aholisi
toʻgʻrisida ijobiy taassurot paydo boʻlishiga zamin hozirlagani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston
Markaziy Osiyo davlatlari orasida futbol boʻyicha jahon chempionatida
qatnashayotgan yagona mamlakat. Qoʻshnilarimiz ham mazkur musobaqada
sportchilarimizga muxlislik qiladi. Aslini olganda, Markaziy Osiyo xalqlari har
bir xalqaro musobaqada bir-birini qoʻllab-quvvatlab, muxlislik qilib keladi.
Bunda soʻnggi yillarda yanada rivojlanib borayotgan yaxshi qoʻshnichilik,
birdamlik va hamjihatlik siyosatining ham ahamiyati katta.
Birgina
misol: yurtdoshlarimizning Parijda boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya
oʻyinlaridagi tarixiy gʻalabasiga bagʻishlab, qozogʻistonlik xonandaning oʻzbek
sportchilarini madh etib qoʻshiq kuylayotganini koʻrib qoldim. Videolavha
ostidagi izohlarda qozogʻistonlik birodarlarimiz qoldirgan samimiy qutlovlar
esa ikki karra quvontirdi.
Shu
bois, futbol va boshqa sport turlarida muxlislik madaniyati juda ham muhim.
Ayrim oʻyinlarda qaysi jamoalar toʻp surgani, hatto hisob qanday boʻlgani ham
eslanmaydi, aksincha, muxlislarning oʻzini qanday tutgani xotirlanadi. Ayniqsa,
jahon chempionatlarida terma jamoalar muxlislarining oʻziga xos bunday
harakatlari tarix zarvaraqlariga oʻchmas boʻlib yoziladi.
Masalan,
yaponlarning tartib-intizomga qattiq amal qilishi haqida soʻz borsa, koʻpchilik
2014-yili Braziliyada oʻtkazilgan futbol boʻyicha jahon chempionatida Yaponiya
terma jamoasi muxlislari oʻyindan keyin butun maydonni tozalab ketganini
xotirlaydi. Oʻshanda dunyo matbuoti bu voqeani yapon xalqining oʻziga xos
madaniyati sifatida baholab, qayta-qayta materiallar eʼlon qilgan edi. Soʻng
yaponiyalik muxlislar buni ezgu odatga aylantirdi. Ular 2018 va 2022-yillardagi
jahon chempionatlarida ham bu ishni takrorladi. Bunday voqealar ham mamlakat,
ham millat imijiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Ayniqsa,
futbol boʻyicha jahon chempionatiga birinchi bor chiqayotgan terma jamoalar va
davlatlar oʻzlarini alohida bir xususiyatlari bilan namoyish etishga urinadi.
Sababi dunyo boʻylab millionlab insonlar tomosha qiladigan bu turnir
mamlakatlarning imijini koʻtarish va dunyoga oʻz nomini tanitish uchun qulay
imkoniyat hamdir. Oʻzbekiston terma jamoasi bu yil “katta toʻy” deb
taʼriflaganimiz ushbu xalqaro tadbirga oʻziga xos toʻyona bilan borishi kerak.
Jamoamiz aʼzolari bunga jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda. Masalan, terma jamoamiz
yetakchisi Eldor Shomurodov mundialga Turkiya chempionatining toʻpurari
sifatida bormoqda. Hamyurtimiz yakunlangan mavsumda 22 ta gol va 5 ta assist
qayd etib, liganing 2025/2026-yilgi mavsumi toʻpurariga aylandi.
Dunyoning
top klublaridan biri “Manchester Siti”da toʻp suradigan hamyurtimiz esa jamoasi
bilan bu mavsum Angliya liga kubogi va Angliya kubogi sovrindori boʻldi. Futbol
mutaxassislari taʼbiri bilan aytganda, terma jamoamiz aʼzolari chempionatga
“yuqori forma”da yoʻl olmoqda.
Qalblardan chiqqani qalblarga
yetib boradi
Inson
eng hayajonli va hissiyotlarga toʻla lahzalarida, albatta, sheʼr oʻqiydi,
qoʻshiq kuylaydi yoki musiqa chaladi. Futbol oʻyini jarayoni ham xuddi shunday
hayajonli daqiqalardan. Jahon chempionatlarida mamlakatlar oʻz shiori bilan ham
oʻzligini namoyon etadi. Futbolchilar va muxlislar bu soʻzlar va ohanglar
ogʻushida birlashadi. Jahon chempionatlarida barchaning yodida qolgan shior,
qoʻshiq va kuyni bugun eshitsak ham darhol oʻsha paytlar xayolimizga keladi.
