Unda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich boshchiligida, prorektorlar, masʼul departament va boʻlim boshliqlari ishtirok etib, Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2025/2026 oʻquv yili uchun oʻtkazilgan matbuot anjumanida oliy taʼlimda boshlangan yangi islohotlar, qabul tartibidagi oʻzgarishlar, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlashda xalqaro yondashuvlar, ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan amaliy taʼlim va talabalar hayotiga oid asosiy yangiliklar yoritildi. Ushbu matbuot anjumanida Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan jurnalistlar hamda blogerlar ham ishtirok etishdi.
Institutda 4 ta fakultet, 20 ta kafedra, 31 ta bakalavriat va 30 ta magistratura yoʻnalishlari mavjud boʻlib, 8 500 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Oʻquv jarayoni kredit-modul tizimiga asoslangan. 346 nafar professor-oʻqituvchilarning 60 foizi ilmiy darajaga ega. Institut huzurida 2 ta ilmiy daraja beruvchi kengash mavjud boʻlib, 2025-yilning oʻzida 50 ta dissertatsiya himoyasi boʻlib oʻtdi.
Sifatli taʼlim uchun zamonaviy laboratoriyalar, axborot texnologiyalari infratuzilmasi va “Spin-off” loyihalar joriy etilgan. “Intellektual kimyo-texnologiya tizimlari” nomli muhandislik maktabi orqali ilm-fan va amaliyot uygʻunligi yoʻlga qoʻyilgan.
Qabul tizimidagi yangi tartib
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
- Davlat buyurtmasi institutlar kesimida emas, taʼlim yoʻnalishlari va reyting asosida ajratiladi;
- Sirtdan oʻqish bekor qilinib, part-time, kechki va masofaviy taʼlim shakllari bosqichma-bosqich kengaytiriladi;
- Abituriyentlar “avval test – soʻng tanlov” tamoyili asosida roʻyxatdan oʻtadi;
- Chet tili birinchi fan boʻlgan yoʻnalishlarga milliy yoki xalqaro sertifikat bilan kirish mumkin;
- Taʼlim granti bir yilga ajratilib, keyinchalik reyting va faollik asosida taqsimlanadi.
TKTI bu yil 45 ta kunduzgi, 20 ta kechki, 5 ta masofaviy bakalavriat yoʻnalishlari va 29 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha qabul eʼlon qilgan. Har bir yoʻnalish uchun tegishli fan majmuasi belgilangan.
Raqamlashtirilgan boshqaruv va Registator ofisi
Institutda oʻquv jarayonlarini boshqarish, baholash, akademik maʼlumotlarni yuritish, dars jadvali, fan dasturlari, arizalar va murojaatlar bilan ishlash tizimlari toʻliq raqamlashtirilgan. 2022-yildan boshlab faoliyat yuritayotgan Registator ofisi talabalarga 100 dan ortiq xizmatni onlayn tarzda taqdim etadi. Bu byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish va shaffoflikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sanoat bilan amaliy taʼlim integratsiyasi
Institut 100 dan ortiq yirik korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. “Uzbekistan GTL”, “Oʻzkimyosanoat”, “ARTEL”, “Uzbekneftgaz”, “Toshkentvino”, “ASL OYNA” va boshqa sanoat yetakchilari bilan kafedra filiallari ochilgan.
12 ta sanoat korxonasida talabalar uchun amaliy taʼlim tashkil etilgan. Har yili “Karyera kunlari”da 100 dan ortiq ish beruvchi ishtirok etadi, 500 nafardan ortiq bitiruvchilarga ish taklif etiladi. Shuningdek, talabalar uchun uch mahal ovqat, yotoqxona va transport bilan taʼminlangan ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etilgan.
Xalqaro hamkorlik va akademik mobililik
TKTI 40 dan ortiq mamlakatdagi 100 dan ziyod OTM va ilmiy markazlar bilan hamkorlik qiladi. Yildiz (Turkiya), Obuda (Vengriya), Cantenbria (Ispaniya), Tomsk politexnika (Rossiya), Shandong fanlar akademiyasi (Xitoy) kabi nufuzli hamkorlar bilan qoʻshma dasturlar, stajirovkalar va ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Erasmus+, GIZ, ECAMPUS, STEM Master kabi xalqaro grant dasturlari doirasida institutga 1 mln yevroga yaqin xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Hozirda 30 dan ortiq xorijiy professor institutda dars bermoqda, 140 dan ortiq xodim xorijiy stajirovkalarda qatnashmoqda.
Talabalar hayoti, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish
5 tashabbus asosida institutda 18 ta toʻgarak faoliyat yuritmoqda. Musiqa, sanʼat, sport, IT, kibersport, kitobxonlik va xotin-qizlar uchun 300 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi. “Qvz”, “Yosh musiqachilar ansambli”, “Talabalar teatri” va boshqa tashabbuslar doirasida minglab yoshlar faoliyat yuritmoqda.
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun 2025-yilda 2,7 mlrd soʻm ajratildi. Bunda ijarada yashovchilar, imtiyozli toifadagi talabalar, tanlov va sport gʻoliblari, aʼlochilar ragʻbatlantirildi. “Qalqon” guruhi aʼzolari, “Rector kubogi” gʻoliblari, “Yurtim qadriyatlari” va “Maʼrifat maydoni” kabi tanlovlarda faol talabalar moddiy mukofot oldi.
Matbuot anjumani soʻngida Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizni har tomonlama yanada rivojlantirish, xususan Toshkent kimyo-texnologiya institutida olib borilayotgan islohotlarni xalqimizga sifatli va tezkor yetkazishda jonbozlik koʻrsatgan jurnalist va blogerlarni 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Qabul jarayonlari haqida maʼlumot olish, hujjat topshirish yoki savollar boʻyicha murojaat qilish uchun quyidagi call-markazlar tashkil etilgan:
(71) 244-79-34, (71) 244-77-83, (71) 244-39-71
Hamkorlik materiali












