Oʻzbekiston bugun elektr energiyasi masalasini “faqat elektr yetkazib berish” doirasidan ancha kengroq koʻra boshladi: energetika bu sanoatning ishlashi, aholining turmushi sifati, investitsiya muhiti barqarorligi va nihoyat davlatning iqtisodiy mustaqilligi demakdir. Shu sabab “yashil” energiya endi faqat ekologiya emas, balki energiya mustaqilligi va iqtisodiy barqarorlik bilan bevosita bogʻliq masalaga aylanganini amaliy saʼy-harakatlar ham tasdiqlamoqda.

Shu oʻrinda “Yashil energiya oʻzini oqlayaptimi?” degan savolga javobni uch yoʻnalishda izlaymiz: kecha — muammo va zarurat; bugun — natija va real koʻrsatkich;

ertaga — ESS (energiya saqlash tizimlari), energiya samaradorligi va “zero-carbon” yondashuvi asosidagi yangi bosqich.

Energetikadagi bugungi oʻzgarishlar birdan paydo boʻlgani yoʻq. Ular real hayotdagi oddiy holatdan boshlandi: iqtisodiyot oʻsdi, aholi koʻpaydi, ishlab chiqarish koʻlami kengaydi. Demak, energiyaga talab oshdi. Bunday vaziyatda tizimning eng katta vazifasi — elektr energiyasini ishonchli, uzluksiz va barqaror yetkazib berish. Ammo talab oshib borar ekan, faqat anʼanaviy yoʻldan yurish har doim ham yetarli boʻlmaydi. Kechagi davrning asosiy sabogʻi shu boʻldiki, talab va taʼminot muvozanatini saqlash uchun energiya manbalarini diversifikatsiya qilish, yoʻqotishlarni kamaytirish, tejamkorlikni kuchaytirish va eng muhimi, tizimni zamonaviy boshqaruvga oʻtkazish zarur edi.

Shu nuqtada “yashil” energiyaning mohiyati Oʻzbekiston sharoitida faqat ekologik foyda emas, balki resurs tejamkorlik, energiya ­xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlik masalasi ekani yaqqol koʻrindi.

Oʻzgarishlar surʼati oshgan davr sifatida 2023-yil alohida ajralib turadi. Chunki “yashil” energetika siyosati tajriba va loyiha bosqichidan davlat miqyosida jadallashtirish bosqichiga oʻtdi. Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Bu burilishning kuchli jihati — yondashuvning faqat yirik stansiyadan “yirik + tarqatilgan (uy, korxona, ijtimoiy obyekt)” modeliga kengaygani boʻldi. Xonadonlar va obyektlarda kichik quvvatlarni yoyish, 100 kilovattgacha qurilmalar uchun preferensiyalar bozorni ommalashtirdi va qonuniy oqimga olib kirdi.

Natijada talabni ragʻbatlantirish, loyi­halarni ishga tushirish, bozorni tartibga solish va energiya tejamkorligini davlat siyosati darajasiga koʻtarish asosida 2023-yil “gʻoya yili” emas, balki mexanizm yili boʻldi.

Rejadan ishlab chiqarishga

Oʻtgan yili 5-dekabr kuni yangi energetika quvvatlari va infratuzilma obyektlarini ishga tushirish marosimida soʻnggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilgani, 9000 megavattli yangi quvvatlar ishga tushirilgani taʼkidlandi. Shuningdek, elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-­soatdan 2025-yilda 85 milliard kilovatt-soat atrofida koʻtarilgani qayd etildi.

Qisqasi, tizimda “quvvat yetmay qolishi” xavfini kamaytiradigan yangi manbalar koʻpaydi, energiya ishlab chiqarish hajmi oʻsdi, infratuzilmaga investitsiya kiritish kuchaydi.

Oʻtgan yil yakuniga doir sohaviy hisobotlarda 2025-yilda 42 ta yangi generatsiya loyihasi ishga tushirilgani (jami 4647 megavattli), elektr ishlab chiqarish hajmi 86,7 milliard kilovatt-soatga yetgani, shundan 16,8 mil­liard kilovatt-soati qayta tiklanuvchi manbalar hissasiga toʻgʻri kelgani qayd etilgan. Quyosh va shamoldan elektr energiyasi olish hajmi 10,5 milliard kilovatt-soatga yetgan.

Bu nimani anglatadi? Yashil energiya faqat reja boʻlib qolmayapti, aksincha, milliy statis­tikada koʻrinadigan real ishlab chiqarishga aylanmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya hisobidan 3,2 milliard kub metr gaz tejalgani va 4,7 million tonna zararli tashlanmalar oldi olingani fikrimiz tasdigʻidir.

Bu yerda eng muhim xulosa shuki, yashil energiya ekologiya bilan birga iqtisodiy bosimni ham yumshatadi. Gaz resursi tejaladi. Demak, u boshqa energiya ehtiyojlariga yoʻnaltirilishi mumkin.

Bugungi bosqichda stansiya va generatsiya koʻpaydi. Barchasi shu bilan tugadi deyish mumkin emas. Aslida, transformatsiya faqat generatsiya bilan yakunlanmaydi. Tarmoq, dispetcherlik, hisob, yoʻqotishlarni kamaytirish kabi yoʻnalish­lar parallel mustahkamlanishi zarur.

Bu oʻrinda “tarqatilgan generatsiya” (uy, korxona, ijtimoiy obyektlar) yirik stansiyalarini toʻldiradigan ikkinchi qanot ekanini alohida taʼkidlash kerak. Tarqatilgan generatsiya tarmoqdagi yuklamani yengillatishi, jo­yida isteʼmolni qoplashi, ayrim hududlarda kuchlanish oʻynashi, energiya yoʻqotilishi ­muammolarini kamaytirishi mumkin. Biroq u ham tartib-qoida, texnik madaniyat, hisob va monitoringni talab qiladi.

Shuning uchun hisob va tasdiq masalasi ke­yingi bosqichda juda muhim: 2023-yilda yashil energiya sertifikati tizimi yoʻlga qoʻyilgani, 2025-yilda nizomga oʻzgartirishlar kiritil­gani bozorning shaffoflikka oʻtayotganini koʻrsatadi.

Kelajakning asosiy gʻoyasi bitta: energiya ishlab chiqarishning oʻzi yetarli emas, energiyani boshqarish davri kelmoqda. Bu gap oddiy tuyu­ladi, lekin uning ichida uchta katta yoʻnalish bor — ESS, energiyani tejash va ­zero-carbon yondashuvi.

ESS — “notekis”ni tekislaydi

Energiya saqlash tizimlari — ESS (Energy Storage System) koʻpchilikka “katta akkumulyator” boʻlib koʻrinadi. Aslida, vazifasi bundan kengroq: u elektr tizimidagi uchta eng dolzarb muammoni yumshatadi: uzilishlarda zaxira boʻlishi, tigʻiz soatlardagi yuklamani pasaytirish va quyosh-shamol kabi oʻzgaruvchan manbalarni tarmoqqa barqaror ulash.

Buni oddiy qilib tushuntirish mumkin: quyosh elektr stansiyasi kunduzi koʻproq energiya ishlab beradi, lekin kechqurun odamlar uyga qaytib, isteʼmol ortadigan paytda talab kuchayadi. Shamolda ham shunday: u bir maromda esmaydi. ESS esa aynan shu “notekislik”ni tekislaydi: ortiqcha energiyani yigʻib, talab oshgan vaqtda tarmoqqa yoki isteʼmolchiga qaytarib beradi.

ESS qayerda eng koʻp samara beradi?

Birinchidan, yirik ESS tizimlari yuklamani kamaytiradi, tarmoq barqarorligini oshiradi va dispetcherlik boshqaruvini yengillashtiradi.

Ikkinchidan, uzilishlar ishlab chiqarishni toʻxtatib qoʻymasligi, kuchlanish tebranishlari kamayishi, ayniqsa, tigʻiz vaqtlarda energiya xarajati qisqarishi mumkin.

Uchinchidan, uzoq uzilishlarda minimal hayotiy ehtiyojlar — yoritish, internet, muzlatkich, suv nasosi ishlashi kabi yuklamalarni ushlab turadi.

ESS hamma joyga bir xil qoʻyiladigan qurilma emas. Uning oʻzini oqlashi odatda uzilish­lar nechogʻliq tez-tez boʻlishi va keltiradigan iqtisodiy zarar, tigʻiz paytlarda yuklama va energiya narxi bosimi, tizimda quyosh/shamol ulushi qanchalik yuqori ekani kabi omillarga bogʻliq.

Shuning uchun ertangi bosqichda asosiy vazifa koʻp oʻrnatish emas, balki ESSni toʻgʻri joyda, toʻgʻri quvvatda va toʻgʻri boshqaruv bilan joriy etishdir. Bu yondashuv ESSni shunchaki texnika emas, balki yashil energiyaning barqaror ishlashini taʼminlaydigan tizimli yechimga aylantiradi.

