Tirikchilikning aybi yoʻq

    Olti yoshli Zafarjon nogiron oyoqlari bilan chopqillab kelib, oʻzini Xilolaning bagʻriga otarkan: “Oyijon keldingizmi, buncha sogʻintirmasangiz? Bilasizku, men sizni juda yaxshi koʻraman!”, deydi.

    2018-yilning mart oyida meni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga ishga taklif etishdi “Xorijiy tillar” kafedrasida dotsent boʻlib ishlashni boshladim. Kafedra asosan ayollardan tashkil topgan, podpolkovnik Gʻanisher Qodirov boshliq edi. Oʻqituvchilardan tashqari bu yerda laborantlar ham mehnat qilishardi. Ulardan biri diqqatimni tortdi. Chunki u gapga chechanligi, epchil va topqirligi bilan boshqalardan ajralib turardi.

    Maʼlumoti oʻrta maxsus boʻlganligi uchun u oʻzini qandaydir noqulay his qilar, fan doktorlari va fan nomzodlari hamda oliy maʼlumotli mutaxassislar orasida begonasirab yuradigan boʻlib qoldi. Men u bilan astoydil suhbatlashadigan boʻldim.

    Oliy maʼlumot ololmaganidan afsusda ekanligini aytganida, hozirgi kunda mamlakatimizda taʼlim olish uchun juda chuqur islohotlar olib borilayotgani, taʼlimni sirtqi va kechki boʻlimlari ochilib, ishlab oʻqish imkoniyatlari yaratilganini aytdim.

    Ayniqsa, xotin-qizlarni maʼlumot olishiga keng yoʻl ochilganini tushuntirdim. Bu gaplardan soʻng uning koʻzlarida ishonch nurlari porlaganini koʻrib, koʻnglim xotirjam boʻldi. Suhbat davomida u hunarmand ekanligini aytib oʻtdi.

    U chiroyli sunʼiy gullarni yasashini va bozorga olib chiqib sotishini maʼlum qildi. “Tirikchilikning aybi yoʻq”, dedim. Oʻsha vaqtlar 22-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilar bilan bir qancha maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib, ularga hunarmand Xilola Toirovani ham taklif etdim. Mehribonlik uyi uning mahallasida joylashgan, kelishga qiyinchilik yoʻq edi.

    Bir kuni u menga: “Domla, shu yerda “Mohir qoʻllar” degan toʻgarak ochsam nima deysiz?”, deb qoldi. Tarbiyalanuvchi qizlarni hunarli qilishini va hunarli odam hech qachon xor boʻlmasligini taʼkidladi. Men: “Juda yaxshi oʻylabsiz, zoʻr ish boʻladi.”, dedim. Zudlik bilan kerakli joylardan ruxsat soʻrab, toʻgarak ishini boshlab yubordi. Ha, aytgancha, bu savob ishlarda oliy taʼlim muassasi rahbari M.X. Rustambayevning ham hissalari katta boʻldi.

    Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Xilolani oʻz onalaridek qabul qilib, hunarning sir-asrorlarini astoydil oʻrgana boshlashdi. Vaqt oʻtgandan keyin tarbiyalanuvchi qizlarning mahsulotlari yigʻilib qoldi. 2021-yilning Navroʻz bayrami tantanalarida qizlarning mahsulotlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Tarbiyalanuvchi qizlar tayyor mahsulotlarining nafaqat koʻrgazmasi, savdosi ham tashkil etildi. Universitet ofitser va kursantlari ularni talashib harid qilishdi. Koʻrgazmani tashkil etishda polkovnik I.A.Mahmudov alohida faollik koʻrsatdi.

    Xilola tarbiyalanuvchi qizlarning bu yutugʻidan ruhlanib, yanada shijoat bilan ishga kirishdi. Universitet professor-oʻqituvchilari ham befarq qarab turishmadi. Baholi qudrat mablagʻ yigʻib, qizlarga gul yasash uchun xom-ashyo olib berishdi.

    Bu boradagi ishlarda kafedra boshliqlaridan mayor Xurshid Mamatqulov, podpolkovnik Zoxidjon Alimardonov va kafedra boshligʻining oʻrinbosari podpolkovnik Davron Oʻrinovlarning xizmatlari beqiyos. Xilola Toirova jamoada oʻz oʻrnini topdi va yanada gʻayratga joʻshib, qilayotgan savob ishlarini yanada koʻpaytirdi.

    Joriy yilning avgust oyida poytaxtning Shayxontoxur tumanida boʻlib oʻtgan “Oqila ayol” koʻrik- tanlovida ishtirok etib, Kamolon Darboza mahallasining gʻolibi boʻldi va shahar bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Bu yutuqlar Xilolani qanoatlantirmay, yangi marralarni zabt etishga bel bogʻladi. Universitet boshligʻi M.X.Rustambayevning tavsiyasiga koʻra, Olmazor tumanidagi Muruvvat uyida ham faoliyat boshladi.

    Bu yerda asosan nogiron oʻgʻil-qizlar tarbiya topishadi. Muruvvat uyi rahbariyati hamda Milliy gvardiya qoʻmondonligi bilan hamkorlikda “Hunar, hunardan unar” nomli toʻgarakni tashkil qildi. Uni haftasiga ikki marotaba tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik S.D. Mamayusupov katta yordam berdi. Qarangki, mehr bersang, mehr olasan deyishadi, Muruvvat uyining tarbiyalanuvchilari Xilolani “oyijon” deb chaqirishadi.

    Ayniqsa, olti yoshli Zafarjon nogiron oyoqlari bilan chopqillab kelib, oʻzini Xilolaning bagʻriga otarkan: “Oyijon keldingizmi, buncha sogʻintirmasangiz? Bilasizku, men sizni juda yaxshi koʻraman!”, deydi. Ketayotganida esa, “oyijon” qachon kelasiz?”, deb qolishar ekan. Xilola bularni koʻrib, bagʻri ezilib ketarkan. Chunonchi, qalbi oʻksiklarni oʻz bolasidek koʻrib, hunar oʻrgatishdek savob ishni amalga oshirayotganligi Xilolaning naqadar oliyjanob qalb sohibasi ekanligidan dalolat beradi.

    Toʻlqin Saydaliyev,

    Oʻzbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi dotsenti,

    isteʼfodagi podpolkovnik