Shu bois sanoatni transformatsiya qilish bugun Oʻzbekiston uchun ham ustuvor yoʻnalishdir. Xoʻsh, bu jarayon mamlakatimiz hududlarida qanday kechyapti?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI)dan maʼlum qilishlaricha, institut hududlar sanoatining texnologik transformatsiyasini baholash uchun RCA va HHI indekslaridan foydalangan holda tadqiqot oʻtkazdi. Mazkur indekslar hududlar sanoatining ixtisoslashuvi hamda difersifikatsiyalashuvini aniqlash imkonini beradi.

Tadqiqot natijalariga koʻra, joriy yilning I choragida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishda ijobiy oʻzgarish qayd etilgan. Bu yuqori texnologik mahsulotlar (kompyuterlar, elektron va optik jihozlar, tibbiy, farmatsevtik preparatlar, oʻlchash asboblari va apparatlari) ulushining 2,5 foizdan 2,7 foizgacha, oʻrta-yuqori texnologik mahsulotlar (elektr uskunalar va apparatlar, avtomobillar, kimyoviy mahsulotlar va boshqalar) ulushining esa 19,2 foizdan 22,5 foizgacha ortishi bilan bogʻliq.

Toshkent shahri, Jizzax, Xorazm, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi texnologik jihatdan nisbatan rivojlangan hududlar, deb baholandi.

2022-yil I choragi natijalariga koʻra, ishlab chiqarish sanoatining salmoqli qismini, aniqrogʻi 60 foizini oʻrta texnologiyali ishlab chiqarish tashkil etgan. Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida yuqori texnologiyali, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand viloyatlarida esa oʻrta-yuqori texnologiyali ishlab chiqarish rivojlangan.