Matbuot anjumanida poytaxtdagi yer va koʻchmas mulk bilan bogʻliq vaziyat atroflicha tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, 2025-yil davomida tizimni raqamlashtirish va shaffoflikni taʼminlash borasidagi harakatlar natijasida yer nazorati jarayoniga zamonaviy texnologiyalar, xususan, dronlar va “E-yer nazorat” avtomatlashtirilgan tizimi keng joriy etildi. Bu esa yerga oid har qanday qonunbuzilish holatlarini inson omilisiz, masofadan turib va tezkor aniqlash imkonini bermoqda.

Olib borilgan nazorat tadbirlari davomida poytaxt hududida jami 3927 ta holatda 61,3 gektar yer maydoni oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi fosh etildi.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, bu kabi huquqbuzarliklarning asosiy qismi Yunusobod, Sergeli, Mirzo Ulugʻbek va Mirobod tumanlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Aniqlangan holatlar yuzasidan noqonuniy qurilmalarni buzish va yerlarni davlat zaxirasiga qaytarish maqsadida sudlarga 1622 ta daʼvo arizasi kiritilgan, jinoyat alomatlari kuzatilgan ish hujjatlari esa qonuniy chora koʻrish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan sifat menejmenti va korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari boʻyicha xalqaro sertifikatlarning qoʻlga kiritilishi bu yoʻnalishdagi islohotlarning amaliy natijasi boʻldi.

Shuningdek, yer uchastkalarini ajratish jarayoni toʻliq “YERELEKTRON” tizimi orqali onlayn-auksionlarga oʻtkazilgani sohadagi shaffoflikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Poytaxtdagi koʻchmas mulk bozorining oʻsish dinamikasi ham diqqatga sazovor. 2026-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, Toshkent shahridagi koʻchmas mulk obyektlarining umumiy soni 881 570 tani tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich shaharning urbanizatsiya darajasi yuqori ekanligini tasdiqlash bilan birga, har bir mulk va yer maydonining hisobini aniq yuritish masʼuliyatini yanada oshiradi.

Tadbir yakunida yerdan noqonuniy foydalanish uchun javobgarlik muqarrar ekanligi, tizimdagi raqamlashtirish jarayonlari esa bundan buyon ham korrupsiya va qonunbuzilish holatlariga chek qoʻyishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.