Oʻzbekiston ham rangli va qora metallar zaxirasi va ularni qazib chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri. Buni oltin qazib olish boʻyicha dunyoning eng yaxshi top-10 mamlakati roʻyxatida ekanimiz misolida ham koʻrish mumkin. Yoki, “Mining Visuals” portali oʻtgan oy sayyoramizda ishlatilayotgan eng yirik oltin konlariga oid eʼlon qilgan reytingida “Muruntov” koni birinchi oʻrinni egallagani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Bugungi kun sanoati uchun eng talabgir resurs – mis zaxiralari boʻyicha ham yetakchilar qatoridamiz. Xususan, birgina Olmaliqda 30 million tonnaga yaqin mis zaxirasi aniqlangan.
Mamlakatimizda bugungi kunda shu kabi qazilma boyliklarini chuqur qayta ishlash orqali sanoatni jadal rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Demak, ayni yoʻnalishda Xitoy bilan hamkorlik qilish ikki tomon uchun ham manfaatli hisoblanadi.
Ayni shu bois ham Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik ustuvor yoʻnalishlar qatorida togʻ-kon metallurgiya, yer qaʼrini oʻrganish sohalarini ham chetlab oʻtgani yoʻq. Soʻnggi yillarda Xitoyning yirik sanoat kompaniyalari bilan oʻzaro aloqalar mustahkamlanib, qator yirik investitsiyaviy loyihalar ishga tushirildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda yer qaʼridan foydalanish, foydali qazilma konlarini tadqiq qilish va ularni oʻzlashtirish, oʻzaro hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini yoʻlga qoʻyish, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni jalb etish kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotimiz rivoji uchun muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xitoyning “The 4th Constraction Company Ltd. of China 15h Cooperation” kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida xorijlik mutaxassislarni yurtimizda koʻmir qazib chiqarish istiqbollariga jalb etish rejalashtirilgan. Negaki, xitoylik mutaxassislar koʻmir shaxtalarini qurish borasida katta tajribaga ega.
2023-yil noyabr oyida Pekin shahrida boʻlib oʻtgan “Tabiiy uran sanoatini rivojlantirish boʻyicha birinchi xalqaro forum” doirasida Xitoy Milliy yadro korporatsiyasi (China National Nuclear Corporation - CNNC) va “Navoiyuran” davlat korxonasi oʻrtasida strategik hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangandi. Xitoyning mazkur korporatsiyasi mamlakatdagi global yadroviy loyihalar boʻyicha yetakchi hisoblanadi. Korporatsiya hozirda 22 ta amalda ishlayotgan va 6 ta yangidan qurilayotgan energoblokka ega Xitoydagi yagona uran ishlab chiqaruvchi yirik korxona hisoblanadi.
Sian shahrida oʻtgan yil 17-22-may kunlari oʻtkazilgan Oʻzbekiston –Xitoy biznes-forumi doirasidagi koʻrgazmada bir qator tashkilot va idoralar bilan birga Oʻzbekiston Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinati, Oʻzbekiston metallurgiya kombinati vakillari ham ishtirok etib, respublikamizdagi geologiya sohasining soʻnggi yutuqlari namoyish etilgan edi. Xitoy tomoni bilan qoʻshma loyihalar, ularning istiqbollari, kelgusidagi hamkorlik masalalari kelishib olingandi. Ayni paytda mazkur kelishuvlar asosida yirik loyihalar hayotga tatbiq etilyapti.
“Shargʻunkoʻmir” AJni modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya loyiha doirasida esa “Shargʻunkoʻmir” AJ hamda Xitoyning “Amikam” kompaniyasi oʻrtasida kelishuv mavjud. Unga asosan yer osti koʻmir qazib olish majmualarini ekspluatatsiya qilish uchun xitoylik yuqori malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan respublikada yagona – oʻzida taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mujassamlashtiradigan universitet, “klaster” barpo etildi. Universitetda geologiya sohasi uchun yetuk, malakali, zamon talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash koʻzda tutilgan.
