Termiz davlat pedagogika institutiga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan Termiz davlat pedagogika institutining tender savdosi natijalari bekor qilindi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Termiz Davlat Pedagogika instituti tomonidan 2024-yil 11-iyulda boshlangʻich qiymati 2 mlrd soʻmlik oʻtkazilgan tender savdosi yuzasidan murojaat kelib tushdi.

    Qoʻmita tomonidan murojaatga asosan olib borilgan oʻrganishda, Buyurtmachi (Termiz Davlat Pedagogika instituti) tomonidan institutining yangi qurilayotgan oʻquv binosiga mebellar xarid qilish uchun boshlangʻich qiymati 2 002 382 125 soʻmlik tanlov savdosi oʻtkazilgan. Mazkur tender savdosida, buyurtmachi tashkilot (xarid komissiyasi) tomonidan ishtirokchilar (“STEKLOPLASTIK” MCHJ, “GLOBAL TEX PROM SERVIS” MCHJ, “MUHAMMADALI SAVDO SANOAT SERVIS” MCHJ, “FAROVON-FAYZ” XK, “NEATEST” MCHJ va “OMAD XAMROX MEZON” MCHJ) taqdim etgan tanlov takliflarini baholash mezonlarini nisbiy qiymati ishlab chiqilmaganligi maʼlum boʻldi.

    Ishni koʻrib chiqish natijasida, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 29 moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan Buyurtmachiga (Termiz Davlat Pedagogika instituti) nisbatan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakuni boʻyicha Qoʻmita koʻrsatmasi bilan tender savdosi natijalari bekor qilindi.

    Raqobat qoʻmitasi davlat xaridlarini oʻtkazishda “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy ravishda monitoring ishlari olib bormoqda, — deyiladi xabarda.