Toshkent shahrini har tomonlama rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi. Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida Toshkent shahri boʻyicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,8 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizga oʻsgan. Aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 31,2 mln soʻmdan ortiqni tashkil etgan.

Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi 8 ta kichik sanoat zonasida 1 trln 237,3 mlrd soʻmlik 582 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 239,2 mlrd soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yashnobod, Yangihayot tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar doirasida sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 6,8 trln soʻmlik 120 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

Jami 911,9 mln AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilinib, reja 137,2 foizga bajarilgan, eksport geografiyasi 80 ga yaqin mamlakatni qamrab olgan.

Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga asosan 221 ta loyiha doirasida 2 trln 946,6 mlrd soʻmlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.

Shuningdek, “Raqamli Toshkent” dasturi doirasida geografik axborot-tahlil tizimi – Geoportal joriy qilinib, unga vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilingan.

Shahar infratuzilmasi va davlat xizmatlari sifatini taʼminlash boʻyicha faol jamoatchilik nazoratini olib boruvchi “Xalq nazorati” portali va uning mobil ilovasi ishga tushirilgan. Portal orqali fuqarolardan kelib tushgan 3 mingdan ortiq muammoli masalaning 2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan.

Toshkent shahrini rivojlantirish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirilishi bilan bir qatorda, ayrim muammolar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar mavjudligi ham qayd etildi. Jumladan:
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davri davomida 30 nafar mulkdorga kompensatsiya mablagʻi toʻlab berilmagan;

jamoat transportining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash, ayniqsa, aholi gavjum nuqtalarda yoʻlovchilarning bir transportdan ikkinchi transportga qisqa vaqtda xavfsiz oʻtish imkoniyatini yaratish maqsadida qoʻshimcha ravishda transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish zarurati mavjud.

Qayd etilganidek, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar tasarrufidagi avtobuslarning 16,6 foizi (196 tasi) texnik nosozligi bois harakat muntazamligi taʼminlanmayapti, yoʻlovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti ayrim yoʻnalishlarda 25-40 daqiqani tashkil qilmoqda.

Toshkent shahrida oqova suvlarni qabul qilish boʻyicha mavjud Salar, Boʻzsuv va Bektemir inshootlarida suv tozalash samaradorligi loyiha boʻyicha 75 foizni tashkil etadi, biroq bugungi kunda ushbu inshootlar 35,5 – 51,3 % quvvat bilan ishlamoqda.

Shaharda qurilish obyektlarining keskin koʻpayishi natijasida hosil boʻlayotgan changlarni suv sepib bostirish choralari yetarlicha koʻrilmayotganligi atmosfera havosiga changlarning meʼyordan ortiq chiqarilishiga olib kelmoqda.

Joriy oʻquv yilida Toshkent shahridagi 25 ta umumtaʼlim maktabi 2,1 koeffitsiyentdan yuqori quvvat bilan faoliyat yuritmoqda, 2026-yilda maktab yoshidagi bolalar soni 496,1 mingga yetishi kutilayotganligi bois yangi maktablar qurishga ehtiyoj ham ortib bormoqda.

Joriy yilning 1-noyabr holatiga koʻra jinoyatchilik va huquqbuzarliklar darajasi 2020-yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga ortgan.

Soʻnggi yillarda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan birga, firibgarlik jinoyatining yangi turlari ham kelib chiqmoqda. Masalan, joriy yilning oʻtgan davrida Toshkent shahrida axborot texnologiyalari sohasida jami 580 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13 barobarga oshgan.

Psixotrop hamda kuchli taʼsir etuvchi moddalar, nazorat ostidagi dori-darmonlarning aholi orasida noqonuniy muomalasi keskin avj olib borayotganligi kriminogen vaziyatga jiddiy tahdid solmoqda. Ichki ishlar organlari tomonidan 59 ta dorixonada oʻtkazilgan tadbirlar davomida jami 66 ming donadan ortiq turli xildagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy sotilishi holatlari aniqlanganligi buning yaqqol tasdigʻidir.

Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammoli masalalarni hal etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrish zarurligi taʼkidlanib, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi va muhokama etildi.

Muhokama yakunida Toshkent shahrida oʻz yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.