Soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston ham raqobatbardosh narxlari, zamon talabiga mos klinikalari, tibbiy muolajalar sifati, yuqori malakali mutaxassislari bilan sayyohlar uchun jozibador manzilga aylanmoqda.
Turizm qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda Oʻzbekistonga davolanish maqsadida 110 mingga yaqin xorijlik sayyoh kelgan va tibbiy turizm eksporti 174 million AQSH dollarini tashkil etgan. Bu koʻrsatkich 2023-yildagidan 40 foiz ortgan.
Bugungi kunda tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida kelayotgan xorijliklarning 80 foizi qoʻshni davlatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Xususan, Termizdagi Ayritom chegara postiga tutash hududda tashkil etilgan zamonaviy tibbiyot majmuasida Afgʻoniston va Tojikiston fuqarolari davolanmoqda. Sayyohlarning asosiy qismi ogʻir turdagi jarrohlik amaliyotlari, kardiologiya, urologiya, qandli diabet va boshqa turdagi kasalliklardan davolanish maqsadida yurtimizga kelmoqda.
Sayyohlarni qabul qiladigan respublika tibbiyot markazlari, xususiy tibbiyot muassasalari, ilmiy tekshirish institutlari klinikalari tomonidan turli tibbiy muolajalar taklif etilyapti. Xizmatlar doirasi keng: stomatologiya, plastik jarrohlik, kardiologiya, ortopediya, reabilitatsiya, toʻliq tibbiy tekshiruvlar, laboratoriya tahlillari va vizual diagnostika...
— Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 2024-yilda xorijning 2824 fuqarosi shifo istab kelgan boʻlsa, joriy yilning besh oyida 1196 xorijlik bemor markazga murojaat qildi, — deydi markaz direktori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Fayzulla Umarov. — Bundan-da yuqori koʻrsatkichlarni qamrab olishga salohiyatimiz yetadi. Ayni paytda tibbiy turizmni rivojlantirishga bagʻishlangan xalqaro va respublika koʻrgazmalarida faol ishtirok etib, yuqori texnologik operatsiyalar, boʻlimlarni jihozlash hamda diagnostika, reabilitatsiya imkoniyatlarini namoyish etyapmiz.
Bemorlarning aksariyati Markaziy Osiyo davlatlaridan keladi, bu esa bizda travmatologiya va ortopediya xizmati yuqori darajada ekanini koʻrsatadi.
— Qozogʻistonning Chimkent shahridan keldim, — deydi Dilnoza Roʻzmetova. — Ikki yil oldin oyogʻimdan jarohat olgandim. Oʻshanda gips qildirmaganman. Shu-shu ogʻrib yurdi. Ushbu tibbiyot markazi haqida eshitgandim. Murojaat qilganimda ploskostopiya va boʻgʻin yopishishi tashxisini qoʻyishdi. Yuqori malakali shifokorlarning toʻgʻri va aniq tashxisi, maslahati, yaratilgan shart-sharoitlarni koʻrib, shu yerda operatsiya qildirishni maʼqul topdim. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtdi, hozir ahvolim yaxshi.
Bunday misollarni yana keltirish mumkin. Sayohat qiziqarli sarguzashtlarni oʻz ichiga olsa-da, ayrim hollarda salomatlik bilan bogʻliq muammolarga duch kelishni ham istisno qilib boʻlmaydi. Zarur tibbiy yordam tez va sifatli koʻrsatilishi sayyohlarning mamlakatga ishonchini oshiradi. Markazda ana shu jihatlarga eʼtibor qaratilgan.
— Bu yoʻnalishda koʻrsatilgan malakali xizmat nafaqat salomatlikni yaxshilaydi, balki mamlakatning turistik nufuzini ham yuqori darajaga olib chiqadi, — deydi Fayzulla Umarov.
“Avitsenna” targʻibot brendi
Koronavirus pandemiyasi insonlar sogʻligʻida izini qoldirganini inkor eta olmaymiz. Qolaversa, ekologik va boshqa sabablar tufayli yuzaga kelayotgan yangi kasalliklar tibbiy xizmatlarga ehtiyojni oshirmoqda. Bu esa xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, sohaga eng ilgʻor tajribalarni tatbiq etish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida “Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi” (“Medical service hospitality”) dasturini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Qarorga koʻra, “Avitsenna” nomi ostida Oʻzbekistonning tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmi brendi ishlab chiqilib, xorijiy mamlakatlarda targʻibot kompaniyalari yoʻlga qoʻyilayotir. Bu brend doirasida sanatoriy va klinikalar faoliyati monitoring qilinmoqda.
Ayni paytda toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylarga “besh yulduzli” toifasi berilyapti. Misol uchun, Toshkent viloyatida joylashgan “Tashthermal”, “Toshmineralsuv” sanatoriylari shular jumlasidan.
