Sanoat ishlab chiqarish obyektlari va korxonalariga tashrif buyurildi, ular misolida turli tarmoqlarning rivojlanish masalalari, shuningdek yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar oʻrganildi.

Ishchi guruh aʼzolari tadbirkorlar va eksportchilar bilan bevosita muloqot orqali ishlab chiqarish va eksport faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilib, ularni hal qilish mexanizmlarini ishlab chiqdilar. Ularni bevosita joylarda amalga oshirish boʻyicha mutasaddi rahbarlarga koʻrsatmalar berildi.

Hudud sanoatini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ichki bozorda talab ortib borayotgan, asosan import qilinadigan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarni hayotga tatbiq etishda investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan, hududiy import tarkibini har tomonlama tahlil qilish, aniq tovar turlarini aniqlash va Toshkent viloyatida ushbu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha loyihaviy takliflarni ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, aholini infratuzilmaviy va ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlashdagi mavjud muammolarni inventarizatsiya qilish, ularni bartaraf qilish boʻyicha masʼul rahbarlar va ijro muddatlari belgilangan holda aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi.

Hozirgi kunda ishchi guruh viloyatdagi mavjud muammolarni oʻrganish va ularni hal qilish boʻyicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqishni davom ettiryapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.