Ushbu nufuzli anjumanda jahonning 30 dan ortiq davlatidan kelgan 100 dan ziyod yetakchi umurtqa jarrohlari ishtirok etib, oʻz maʼruzalarini taqdim etdi.
Muammolarga yechim haqida doim takliflar boʻladi, biroq uni amaliyotga qoʻllab samarali natijaga erishish uchun qanday hamkorlik kerak. Shu maʼnoda konferensiyaning dolzarbligi nimada boʻldi.
— Bugungi kunda umurtqa pogonasi kasalliklari, jumladan, disk churralari butun dunyodagi aholi salomatligiga tahdid soluvchi jiddiy muammolardan biriga aylandi, — deydi Tibbiyot fanlari doktori Ilhom Hoʻjanazarov. — Ayniqsa, texnologik taraqqiyot va zamonaviy turmush tarzi ortidan suyak-muskul tizimiga bogʻliq kasalliklar soni ortib bormoqda. Bunday vaziyatda jarrohlikning endoskopik usullari tobora koʻproq dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Kuni kecha Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamkorligidagi CASMISS (Central Asian Society of Minimal Invasive Spine Surgery) III xalqaro konferensiyasi tashkil etishdan maqsadimiz ham shu edi. Ushbu nufuzli anjumanda taʼkidlaganingizday, jahonning 30 dan ortiq davlatidan olimlar keldilar. 100 dan ziyod umurtqa jarrohlari ishtirok etdilar. Mahalliy olimlarimiz ham konferensiyaga oʻz maʼruzalarini taqdim etdilar.
Konferensiyaning asosiy mavzusi — umurtqa disk churralarini zamonaviy endoskopik usulda davolash sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrtoqlashish edi. Men ishonch bilan ayta olamanki, shu kungacha bu borada klinik yondashuvlar va texnik yangiliklar mavjud edi, endigi qadam oʻsha tajribalarni amaliyotga olib kirib avvalgidanda zamonaviy va osonroq uslublarni fanga yoʻnaltirish. Maʼruzalar jarayonida olimlar tomonidan taqdim etilan usullarning kam jarohatliligi, bemorning tiklanish muddatini qisqartirishi hamda retsidiv holatlarni kamaytirishi xususida aniq takliflar eshitdik.
Shu maʼnoda CASMISS anjumani nafaqat ilm-fan, balki amaliy soha mutaxassislarining tajriba almashishi uchun ham samarali platforma boʻlib xizmat qiladi. Konferensiya davomida qator amaliy master-klasslar, mutaxassislar oʻrtasida qizgʻin muhokamalar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muzokaralar oʻtkazilgani yosh olimlar uchun juda qiziqarli va foydali boʻldi deb oʻylayman.
Xulosa oʻrnida aytishim mumkinki, CASMISS III xalqaro konferensiyasi Oʻzbekiston tibbiyoti, xususan, neyroxirurgiya va ortopediya sohalaridagi islohotlar va ilmiy izlanishlarning amaldagi natijasi sifatida baholanadi. Bunday nufuzli tadbirlar nafaqat tibbiy bilim va texnologiyalarni almashishga, balki mamlakatimizda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, yangi innovatsion yondashuvlarni joriy etishga xizmat qiladi. Zero, umurtqa jarrohligidagi zamonaviy endoskopik usullarni rivojlantirish — soha kelajagining muhim yoʻnalishi ekan bu kabi fikr almashuvlar hamon dolzarbligicha qolaveradi.
Hamkorlik materiali