TIV maʼlumotiga koʻra, soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan Rossiyadagi konsullik muassasalariga qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari qayd etilmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, ayrim shaxslar va guruhlar “Telegram” mobil ilovasidagi turli virtual kanallar orqali Oʻzbekiston va boshqa davlatlar hujjatlarini “tayyorlab berish xizmatlari”ni taklif qilmoqda.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, ana shunday jinoiy faoliyat natijasida fuqaro E.M.R. qalbaki “Vatanga qaytish guvohnomasi”ni rasmiylashtirgan. Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tezkor harakatlari natijasida ushbu hujjatning soxtaligi aniqlanib, fuqaroning Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi (chegarani noqonuniy kesib oʻtish) va 327-moddasi (soxta hujjatlar tayyorlash yoki sotish) boʻyicha jinoyat sodir etishining oldi olindi.
Shuningdek, fuqaro O.B.B. qalbaki nikoh asosida “nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma”ni rasmiylashtirgan va unga asosan farzandi uchun “tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma” olgani maʼlum qilingan.
TIV Rossiya hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan “hujjat tayyorlab berish” haqidagi eʼlonlarga ishonmaslikka chaqirdi.
Rasmiy idora fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirishda faqat Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlariga murojaat etishni qatʼiy tavsiya etmoqda, chunki bu firibgarlik va noxush holatlarga tushib qolishning oldini olishga xizmat qiladi.








