Kardiologiya sohasida yetakchilik tibbiyot turizmini rivojlantirishga yoʻl ochadi

    Aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holati yil sayin koʻpayib borayotgani tibbiyot xodimlari oldiga jiddiy vazifalarni qoʻymoqda.

    Soha mutaxassislarini tinimsiz izlanish, innovatsion va yuqori texnologik muolaja usullarini amaliyotga keng tatbiq etishga undayapti. Prezidentimizning oʻtgan yil 26-yanvardagi “Yurak-­qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, aholi salomatligini mustahkamlashga doir muhim chora­tadbirlar belgilangani fikrimizni tasdiqlaydi.

    Bu borada filialimiz jamoasi ham bor kuch va imkoniyatidan foydalanib, muayyan natijalarga erishmoqda. Muassasamizdagi poliklinikada 170 kishining statsionar va bir kunda 100 kishining qatnab davolanishi uchun sharoit mavjud. Kardioxirurgiya, rentgen endovaskulyar xirurgiya, yurak aritmiyasi, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalliklari, kardiotserebral patologiya va reabilitatsiya, anesteziologiya va reanimatsiya, funksional diagnostika, sterilizatsiya boʻlimlari faoliyat koʻrsatyapti.

    Jarrohlik amaliyoti zallari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Moddiy-­texnik bazamiz yil sayin mustahkamlanmoqda. Hozir elektrokardiograf, veloergometr, ultratovush apparati, exokardiograf, kardiovizor, xolter EKG, MSKT, FGDES, angiograf va boshqa zamonaviy tibbiy apparatlar bemorlarga aniq tashxis qoʻyish va samarali davolash imkonini bermoqda.

    Xalqimizda kasallikni davolagandan koʻra oldini olgan afzal, degan naql bor. Bu, ayniqsa, yurak­-qon tomir kasalliklari uchun alohida ahamiyatli. Shu bois, kasalliklarni erta aniqlash maqsadida oʻtgan yili viloyatdagi 907 ming 998 nafar 40 yoshdan oshgan aholining 849 ming 900 nafari manzilli skrining tekshiruvidan oʻtkazildi. Buning natijasida 30 ming 829 nafar fuqaroda yurak­-qon tomir kasalliklari aniqlandi va ularni sogʻlomlashtirish choralari koʻrildi.

    Shuningdek, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida 14 ta “Salomatlik maktabi” tashkil etildi. Ularda yurak­-qon tomir kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar uchun “Kardioreabilitologiya” oʻquv kurslari tashkil etilib, reabilitatsiya qilish boʻyicha har bir bemor bilan individual mashgʻulot hamda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

    Tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy shifokorlik punktlari va oila poliklinikalarida 177 ta shifokoroldi koʻrigi xonasi tashkil etilib, barcha kerakli jihozlar va yurak­qon tomir kasalliklari profilaktikasi boʻyicha 35 turdagi tarqatma materiallar bilan taʼminlandi. Viloyatdagi 14 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada ham kardiologlar xonasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular jami 1 milliard 414 million soʻmlik mablagʻ evaziga xolter EKG, defibrillyator bilan jihozlandi.

    Ayni paytda ushbu apparatlar yordamida qoʻshimcha 15 turdagi diagnostika va davolash ishlari oʻtkazilmoqda. Laboratoriya boʻlimlari uchun esa 256 million 200 ming soʻmlik tekshiruv apparatlari xarid qilindi. Ayni paytda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasasi sharoitida antropometriya (odam organizmi aʼzolari oʻlchamlari, rangi kabi belgilari oʻzgarib turishini tavsiflash), qon bosimini oʻlchash, EKG, umumiy xolesterin miqdorini aniqlash kabi tekshiruvlar amalga oshiriladi.

    Aholining tana vazni indeksini aniqlash maqsadida “mobil ilova” ishlab chiqildi va amaliyotda keng qoʻllanyapti. Albatta, tibbiyotda bilim, tajriba va malaka juda muhim. Ammo yashirishning hojati yoʻq — chekka hududlarda malakali kardiologlar yetishmaydi. Shu bois, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 42 nafar oilaviy shifokori roʻyxati shakllantirildi.

    Shu kungacha ularning 13 nafari Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy­amaliy tibbiyot markazida “EKG Xolter boʻyicha monitorlash asoslari”, “Boʻyin sohasi magistral tomirlari doppler tekshiruvi asoslari” hamda “Exokardiografiya asoslari” boʻyicha oʻqitildi. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 18 nafar malakali hamshirasi esa milliy qadriyatlarimiz va geografik iqlim sharoitidan kelib chiqib, milliy kardiologik reabilitatsiya tavsiyalari boʻyicha oʻqitildi hamda trener sifatida tayyorlandi.

    Ular har hafta tumanlardagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va oila poliklinikalari hamshiralarini oʻqitmoqda. Sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishda, tabiiyki, mutaxassislar bilimi, malakasi va tajribasi katta ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, muassasamizda 1 nafar tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori, 4 nafar tibbiyot fanlari nomzodining ishlayotgani, oʻnlab shifokorlarning xorijda taʼlim olib, malaka oshirgani va ular safi tobora kengayayotgani jamoa salohiyatini koʻrsatadi.

    Filialimiz shifokorlari xalqaro tibbiy bilim va andazalarni puxta oʻzlashtirishga harakat qilyapti. Jumladan, oʻtgan yili toʻrt nafar xodimimiz mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan Belarus Respublikasining Kardioxirurgiya markazida yurakda oʻtkaziladigan yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotini oʻrganib keldi va hozir bunday operatsiyalarni oʻzlari amalga oshiryapti. Shuningdek, yana toʻqqiz nafar mutaxassisimiz Fransiya, Turkiya, Rossiya va Qozogʻistonda tajriba almashib qaytdi.

    Oʻn nafar kardiologimiz Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy­-amaliy tibbiyot markazida, toʻrt nafari esa V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy­amaliy tibbiyot markazida malaka oshirdi. Joriy yilda ham kardiolog, kardioxirurg va intervension kardiolog kabi mutaxassislarimiz Belarus, Moldova, Turkiya, Rossiyadagi nufuzli klinikalarda tajriba almashadi.

    Filialda chet el, xususan, Rossiya, Qozogʻiston, Polsha, Gruziya, Armanistondagi klinikalar bilan mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Natijada amaliyotlar turi 21 tadan 86 taga yetdi. 2020-yilda 4 nafar chet ellik bemorda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti bajarilgan boʻlsa, 2022-yilga kelib bu koʻrsatkich 65 taga yetdi. Yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotiga muhtoj 2685 bemor davolandi. 2300 xastada kaminvaziv operatsiya oʻtkazildi. Yana 385 nafar bemorda esa ochiq turdagi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti bajarildi.

    Oʻtgan yili miokard infarkti bilan murojaat qilgan 72 nafar bemorga Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali bepul stent qoʻyilib, yuqori texnologiyali operatsiyalar oʻtkazildi. Jamgʻarma bilan 2022-yil uchun 1,2 milliard soʻmlik shartnoma imzolanib, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan 93 nafar bemorda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti bajarildi.

    Bugunga kelib kardiologiya va kardioxirurgiya, intervension kardiologiya sohasini takomillashtirish uchun xorijiy davlatlarning qator tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Rossiya Federatsiyasidagi Ye.Meshalkin nomidagi Kardiologiya va kardioxirurgiya markazi, A.Bakulev nomidagi Kardioxirurgiya ilmiy-­amaliy markazi, Qozogʻiston Respublikasi Milliy kardiologiya markazi bilan hamkorlik yuqori samara bermoqda.

    Birgalikda oʻtkazilgan murakkab va yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari natijasida koʻplab bemorlarimiz darddan forigʻ boʻlmoqda. Muassasamiz Namangan viloyatining mamlakatimizda kardiologiya sohasida yetakchi oʻringa chiqishida alohida oʻrin tutadi. Joriy yilda oldimizga yanada muhim vazifalar qoʻyganmiz. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-­amaliy tibbiyot markazining Namangan filialini modernizatsiya qilish loyi hasini bajarish maqsadida Avstriyaning “AME International” kompaniyasi bilan hamkorlikda markazni jihozlash ana shunday ulkan rejalardan biri.

    Umumiy qiymati 8,89 million yevrolik loyihaning roʻyobga chiqishi yurak­-qon tomir tizimining turli patalogiyalarida sodir boʻladigan oʻlim va nogironlikni kamaytirish, oldini olish hamda shoshilinch kardiojarrohlik amaliyotini sifat jihatidan yaxshilash imkonini beradi.

    Loyihada nazarda tutilgan tibbiy jihozlarning keltirilishi natijasida CRT­D kardioverter­defibrilyator implantatsiya, ishlab turgan yurakda aorta koronar shuntlash, gibrid operatsiyalar oʻtkazish, vazni 30 kilogrammdan yengil boʻlgan bemorlardagi yurak tugʻma nuqsonlarini bartaraf etish, aortal klapanni intervension usulda oʻrnatish onkologik xastalikka chalingan bemorlarda kimyoterapevtik preparatlarni selektiv shikastlangan joyga yuborish, jigar sirrozida endovaskulyar usulda porta­kaval anastamoz oʻrnatish, ishemik insult oʻtkazgan bemorlarda bosh miya tomirlarini stentlash amaliyoti, bosh miya qon tomirlari anevrizmasida embolizatsiya amaliyotini yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻladi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy­amaliy tibbiyot markazining Namangan filialida nafaqat viloyat, balki Fargʻona vodiysidagi 10 millionga yaqin aholi, qoʻshni respublikalar fuqarolariga ham tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Texnik imkoniyatlarning kuchaytirilishi tibbiy turizm rivojiga ham keng yoʻl ochadi. Maqsadimiz aholi oʻrtasida kardiologik kasalliklarni barvaqt aniqlash, asoratlarini sezilarli ravishda kamaytirish, aholining yurak­qon tomir kasalliklari profilaktikasi boʻyicha tibbiy savodxonligini oshirishga erishishdan iborat.

    Solijon Moʻminov,

    Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya

    ilmiy-amaliy tibbiyot markazi

    Namangan filiali direktori