Toshkent viloyatida global investitsiyaviy forum o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi

    Turizm 20 Yanvar 2021 2280

    O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov kecha Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Uchrashuvda O‘zbekiston turizm tarmog‘ining zamonaviy rivojlanishiga oid maʼlumot taqdim qilindi. Bugun soha tubdan isloh qilinayotgani, bundan ko‘zlangan maqsad turizmni milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning strategik yo‘nalishiga aylantirish ekani qayd etildi.

    Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan «Uzbekistan: safe travel guaranteed» sanitariya-gigiyenik protokoli, chet el fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish tartibi, Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti va ushbu sohaga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi.

    Taʼlim turizm sohasini yana-da rivojlantirish va qayta tiklash jarayonida muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Tomonlar O‘zbekistondagi sohaga oid kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarini sertifikatlash mezonlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi. Ushbu chora sayyohlik tarmog‘ida milliy kadrlarning kasb standartlari va mahoratini oshirish, shuningdek, professional kadrlarning ushbu yo‘nalishdagi jahon bozoriga faol kirishiga imkon beradi.

    Suhbatdoshlarning fikriga ko‘ra, hamkorlikning yana bir yo‘nalishi turizm sohasiga sarmoyalarni jalb qilishni qamrab olishi kerak.

    UNWTO Bosh kotibi Toshkent viloyati sayyohlik salohiyati, xususan, Amirsoy tog‘-chang‘i kurortida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, O‘zbekiston pandemiya davrida turizmga sarmoya kiritishda davom etayotgan kam sonli davlatlardan biri ekanini qayd etdi.

    Tomonlar 2021 yil iyun oyida (jahondagi sanitariya-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda) Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida UNWTO shafeligida global investitsiyaviy forum o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

    Zurab Pololikashvili UNWTO Italiya bilan birgalikda birinchi bolalar sayyohlik forumini tashkil qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi hamda ushbu anjumanda yosh sayyohlarni tarbiyalash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi taqdimotini o‘tkazish taklifini ilgari surdi. 2022 yil ikkinchi bolalar sayyohlik forumini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni so‘radi.

    Muzokaralarda O‘zbekiston ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

    UNWTO rahbari O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi boy merosini eʼtirof etib, xalqaro tashkilot har ikki yilda bir marta ushbu mavzuda tadqiqot o‘tkazishini taʼkidladi. U respublikaning tarixiy merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni ushbu tadqiqotning 2021 yilda chop etiladigan navbatdagi soniga kiritishni taklif qildi.