Ertangi kunning ikkinchi tayanchi — energiya samaradorligi. Bu gʻoya juda oddiy: elektrni faqat koʻpaytirish bilan muammoni yengib boʻlmaydi. Avval uni behuda sarflashni kamaytirish kerak. Shuning uchun ham energetikada koʻp ishlatiladigan ibora bor: “eng arzon megavatt — tejalgan megavatt”. Yaʼni ishlab chiqarilmagan, tarmoqdan olinmagan, lekin tejalgan energiya eng arzon va eng tez natija beradigan quvvatdir.

Soʻnggi yillarda energiya tejamkorligiga eʼtibor kuchayayotgani bejiz emas. Chunki energiya samaradorligi bir vaqtning oʻzida tarmoqdagi yuklamani kamaytirish, korxona va xonadon xarajatini qisqartirish, yangi quvvatlarga bosimni yumshatish kabi masalalarga yechim boʻladi.

Shu maʼnoda, 2025-2027-yillarda energiya sarfi yuqori boʻlgan subyektlar kesimida tejamkorlik choralarini jadallashtirish rejalari eʼlon qilingani ham “yashil iqtisodiyot” faqat stansiya va megavattlar emas, balki tejamkorlik madaniyati ekanini anglatadi.

Energiya samaradorligi koʻpincha katta qurilish yoki katta xarajat talab qilmaydi. Masalan, koʻp joyda energiya “qozonda emas”, devor va tomda yoʻqoladi. Issiqlik izolyatsiyasi, deraza-eshiklarning zichligi, tom qismi — bular toʻgʻrilansa, qishda isitish, yozda sovitish uchun ketadigan energiya sezilarli kamayadi.

Eski dvigatel, nasos, kompressor yoki yoritish tizimi koʻpincha keragidan ortiq elektr “yeydi”. Bu yerda yechim oddiy: energiya tejamkor motorlar, toʻgʻri tanlangan nasos-kompressor, LED yoritish, avtomatik boshqaruv kabi yangilanishlar “tez qaytadigan” investitsiya boʻlishi mumkin.

Baʼzan texnikani almashtirmasa ham natija chiqadi: monitoring (hisob va tahlil), ish rejimini toʻgʻri sozlash, ortiqcha ishlayotgan uskunani oʻchirib qoʻyish, yuklamani tigʻiz soat­lardan boshqa vaqtlarga koʻchirish — bular energiyani sezilarli tejaydi. Eng muhimi, bu yoʻnalish odatda eng arzon, lekin eng tez taʼsir qiladigan choradir.

Energiya samaradorligi mayda tejamkorlik emas, balki katta tizimning poydevori. Agar bir mamlakat energiyani oqilona ishlatishni oʻrgansa, u nafaqat elektr yetishmovchiligi xavfini kamaytiradi, balki sanoat uchun barqaror sharoit yaratadi, aholi xarajatini qisqartiradi va yashil energiya samaradorligini ham oshiradi. Shuning uchun ertangi kunning eng toʻgʻri yoʻli — avval tejamkorlik, keyin quvvat.

Uchinchi tayanch: “Zero-carbon uy”. Bu ibora baʼzan odamlarga qimmat trenddek tuyuladi. Aslida, bu dabdaba emas, energiya tejamkorlik va mustaqillikni bosqichma-bosqich oshirish gʻoyasidir. Uni “issiqlik izolyatsiyasi + issiqlik nasosi + quyosh elektr tizimi + ESS + monitoring” kabi oddiy formulaga jamlash mumkin.

Muhim jihati shundaki, “zero-carbon” degani bir kunda hammasini sotib olish degani emas. Bu — uy xoʻjaligi uchun ham, iqtisod uchun ham eng toʻgʻri yondashuv: avval ortiqcha energiya yoʻqotishni kamaytirish, keyin samarali isitish, soʻng oʻz energiyasini ishlab chiqarish va boshqarish — uchta qadamdan iborat.

Eng birinchi va eng arzon qadam — issiqlik yoʻqotiladigan joylarni yopish. Tom, devor, pol izolyatsiyasi, deraza-eshiklarning zichligi, yoriqlarni bartaraf etish — bular qishda isitishga, yozda sovitishga ketadigan energiyani sezilarli kamaytiradi.

Keyingi qadam — isitish tizimini energiya tejamkor qilish. Bu yerda issiqlik nasos­lari alohida oʻrin tutadi: toʻgʻri tanlangan va toʻgʻri oʻrnatilgan issiqlik nasosi bir xil issiqlikni kamroq energiya bilan taʼminlashi mumkin. Qishda yuklama oshadigan sharoitda bu nafaqat xonadon xarajati, balki tarmoqdagi tigʻiz payt bosimini ham yumshatadi. Tizimni optimallashtirish (sozlash, avtomatik rejim) ham shu bosqichga kiradi.