Qaror bilan universitet oldida xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, biznes-hamjamiyatlari va xalqaro geologik jamiyatlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlash, taʼlim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish vazifalari belgilab berilgan. Hozirgi kunga kelib 30 ga yaqin xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va yirik kompaniyalar bilan taʼlim va ilm-fan yoʻnalishlarida hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.
Jumladan, universitet tarkibidagi H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti huzurida Xitoyning SUAR davlat dasturi byurosi bilan hamkorlikda “Oʻzbek – Xitoy ilmiy-texnik xamkorlik markazi” tashkil etilgan. Oʻtgan davr mobaynida mazkur dastur doirasida institutning 19 nafar yosh ilmiy tadqiqotchisi Xitoy tomonidan tashkil etilgan turli qoʻshma seminarlarda ishtirok etdi. Oʻz navbatida, 20 dan ortiq xitoylik ilmiy tadqiqotchilar Oʻzbekistonning togʻ-kon sanoati, Chotqol-qurama, Markaziy Qizilqum hududlaridagi maʼdan konlari bilan yaqindan tanishdi.
Uzoq muddatli strategik hamkorlik, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda yuqori natijalarga erishish hamda foydali qazilmalarni qayta ishlash sohasida muhim vazifalarni yechish maqsadida 2023-yil 17-oktyabr kuni Pekin shahrida oʻtkazilgan “Bir makon, bir yoʻl” sammiti doirasida Xitoyning “BGRIMM Technology Group” kompaniyasi va Geologiya fanlari universiteti tarkibidagi Mineral resurslar instituti oʻrtasida qoʻshma laboratoriyani tashkil qilish boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari, institutda kompaniya tashabbusi bilan “Murakkab tarkibli maʼdanlarni qayta ishlash va undan olingan murakkab boyitmalardan qimmatbaho metallarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish” hamkorlik loyihasi ham amalga oshirilmoqda.
Hamkorlikning uzviy davomi sifatida shu kunlarda Pekin shahrida boʻlib oʻtayotgan Xitoy – Oʻzbekiston taʼlim forumini alohida taʼkilash joiz. Ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida oʻtkazilayotgan ushbu forum ikki mamlakat oʻrtasida taʼlimning turli bosqichlaridagi hamkorlik masalalari, global muammolar muhokamasi uchun oʻziga xos platforma vazifasini oʻtayotgani diqqatga sazovor.
Forum doirasida Geologiya fanlari universitetiga hamkorlik qilish istagini bildirgan Xitoy geofanlar hamda Xitoy togʻ-kon va texnologiya universitetlari oʻrtasida akademik almashinuv, qoʻshma taʼlim dasturlari, hamkorlikdagi ilmiy loyihalarda ishtirok etish kabi yoʻnalishlarda memorandumlar imzolandi.
Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri bu qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish. Dastur doirasida talabalar tegishli yoʻnalishlar boʻyicha 2 ta diplomga ega boʻlishi rejalashtirilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi uzoq yillik hamkorlik qatorida ushbu taʼlim forumi ham davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik, taraqqiyotning yangi sahifalarini ochishga xizmat qiladi.
Zero, Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin aytganidek, “Yurakda intilish boʻlsa, maqsadga eltuvchi yoʻl uzoq tuyulmaydi. Biz Oʻzbekiston tomoni bilan diplomatik munosabat oʻrnatilgan kundan boshlab shakllangan ezgu anʼanani davom ettirish, yangi tarixiy muhitda Xitoy va Oʻzbekistonning mushtarak taqdiri bilan bogʻliq hamjamiyatni yaratish yoʻlidagi milliy taraqqiyot va tiklanish yoʻlidan birgalikda olgʻa odimlashga tayyormiz.”
Maqsud ISOQOV
Geologiya-mineralogiya fanlari doktori