Yigʻilishda vazirlik, farmatsevtika klasteri va uni rivojlantirish boʻyicha Direksiyasi, ISSV huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda “Asakabank” AJ rahbariyati ishtirok etdi.
Yigʻilish chogʻida klaster va sanoat zonasi hududida mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan investitsiya obyektlarini qurish boʻyicha koʻrilgan choralari oʻrganildi. Tegishli rahbarlarning bajarilgan ishlar, xususan, klaster hududidagi Farmatsevtika texnika universiteti ilmiy-tadqiqot markazi va oʻquv binosi qurilishini jadallashtirish boʻyicha hisobotlari tinglandi. Berilgan topshiriqlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi uchun barcha masʼullar shaxsan javobgar ekanligi haqida ogohlantirildi.
Loyihalarni amalga oshirishning tasdiqlangan jadvallariga muvofiqligi ustidan har kuni monitoring olib borish, obyektlarni ishga tushirishni jadallashtirish uchun zarur resurslardan oʻz vaqtida foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: “Toshkent Pharma Park” Oʻzbekistondagi birinchi farmatsevtika klasteridir. Uning hududida bir qator loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ilmiy-tadqiqot, maʼmuriy va ishlab chiqarish obyektlarini qurish rejalashtirilgan. Klasterning umumiy maydoni 130 gektarga teng, shundan 90 dan ortigʻi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish sanoat zonasi hisoblanadi.