Toʻgʻri nonushta uchun 6 maslahat

    Bilasizmi? 15 Fevral 2021 12883

    Nonushta, bundan oson ish boʻlarmikan?

    Ishga yoki oʻqishga ketayotib, yoʻl-yoʻlakay ermak qilish uchun oshxondan yoki doʻkondan biror yegulik olsangiz, shuda nonushta, deysizmi? Albatta, bunday emas. Quyida nonushtaning muhimligi, toʻgʻri nonushta uchun nima isteʼmol qilish va ertalab nimalarni yeyishdan tiyilish kerakligi toʻgʻrisida soʻz boradi.

    Barchamiz nonushta muhim va zarurligini bilsak-da, uni qilmaslik uchun juda koʻp sabablar topamiz.

    Nonushta qilmaslik uchun eng keng tarqalgan 3 ta bahona:

    • Menda vaqt yoʻq;

    • ertalab hech nima yegim kelmaydi;

    • men parhezdaman.

    Nega nonushta muhim?

    • Nonushta kun davomida organizm uchun kerak boʻladigan minimal kuch va energiyani beradi. U bilan ish samaradorligi oʻrtacha 30 foizga oshadi;

    • nonushta kun davomida ochlikni nazorat qilishdir. Nonushta qilgan kishi ish yoki dars vaqtida ovqatlanish, ochlik haqidagi xayollar bilan bezovta boʻlmaydi;

    • nonushta xotira va eʼtiborni yaxshilaydi. Nonushta qilgan kishi esa diqqatni jamlashda qiynalmaydi va maʼlumotni oson eslab qoladi. Bunday odamlarning yoʻl transport hodisasiga tushib qolish ehtimoli juda past boʻladi;

    • nonushta – stressdan qutulish. Ertalab muntazam va toʻgʻri ovqatlanadigan odamlar nonushta qilmaydigan hamkasblariga qaraganda 50 foizga koʻproq stressga chidamli boʻladi;

    • nonushta – ortiqcha vazndan qochish yoʻli. Ertalab yaxshi ovqatlangan kishi, tushlikda ortiqcha ovqatlanmaydi, yogʻga boy boʻlgan, tez tayyor boʻladigan, nosogʻlom ovqatlarga kamroq ehtiyoj sezadi;

    • nonushta kayfiyatni yaxshilaydi.

    Koʻrib turganimizdek nonushtadan voz kechmaslik uchun yetarlicha sabab bor. Shu bilan birga nonushta paytida nima yeyishimiz ham muhimdir.

    Nonushta uchun mos 6 mahsulot:

    1. Eng foydali nonushta bu – yorma. Haqiqat shundaki, boʻtqa murakkab uglevodlar va energiyaning manbai hisoblanadi.

    2. Baliq ham kunni boshlashning eng yaxshi usullaridan biridir. Eʼtibor berish kerak boʻlgan yagona narsa – bu baliqning yogʻli tarkibidir. Yogʻli baliq nonushta uchun toʻgʻri kelmaydi, lekin qaynatilgan yoki pishirilgan baliq juda mos.

    3. Sabzavotlar va mevalar ham organizm uchun kunning yaxshi boshlanishi demakdir. Bu, ayniqsa, vaqti kam yoki ertalab ishtahasi boʻlmaydigan bahonakashlar uchun ajoyib yechim.

    4. Qaynatilgan tuxum – tez, mazali, toʻyimli va eng sodda nonushta. Agar unga yana koʻkat va maydalangan yoki pishirilgan sabzavot qoʻshilsa, nonushta uchun deyarli mukammal variant boʻladi.

    5. Qaynatilgan, yogʻsiz shoʻrva shoshqaloq va ertalab kuchli ovqat yeyolmaydiganlar uchun ajoyib imkoniyat. Shoʻrva uzoq muddatli toʻyinganlik hissini beradi. Undan tashqari, ovqat hazm qilishni normallashtiradi va tanani muammosiz uygʻonishiga imkon beradi.

    6. Kefir va yogurt ham nonushta uchun mos keladi. Agar ularni boʻtqa va quritilgan mevalar bilan aralashtirilsa yana-da ajoyib. Shunda mikro va makro elementlarga boy toʻliq nonushta boʻladi. Shunindek, ochlik hissi uzoq vaqt davomida bezota qilmaydi.

    Nonushtada tavsiya etilmaydigan mahsulotlar:

    • Qovurilgan goʻsht, kartoshka, tuxum bilan nonushta qilmagan maʼqul. Qovurish bu mahsulotlarning barcha afzalliklarini yoʻq qiladi. Bundan tashqari, hali yarim uxlab yotgan tanaga hazm boʻlishi qiyin boʻlgan turli xil birikmalar yuklansa, kun boʻyi tushunarsiz ogʻriqdan yoki noqulaylikdan azob chekish mumkin;

    • ertalabdan kolbasa “sendvichi” yeyish shunchaki ovqat hazm qilish tizimini masxara qilishdir. Bundan tashqari, kolbasa tarkibdagi konservantlar, taʼm kuchaytirgichlar va rang beruvchi moddalar tufayli sogʻlom mahsulot hisoblanmaydi. Kolbasa tarkibida ishtahani kuchaytiradigan va ragʻbatlantiradigan koʻplab qoʻshimchalar mavjud. Ularning baʼzilari qiziloʻngach saratoniga olib keladi;

    • chips va “suxarik”lar. Avvalo, bunday mahsulotlar tarkibi yogʻga juda boy hisoblanadi. Shuningdek, ushbu mahsulotni tayyorlash uchun eng arzon yogʻ ishlatiladi. Bunday mahsulotlarning tarkibi taʼm kuchaytirgichlarga boy boʻladi, bu esa ochlikni darhol oshiradi. Eng achinarlisi shundaki, ushbu mahsulotlardan organizm uchun mutlaqo foyda yoʻq.

    • qadoqlangan sharbatlar ham kunni boshlash uchun eng yaxshi tanlov emas. Aslida sharbatlar tarkibiga shakar qoʻshilmasligi kerak, ammo amalda barchasi boshqacha.

    Farruxjon Murodqulov