Uchinchi bosqichda uy faqat isteʼmolchi emas, qisman ishlab chiqaruvchiga aylanadi. Quyosh elektr tizimi kunduzi energiya beradi, ESS esa kechqurungi ehtiyojni qoʻshimcha taʼminlaydi va uzilishlarda zaxira boʻlib turadi. Monitoring esa energiya sarfini ongli boshqarishda juda muhim.

Shunday qilib, “zero-carbon uy” tejamkorlikdan boshlanadi, samarali isitishga oʻtadi, soʻng oʻz energiyasini ishlab chiqarish va saqlash bilan yakunlanadi. Eng muhimi, bu yondashuv qimmat texnologiyadan koʻra koʻproq toʻgʻri ­ketma-ketlik va texnik madaniyat masalasidir.

Kelajakni chuqur tahlil qilishda bitta nozik nuqta bor — texnologiya tez kirib kelsayu, sifat va xavfsizlik ortda qolsa, yangilikning ohoriga ham putur yetishi mumkin. Yashil energiya tizimlari “oʻrnatib qoʻyiladigan” oddiy buyum emas. Buning uchun loyiha, toʻgʻri oʻrnatish va monitoring talab qilinadi. Shu sabab “tizim” deganda faqat stansiya emas, butun ekotizim tushuniladi.

Bu yerda tarmoq va tizim mustahkamligi uchun yoʻqotishlarni kamaytirish, dispetcherlik, hisob va nazorat parallel kuchayishi shart.

Yangi energetik tafakkur

Transformatsiya texnologiya bilan boshlanadi, ammo kadrlar bilan barqarorlashadi. Oliy va professional taʼlimda qayta tiklanuvchi energiya boʻyicha kadrlar tayyorlashga eʼtibor kuchaygani, taʼlim — ishlab chiqarish integ­ratsiyasini mustahkamlash boʻyicha huquqiy asos­lar yangilangani bu yoʻnalishda sifatli oʻsishga xizmat qiladi.

Amaliyot shuni koʻrsatadiki, eng koʻp natija beradigan omillar — toʻgʻri loyihalash, montaj madaniyati, himoya va yerga ulash, servis, monitoring, real isteʼmol profiliga tayangan hisob-kitobdir. Ertangi kun faqat yashil energiya uskunalari emas, balki shu sohadagi malakali mutaxassislar bilandir.

Shu oʻrinda “yashil energiya” boʻyicha startap­lar va amaliy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamda moliyalashtirishga urgʻu berilayotgani bejiz emas. Energetikaga investitsiya oqimi jalb etilayotgani, yirik loyihalar yoʻlga qoʻyi­layotgani, ESS tizimlarining paydo boʻlishi va tarmoq infratuzilmasi bilan bogʻliq ishlar Oʻzbekistonning mintaqadagi rolini kuchaytirishi, ichki barqarorlikni mustahkamlashi va mintaqaviy raqobatbardoshlikni oshirishi mumkin.

Bu jarayon sanoatning barqaror ishlashi uchun energiya cheklovini kamaytiradi. Energiya barqarorligi va tizimning prognoz qilinishi tashqi investitsiya oqimini oshiradi. Yashil energetika, ESS va energiya samaradorligi aynan shu prognoz qilinadigan barqarorlikni kuchaytiradi.

Bugun Oʻzbekiston yashil energetikada toʻgʻri yoʻlni tanlaganini 2023-yildan boshlangan saʼy-harakatlar, 2025-yilgi davlat dasturi, yirik investitsiyalar, ishga tushirilgan quvvatlar va qayta tiklanuvchi energiyaning real statistikaga kirib kelgani tasdiqlaydi.

Lekin ertangi bosqichning muvaffaqiyati uch omilga bogʻliq boʻlib qoladi: sifat va xavfsizlik (standart, himoya, servis), kadrlar (taʼlim — amaliyot integratsiyasi), boshqaruv (monitoring, energiya samaradorligi, ESS). Shu shartlar uygʻun ishlasa, “yashil energiya oʻzini oqlayaptimi?” degan savolga oddiy va professional javob bunday boʻladi: ha, oqlayapti. Chunki u alohida qurilma emas. Bu yangi energetik tafakkur: tejamkorlik, texnik madaniyat, shaffof hisob, aqlli boshqaruv va malakaga tayangan yondashuvdir.

Oʻzbekiston “yashil energiya” orqali faqat elektr ishlab chiqarishni emas, balki kelajak avlodlar uchun barqaror iqtisodiyot, energiya mustaqilligi va zamonaviy taraqqiyot poydevorini yaratmoqda.

Zoir KENJAYEV,

fizika-matematika fanlari

boʻyicha falsafa doktori, dotsent