Xalqaro hamkorlik muhim
Xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish, tibbiyot turizmi boʻyicha umumiy dastur va strategiyalarni birgalikda ishlab chiqish tashkilotlar oʻrtasida mustahkam integratsiya va muloqotni talab qiladi. Davlat, xususiy sektor, xalqaro hamkorlar, ilmiy jamoalar birlashib ishlasa, tibbiyot turizmi sektori rivojlanib, katta iqtisodiy va ijtimoiy foyda keltiradi. Ana shu maqsadda 2024-yil dekabr oyida mazkur yoʻnalishda faoliyat yurituvchi 16 ta tadbirkorlik subyekti ishtirokida Belarusning yirik tibbiyot va sanator-kurort obyektlariga infotur tashkil etildi.
2025-yil fevral oyida Slovakiya bilan hamkorlik ishlari boshlandi. Slovakiyaning “Boynitse”, “Nimnitsa”, “Shtos” kabi kurort zonalari hamda “Slovenskiy ray”, “Piyenap”, “Polonini” kabi milliy bogʻlarida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish yoʻnalishida tajriba almashilmoqda. Shu maqsadda ikki davlat turistik tashkilotlari hamkorlikda ishlab, yurtimizga sayyohlar faol jalb qilinishi rejalashtirilgan.
— Sayyohlar yurtimizdagi mavjud tibbiyot va sogʻlomlashtirish muassasalari haqida tezkor maʼlumotga ega boʻlishi uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda oʻzbek, rus va ingliz tillarida tibbiyot hamda sogʻlomlashtirish muassasalari yagona reestri shakllantirildi. Shu reestrga kiritilgan tibbiyot maskanlari xizmatlari sayyohlar fikrlari asosida baholab borilmoqda.
Tibbiyot muassasalari, sanatoriy, pansionatlar va tibbiy turizm yoʻnalishida xizmat koʻrsatuvchi turoperatorlar xizmatlari sifatini baholab beruvchi elektron platforma ishlab chiqildi va sinov tariqasida ishga tushirildi.
Oʻzga yurtga yoʻl olayotgan sayyoh, avvalo, internetdan oʻsha mamlakat haqida maʼlumot izlaydi. Xorijiy auditoriyaning mamlakat taqdim etayotgan imkoniyatlardan xabardorlik darajasini oshirish juda muhim.
— Shu yil Madrid, Lion, Nyu-York, Dehli, Budapesht, Berlin, Moskva, Minsk, Dubay, Guanchjou shaharlarida oʻtkazilgan xalqaro turizm koʻrgazma va yarmarkalarida mamlakatimizning turizm salohiyati, jumladan, tibbiy turizm imkoniyatlari targʻib qilindi, — deydi Turizm qoʻmitasi masʼul xodimi Doston Moʻminjonov. — Rossiyaning “Pervыy kanal” telekanalida Buxoroda tibbiy turizm sohasidagi ishlar koʻrsatib berildi. Buyuk Britaniyaning “London post” yangiliklar portalida esa Surxondaryo viloyatining Sangardak sharsharasi va Omonxona qishlogʻiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.
Qilinishi zarur boʻlgan ishlar koʻp
Tibbiyot turizmi rivoji boshqa sohalar taraqqiyotiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni davolanish uchun kelgan sayyoh mamlakatda muayyan vaqt qoladi, bu esa mehmonxona xizmatlari, restoranlarga talabni ragʻbatlantiradi. Sayyohlar davolanish bilan birga qiziqarli ekskursiya dasturlaridan bahramand boʻlishi, Oʻzbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi bilan tanishishi shubhasiz.
Xususiy sektor yoʻnalishni faollashtirishda muhim oʻrin tutyapti. Tibbiy turizm infratuzilmasi kengaymoqda.
— Ammo oldinda qilinishi kerak boʻlgan ishlar ham koʻp, — deydi Doston Moʻminjonov. — Mamlakatda xorijlik bemorlarni qabul qilish bilan bogʻliq xizmatlar sifatini oshirish, jumladan, koʻp tilli xizmatlarni joriy etish, transport infratuzilmasini yaxshilash va sayyohlar uchun qoʻshimcha imtiyozlar yaratish zarur.
Oʻzbekistonda tibbiy turizm istiqbolli va jadal rivojlanayotgan soha, u nafaqat mamlakat iqtisodiy oʻsishiga hissa qoʻshadi, balki xalqaro maydondagi imijini ijobiy shakllantiradi.
Davolanishni madaniy tanishuv bilan birlashtirgan kompleks takliflar xorijlik bemorlar uchun jozibadorlik kasb etishi shubhasiz. Mamlakatimizda buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Dunyoda jadal rivojlanayotgan ushbu sohada kuchli pozitsiyani egallash nafaqat iqtisodiy oʻsishga, balki aholiga tibbiy yordam koʻrsatish darajasini sezilarli darajada yaxshilashga ham xizmat qiladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri






