Oʻzbekiston litiy qazib olishni boshlamoqchi

    Sanoat 26 Aprel 2023 1440

    Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi mamlakatda boshqa “texnologik metallar” deb ataluvchi sohani rivojlantirishni istiqbolli yoʻnalish sifatida koʻrmoqda.

    Oʻzbekiston togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari Aʼzam Qodirxoʻjayev 26-aprel kuni “Innoprom. Markaziy Osiyo” koʻrgazmasida Oʻzbekiston litiyni oʻzlashtirishni yoʻlga qoʻyish niyatida ekanligini taʼkidladi, deb yozmoqda Gazeta.uz.

    «Oʻzbekistonda yirik litiy koni joylashgan, biz ushbu metallni mamlakatda qazib olish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻyishga tayyorgarlik koʻrmoqdamiz, – dedi vazir oʻrinbosari.

    Uning taʼkidlashicha, vazirlik butun mamlakatda “texnologik metallar” deb ataladigan sohani rivojlantirishni istiqbolli yoʻnalish deb hisoblaydi.

    Bundan bir yil avval Oʻzbekiston prezidentiga Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi qoshida ustav kapitali 15 million dollar boʻlgan “Yangi kon” loyiha ofisini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Tuzilma grafit, litiy, alyuminiy, magniy va boshqa nodir metallarni qazib olish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shugʻullanadi.

    Oʻzbekistonning sarmoyaviy takliflar portfeliga Toshkent viloyatidagi litiy konini oʻzlashtirish kiradi. Uning zaxiralari 123 ming tonnadan oshadi. Loyihaning qiymati 59,5 million dollarga baholanmoqda.