Masalan,
2018-yilda Rossiyada boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha jahon chempionatiga borgan
angliyalik muxlislar “Itʼs coming home, footballʼs coming home” soʻzlarini
qoʻshiq qilib kuyladi. Ular koʻchalar va stadionlarni toʻldirib, shu jumlalarni
takrorladi. Bunga Angliyaning futbol vatani sifatida eʼtirof etilishi sabab.
Oʻsha turnirda yana bir qoʻshiq koʻpchilikning qulogʻi ostida jaranglab qoldi.
Bu Peru muxlislari kuylagan “Contigo Perú” (“Sen bilan, Peru”) taronasi edi.
Peru jamoasi turnirni erta yakunlagan boʻlsa-da, chempionat soʻngiga qadar
perulik muxlislar bu taronani kuylashdan toʻxtamadi. Natijada u mazkur
chempionatning eng mashhur qoʻshigʻiga aylandi.
Birinchi
bor jahon chempionatida qatnashayotgan, gʻolib boʻlish ehtimoli juda kam va
atigi 360 mingdan ortiq aholiga ega davlat muxlislarining jahon chempionatida
butun dunyo eʼtiborini oʻziga qarata olgani kutilmagan hodisa boʻldi. Chunki
chempionatga kelganlar soni butun boshli davlat aholisidan ham koʻp edi.
Avvalo, futbolchilarning mahoratli oʻyini hamda muxlislarning oʻz
sportchilarini oʻziga xos tarzda qoʻllab-quvvatlashi dunyo eʼtiborini ushbu
terma jamoaga qaratishga majbur qildi. Islandiya muxlislari “Viking clap”
(vikinglar qarsagi) va “Hú!” hayqirigʻini oʻylab topdi. Yaʼni ritmik qarsaklar
va vahimali “Hú!” qichqirigʻi orqali dunyo OAV hamda millionlab insonlarning
eʼtiborini jalb qila oldi. Hatto bugun onlayn futbol oʻyinlarida Islandiya
terma jamoasini tanlab oʻynasangiz, virtual futbolchilar hamda muxlislar ham
aynan shu harakatlarni namoyish etadi.
Boshqa
yillardagi jahon chempionatlaridan ham mana shunday misollarni keltirish mumkin.
Masalan, 2010-yilgi jahon chempionati esga olinsa, darhol qulogʻingizda Janubiy
Afrikaning oʻziga xos cholgʻusi — vuvuzela sadosi yangraydi. Yoki boʻlmasa,
2022-yilgi futbol boʻyicha jahon chempionatidagi “Dima Maghrib” (“Doim
Marokash”) shiori va Argentinaning “Muchachos” qoʻshigʻi yodga tushadi. Aslida,
barcha terma jamoalar muxlislarining bu kabi shiorlari, qoʻshiqlari va kuylari
mavjud. Ammo yuqorida sanab oʻtilganlari xalq va millat tarixiga, qadriyatlari
ildiziga chuqurroq ulangani hamda oʻziga xos ijodkorlik mahsuli ekani bilan
ajralib turadi. Bu esa millat vakillari qalbidan chiqqan nidoning boshqa
insonlar qalbiga ham chuqur kirib borishiga asos boʻlib xizmat qiladi.
Yurtdoshlarimiz
— oʻzbek futbol muxlislari ham bu yilgi chempionatda oʻzining yuksak muxlislik
madaniyatini namoyish etishiga, sanʼat asari darajasidagi kuy-qoʻshiq va
shiorlar bilan butun dunyo eʼtiborini oʻzlariga qaratishiga umid qilamiz.
Bunda,
albatta, oʻzbek ijodkorlarining oʻrni beqiyos. Birinchi navbatda, badiiy soʻz
sanʼati ustalari hamda sohir ovoz sohibi boʻlgan sanʼatkorlarimiz Oʻzbekiston
terma jamoasiga bagʻishlangan sheʼru qoʻshiqlari bilan yurtdoshlarimizga
joʻrovoz boʻladi.
* * *
Sanoqli
kunlardan soʻng oʻzbek futbol muxlislarining koʻp yillik orzusi boʻlgan jahon
chempionati sari yoʻl olinadi. Bir soʻz bilan aytganda, sport sohasidagi
yangilanishlar samarasi oʻlaroq, oʻzbek futboli haqiqiy oltin davriga qadam
qoʻyadi.
Albatta,
oʻyinlardan tayyorlangan videolavhalar, tasvirlar va futbolchilarning
intervyulari bu kunlarning unutilib ketishiga yoʻl qoʻymaydi. Ammo
muxlislarning zavq-shavqi va quvonchi, shuningdek, ayni kunlar haqida
yaratilgan badiiy asarlar va kuy-qoʻshiqlargina mazkur lahzalardagi
hissiyotlarni kelajak avlodlar qalbiga butunligicha koʻchira oladi. Qolaversa,
bu tuygʻular boshqa millat vakillarining qalbida ham aks etishi shubhasiz.
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri