2200-yildan ortiq tarixga ega shaharning qulay geografik joylashuvi bois, bu hududda azaldan savdo, jumladan, bojxona munosabatlari jadal rivojlanib kelgan va hozir ham tashqi savdo yuklari va yoʻlovchilar oqimi juda katta.
Bugungi kunda shaharda yirik ishlab chiqarish obyektlari, muhim logistika markazlari, minglab korxona va zavodlar faoliyat yuritayotganini inobatga olsak, Toshkent shahri bojxona boshqarmasi faoliyatining qamrovi naqadar keng, shunga yarasha poytaxt bojxonachilari zimmasiga yuklangan masʼuliyat ham ulkan ekani ayon boʻladi.
Poytaxtimiz bojxonachilari faoliyati, sohadagi islohotlar va tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlar xususida Toshkent shahri bojxona boshqarmasi boshligʻi Tolibjon SAIDOV bilan suhbatda boʻldik.
– Dastlab bugungi kunda Toshkent shahri bojxona boshqarmasi tasarrufida qancha bojxona posti mavjudligi va ularda yaratilgan shart-sharoitlar xususida toʻxtalsangiz.
– Hozir boshqarma tasarrufida 8 ta bojxona posti faoliyat yuritadi. “Toshkent-tovar”, “Arkbuloq”, “Chuqursoy”, “Sirgʻali”, “Chet el vakolatxonalari” va “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat hamda “Chuqursoy texnik idorasi”, “Keles” temir yoʻl chegara bojxona postlari shular jumlasidan.
Oʻzbekistonda soʻnggi besh yilda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan tub islohotlar poytaxtdagi tashqi savdo aylanmasi jadal oʻsib borayotganida ham oʻz ifodasini topmoqda. 2021-yilga kelib Toshkent shahrida tashqi savdo ishtirokchilari soni 2016-yildagiga nisbatan 60 foiz oʻsib, hozir 12 mingdan oshdi.
Boshqarma tomonidan bojxona sohasida qulaylik va imtiyozlar taqdim etish orqali poytaxtdagi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik subyektlarining erkin faoliyat yuritishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahridagi “Oʻztransgaz”, “Texnopark”, Toshkent quvur zavodi, Toshkent metallurgiya zavodi, “Oʻzbektelekom”, “Oʻzelektroapparat”, “Uztex”, “Grand pharm trade”, “Procab”, “Techno export”, “Techno continental”, “Zelal tekstil”, “Coca-cola” kabi yirik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga sifatli va tezkor bojxona xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.
Qolaversa, soʻnggi 5 yilda poytaxtda tashkil qilingan 7 ta kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan 500 dan ortiq korxonaga bojxona imtiyozlarini keng tatbiq qilish, xususan, chetdan keltirilayotgan texnologiya, asbob-uskunalar va xomashyoni tezkorlik bilan bojxonada rasmiylashtirish faoliyatimizning eng dolzarb yoʻnalishiga aylanib bormoqda.
Tahlillarga koʻra, soʻnggi yillarda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan davlat byudjetiga undirilgan bojxona toʻlovlarining 50 foizidan ortigʻi aynan Toshkent shahri bojxona boshqarmasi hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
“Toshkent-tovar”, “Arkbuloq”, “Chuqursoy”, “Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida 2017-2021-yillarda yuk avtotransporti va temir yoʻlda tashilgan qiymati 46,5 milliard dollarlik 66,7 million tonna yukning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi amalga oshirildi. Buning uchun sarflanayotgan vaqt esa sohaga tatbiq qilingan ilgʻor axborot tizimlari koʻmagida oʻrtacha 2 barobar qisqardi.
Ilgari tovar va transport vositalari yoppasiga yalpi bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan boʻlsa, hozir mazkur postlarda 75,6 foiz yuklar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda.
Bojxona ishi juda serqirra. Shu sabab xodimlarimizni xalqaro aeroportlar, temir yoʻl va avto oʻtkazish punktlari, daryo porti, yirik logistika markazlarida koʻrishga odatlanib qolganmiz.
– Yuqoridagi bojxona postlari qatorida “Chet el vakolatxonalari” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postini ham aytib oʻtdingiz. Mazkur post faoliyati haqida kengroq maʼlumot bersangiz.
– Toshkent shahri bojxona boshqarmasi tarkibida yana bir oʻziga xos va respublikamizda yagona boʻlgan “Chet el vakolatxonalari” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti ham boʻlib, u Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan 600 dan ortiq chet el vakolatxonasi, diplomatik maqomga ega boʻlgan elchixonalar hamda konsullik idoralariga xizmat koʻrsatadi.
Jumladan, mazkur tashkilotlar tomonidan rasmiy foydalanishi uchun moʻljallangan tovar va transport vositalari, shuningdek, mamlakatimizning investitsion muhiti, eksport salohiyati samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan turli xalqaro koʻrgazma va tadbirlarda ishtirok etish maqsadida olib kelinayotgan tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi. Ayniqsa, turli millat vakillariga mansub xorijiy shaxslarning milliy anʼana va qadriyatlarini ifodalovchi buyumlarini ham bojxonada rasmiylashtirish oʻziga xos va qiziqarli jarayon hisoblanadi.
Bojxona posti Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi hududida joylashgan.
“Chet el vakolatxonalari” postida xizmat olib borish bojxona xodimlariga oʻziga xos masʼuliyat yuklaydi. Aynan ularning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezkorlik bilan amalga oshirishi va xush muomalasi timsolida chet ellik diplomatlarning milliy bojxonamiz, pirovardida esa butun mamlakatimiz haqidagi tasavvurlari shakllanadi.
– Ayting-chi, “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti asosan qanday faoliyat bilan shugʻullanadi va buning aholi uchun afzalliklari nimada?
– Boshqarmamiz tasarrufidagi oʻziga xos bojxona postlaridan yana biri “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postidir.
Pochta xizmati muhim strategik ahamiyatga ega boʻlib, har qanday ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik, favqulodda vaziyatlarda ham bu xizmatga boʻlgan talab va taklif hech qachon toʻxtab qolmaydi. Shuningdek, zamonaviy dunyoda tovarlarni uydan yoki idoradan chiqmasdan turib, onlayn ravishda xarid qilish koʻlami ortayotgani bois kuryerlik joʻnatmalari harakati ham tobora va shiddatli tarzda oʻsib bormoqda.
Respublikamizda 2017-yildan soʻng bojxona sohasida joriy qilingan koʻplab yengillik va qulayliklar qatorida shaxsiy foydalanish uchun pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali yuboriladigan tovarlarning bojxona toʻlovlari undirilmaydigan meʼyorlari yanada takomillashtirildi.
Natijada birgina “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida 2021-yil davomida 2 million donaga yaqin yoki 5 ming tonnadan ziyod xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazildi. Besh yil avvalgi raqamlar bilan solishtirilganda, joʻnatmalar soni 1,8, ogʻirligi esa 1,5 barobar oshgan.
Bu esa mazkur bojxona posti xodimlaridan doimiy ravishda oʻz ustida ishlash va tizimga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish orqali Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali kelayotgan tovarlarni bojxona nazoratidan oʻtkazish samaradorligini yanada oshirishni taqozo etadi.
“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti 2018-yildan eʼtiboran zamonaviy bojxona terminalida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Shuningdek, bojxona postining “Xalqaro pochtamt” bojxona punkti ham mavjud. Postda bojxona nazorati jarayonlari avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshirilib, koʻrik jarayonlarida zamonaviy skaner va rentgen qurilmalaridan keng foydalaniladi. Joʻnatmalar uchun zamonaviy bojxona omborlari ham bunyod etilgan. Hozir postda kuniga oʻrtacha 15-18 tonna yoki 7-8 ming dona xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmasi bojxona nazoratidan oʻtkazilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga keltirgan murakkab vaziyat narkotik vositalarning transchegaraviy aylanmasi va narkotrafikka ham oʻzining sezilarli taʼsirini oʻtkazdi. Dunyo boʻylab davlatlar tomonidan chegaralararo harakatlanishda joriy qilingan cheklovlar sababli narkotik vositalarni internet tarmogʻidagi yashirin segmentlar orqali buyurtma berish hamda pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali yuborishga urinishlar koʻpaya boshladi.
Qolaversa, yangi turdagi psixofaol sintetik va yarim sintetik narkotiklar “ixtiro” qilinayotgani, ularni joʻnatmalarda mineral oʻgʻitlar, biologik faol qoʻshimchalar kabi boshqa nom ostida yuborish holatlari ham “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlarining masʼuliyati va ziyrakligini yanada oshiradi.
Raqamlarga koʻra, 2017-2021-yillar davomida joʻnatmalar orqali 8,3 kilogrammdan ziyod, xususan, sintetik narkotik moddalar, 700 ming donaga yaqin psixotrop moddani olib kirishga boʻlgan urinishlar fosh qilindi.
Umuman olganda, soʻnggi 5 yil davomida Toshkent shahri bojxona boshqarmasi tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, jumladan, kontrabanda va bojxona qonunbuzarliklariga qarshi kurashish yoʻnalishida 9,7 mingdan ortiq holat fosh qilinib, natijada 100 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalari, 27,6 ming donaga yaqin psixotrop modda, 3,9 mingdan ziyod qurol-yaroq va oʻq-dorining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Kelgusida ham qator yoʻnalishlar boʻyicha kontrabanda va bojxona qonun buzilishiga qarshi murosasiz kurashishni maqsad qilganmiz. Xususan, fiskal vazifalarni ortigʻi bilan bajarish, bojxona toʻlovlarini oʻz vaqtida va toʻgʻri undirish, bunda ilgʻor usullarni qoʻllagan holda bojxona nazoratini olib borish, zamonaviy texnologiyalar va maxsus texnik vositalar yordamida faoliyat samaradorligini oshirish, bojxona protseduralarini soddalashtirish, xavfni boshqarish mexanizmlari orqali halol tadbirkorlarga imtiyozli bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish asosiy vazifalarimizdan. Shuning uchun ham kadrlar salohiyatini oshirish va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish boshqarmaning asosiy strategik yoʻnalishlari boʻlib qoladi.