Qaror bilan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi, shuningdek bu sohadagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish boʻyicha Idoralararo komissiya tarkibi tasdiqlandi.
Qarorga koʻra, Adliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Idoralararo komissiya huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Loyiha ofisi tashkil etiladi.
Loyiha ofisi komissiyaning ishchi organi vazifasini bajaradi hamda uning rahbari va boshqaruv xodimlari Komissiya raisi tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Loyiha ofisi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni isloh qilish boʻyicha ilgari tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek, bu boʻyicha kollegial organlar faoliyatini metodik taʼminlaydi.
Shu bilan birga, Loyiha ofisi tadbirkorlik faoliyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni bekor qilish, ularga tegishli oʻzgartirish kiritish yoki xalqaro norma va standartlarni implementatsiya qilish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Idoralararo komissiyada koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Idoralararo komissiya, 2022-yil 1-yanvarga qadar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish, shu jumladan, maqbullashtirish, xalqaro norma va standartlar bilan uygʻunlashtirish, zamonaviy talablar asosida muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.