Taʼkidlanganidek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimiz tashqi siyosatini amalga oshirish, xorijiy davlatlar bilan munosabatlarda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekistonning davlat manfaatlari va mamlakat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muayyan faoliyat amalga oshirildi. Bunda xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha vazirlik, idora va muassasalar faoliyatini tartibga solishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hisobot davrida Turkiya va Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi rasmiy tashriflar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan xorijiy mehmonlar qabullari, oliy darajadagi 80 dan ziyod onlayn muloqotlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlarini, oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritalari”ni, Tashqi ishlar vazirligining diplomatik yo‘nalishlar orqali turli xalqaro tadbirlar doirasida ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirish rejalarini ijro etish maqsadida 32 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi taʼminlandi.
BMT, YEXHT, SHHT, MDH, YEOII kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar va integratsion birlashmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish jarayonida vazirlik qo‘shgan hissasi salmoqli bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston raisligida MDH bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida 60 dan ortiq tadbir o‘tkazildi.
Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida global koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish maqsadida qariyb 350 mln. AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lari va moddiy-texnik yordam mablag‘larini jalb qilishga erishildi.
Shu bilan birga, Senat tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida, shuningdek, uning xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi muhokamasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar mavjudligi taʼkidlandi.
Xususan, O‘zbekistonda diplomatik xizmatning faoliyat yuritishi va yana-da rivojlanishini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yana-da takomillashtirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Diplomatik vakolatxonalar tashabbusi bilan investitsiya loyihalari sifatli va keyinchalik o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlari bilan tizimli ishlar olib borilmaydi.
Strategik nuqtai nazar mavjud emas, respublikaning chegara hududlarida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishning muhim elementi bo‘lgan chegaraviy hamkorlik rivojlantirilmagan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro bitimlarini hisobga olish va bajarishning yagona elektron tizimi (maʼlumotlar bazasi) hali ham ishlamayotgani qayd etildi.
Senat yalpi majlisida har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tegishli idoralarga aniq ko‘rsatma hamda tavsiyalar berildi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati