Ushbu maʼsuliyatli vazifani sifatli amalga oshirish borasida Milliy gvardiya qoʻmondoni poytaxtimizda Oilaviy bolalar uyi tashkil qilish istagida boʻlgan fuqarolarni qabul qilib, ularga qisqa muddatlarda barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi yuzasidan tegishliligi boʻyicha masʼul vazirlik va tashkilotlar xodimlariga topshiriqlar bergan edi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugun Toshkent shahri Yunusobod tumanida ilk marotaba Umida va Polvon Turdaliyevlar oilasi 21 sonli Mehribonlik uyidan 5 nafar oʻgʻil-qizlarni oʻz tarbiyasiga olib Oilaviy bolalar uyi faoliyatini yoʻlga qoʻydilar, deya xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati.
Mazkur Oilaviy bolalar uyi ochilish marosimida Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Yunusobod tuman hokimligi va boshqa masʼul vazirlik hamda tashkilotlar mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, Umida Turdaliyeva boshlagan ushbu oliyjanob ishga muvaffaqiyat tilagan holda, doimo koʻmakdosh boʻlishlariga hamda oila aʼzosiga aylangan ushbu oʻgʻil qizlarning maʼnaviyatli va vatanparvar boʻlib kamol topishlariga ishonch bildirdilar.