Taʼkidlash joiz, Ispaniyada boʻlib oʻtgan Patentes Talgo kompaniyasi rahbari Karlos Palasio Oriol, Oʻzbekiston elchisi Jahongir Gʻaniyev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston uchun yana toʻrtta Afrosiyob elektropoyezdi ishlab chiqarishga tayyorligini maʼlum qildi xolos.
Shuningdek, buyurtmani moliyalashtirish uchun Ispaniya hukumati huzuridagi Ispaniya kompaniyalarini xalqarolashtirish jamgʻarmasi (FIEM)dan uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni jalb qilish mumkinligini taklif etdi.
Sir emaski, hozirgi kunda yurtmizda oltita yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Jamiyat tomonidan yaqin yillar ichida zamonaviy, yuqori tezlikda harakatlanuvchi tezyurar poyezdlar sonini yana 4 taga koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Eʼtiborli tomoni shundaki, endilikda xarid qilinadigan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarni faqatgina “Talgo” kompaniyasidan emas, balki, yoʻlovchilarning takliflarini oʻrgangan holda, dunyodagi eng koʻzga koʻringan zamonaviy elektropoyezdlar ishlab chiqaradigan kompaniyalardan xarid qilish koʻzda tutilgan.
Bugungi kunda, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining mutasaddi mutaxassislar tomonidan mazkur yoʻnalishdagi dunyoning yetakchi kompaniyalarining takliflari oʻrganilmoqda. Bunda, mamlakatimizning oʻziga xos qish va yoz mavsumdagi iqlim sharoitlari inobatga olinmoqda, yoʻlovchilarni tashish sharoit va qulayliklari, yoʻlovchilar sigʻimi va boshqa jihatlar oʻrganilmoqda.
Shuningdek, eslatib oʻtamiz, mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, temir yoʻl transportida yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablari darajasida yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati 34 ta zamonaviy elektropoyezdlar sotib olish boʻyicha xalqaro tender eʼlon qildi.
Harakat tarkibini yangilash, zamonaviy elektropoyezdlarni xarid qilish boʻyicha hozirda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siyemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian kabi dunyoning eng ilgʻor kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.