Bugun Reyn-Rur shahri (Germaniya)da boʻlib oʻtgan Butunjahon yozgi “Universiada” oʻyinlarida munosib ishtirok etgan Oʻzbekiston jamoasi yurtimizga qaytib kelishdi.

Sportchilarimizni Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov, Sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirokida tantanali tarzda kutib oldi.

Marosimda soʻzga chiqqan sportchilarimiz erishgan natijalar mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramiga munosib sovgʻa boʻlganligi, yurtimizda Davlatimiz rahbari tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor oʻz natijasini berayotganligini faxr va iftixor bilan tilga olishdi.

Maʼlumot uchun, joriy yilning 16-27-iyul kunlari Reyn-Rur shahri (Germaniya)da Butunjahon yozgi “Universiada” oʻyinlari oʻtkazildi.

Mazkur Butunjahon yozgi “Universiada” oʻyinlarida dunyoning 113 ta davlatdan 18 ta sport turi boʻyicha 5 100 nafardan ortiq talaba sportchilar 234 ta jamlanma medallar uchun bahs olib bordi. Oʻzbekiston sport delegatsiyasi mazkur musobaqada 11 ta sport turi (kamondan otish, sport gimnastikasi, yengil atletika, suvga sakrash, dzyudo, badiiy gimnastika, eshkak eshish, suzish, stol tennis, taekvondo VT va tennis) boʻyicha 18 ta oliy taʼlim muassasalarida tahsil oluvchi 53 nafar sportchilardan iborat tarkib bilan ishtirok etdi.

Oʻzbekiston sport delegatsiyasi musobaqa yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Universiadalar tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi , 5 ta sport turi boʻyicha (suzish, badiiy gimnastika, yengil atletika, taekvondo VT, dzyudo) 4 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza, jami 15 ta medal qoʻlga kiritdi.

Ushbu natija bilan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi umumjamoa hisobida 13-oʻrinni, Markaziy Osiyo davlatlari orasida 1-oʻrinni egallaladi (Yaponiya 1-oʻrin, Xitoy 2-oʻrin, AQSH 3-oʻrin, Koreya 4- oʻrin, Italiya 5-oʻrin, Ozarbayjon 24-oʻrin, Qozogʻiston 37-oʻrin, Qirgʻiziston 38-oʻrin).

Shuningdek, Universiadalar tarixida ilk bor suzish, badiiy gimnastika va yengil atletika sport turlaridan medallar qoʻlga kiritildi.