Toshkentda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkasaroy tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar fosh boʻldi.

    Qayd etilishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan M.U. oʻtkazish maqsadida boshqa shaxslardan olib kelgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 300 quti (jami 1 500 dona) “Ferrozal“ nomli dori vositasini fuqaro T.A.ga 21 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, uning avtomashinasidan yana 4 quti dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3 moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.