Tinchlik, taraqqiyot va farovon kelajak kafoloti

    Davlat ramzlaridan foydalanishda e'tiborsizlik va kamchiliklarga yo'l qo'ygan rahbar xodimlar uchun alohida javobgarlik belgilanganini bilasizmi?.

    Vatanimizning davlat ramzlari xalqimizning boy tarixi, ota-bobolarimizning ezgu orzu-umidlari va yorugʻ kelajakka boʻlgan intilishini oʻzida mujassam etgan, shu azim yurtda yashovchi har bir fuqaroga gʻurur, iftixor tuygʻusini bagʻishlaydigan muhim vositalardir. Milliy davlatchiligimiz tarixida bayroq alohida oʻrin tutgan. Bizning hududimizda bayroqlar juda qadim zamonlarda paydo boʻlgani koʻplab manbalarda, xususan, qadimgi adabiy yodgorliklarda, tasviriy sanʼat asarlarida oʻz ifodasini topgan.

    Bu yil milliy davlatchiligimizning ana shunday muhim ramzlaridan biri — Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida qonun qabul qilinganiga 29 yil toʻldi. Yaʼni, 1991-yilning 18-noyabri “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan sana sifatida tariximizga muhrlangan.

    Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini oʻrnatish, uning mamlakatimiz fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar tomonidan hurmat qilinishi qonun bilan muhofaza qilinadi. Shu bois, davlat ramzlari qonunda belgilab qoʻyilgan vaqtda va joyda oʻrnatilishi, koʻtarilishi, ijro etilishi va bu jarayonga xos jihatlarni eʼtiborga olish juda muhim hisoblanadi.

    2010-yil 24-dekabrda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqida”gi ayrim qonun hujjatlariga hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunga binoan qonunchiligimizga bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasi toʻrtinchi qismidagi “Yangi oy va yulduzlarning” degan soʻzlar “Oq rangli yangi oy va oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduzlarning” degan soʻzlar bilan almashtirildi. Bu bayrogʻimiz tasviri haqidagi tasavvurni yana-da aniqlashtirdi. Maʼlumki, hilol — qoʻlga kiritilgan mustaqilligimizni, oʻn ikki yulduz esa muqaddas Vatanimizda yashayotgan insonlar hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yoʻlni tanlashini bildiradi. Bu jarayon bevosita va bilvosita oq rang timsolidagi tinchlik va poklikka daxldordir. Qonunchilikka kiritilgan mazkur oʻzgartish esa xalqimizning asriy qarashlari va hayot falsafasiga asoslangani bilan ahamiyatli.

    “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonunga yangi 51 va 52-moddalar ham kiritilib, davlat bayrogʻi tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish tartibi mustahkamlandi. Yangi 51-moddaga koʻra, Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reyestri yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari davlat reyestriga kiritilgan havo kemalariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya maʼmuriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqam belgilariga hamda ­Oʻzbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga qoʻyiladi.

    Davlat bayrogʻi tasviri tushirilgan belgilardan Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, oʻquv-tarbiya jarayonida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin. Kiritilgan 52-moddaga binoan bayrogʻimiz elementlari nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Undan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat notijorat tashkilotlarning ramzlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga oʻxshash boʻlishi taqiqlanadi.

    Qonunchilikdagi bunday oʻzgarishlar davlatimiz ramzlari elementlaridan xususiy manfaat yoʻlida foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi. Asosiysi, tarixiy va boqiy qadriyatlarimiz asosida yaratilgan, xalqimizning oʻtmishi, buguni va kelajagi timsoli boʻlgan davlatimiz ramzlari, jumladan, davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni qonun jihatidan mustahkamlaydi.

    Davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga yuklanishi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasida belgilab qoʻyildi. Mazkur qonunlarning 12 va 7-moddalarida “Ushbu Qonunning Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, boshqa davlat organlari, tashkilotlardan ijro etilishi ustidan nazorat esa ichki ishlar organlari, tomonidan amalga oshiriladi”, deb koʻrsatilganligi ular ijrosini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda davlat ramzlaridan foydalanishda eʼtiborsizlik va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan rahbar xodimlar uchun alohida javobgarlik belgilanganini ham aytib oʻtish joiz. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks “Davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish”, deb nomlangan yangi 2031-modda bilan toʻldirildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish, — fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Zero, davlat ramzlari — milliy suverenitetni, xalqimizning mustaqil, oʻz taraqqiyot yoʻliga egaligini bildiradigan muqaddas timsollar sanaladi. Ularni hayotimizning muhim bir boʻlagi deb bilish, koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash har birimizning insoniy burchimizdir.

    Feruza MUHIDDINOVA,

    TDYUU professori, yuridik fanlar doktori