4 yil davomida oʻtkazib kelinayotgan “Navroʻz” Toshkent xalqaro marafoni nafaqat professional sportchilarni, balki oʻz sogʻligʻi uchun barcha yoshdagi yuguruvchi sport ishqibozlarini ham jamladi hamda Oʻzbekistondagi eng yirik, eng muhim sport tadbirlaridan biriga aylandi.
Marafonning start va finish chizigʻi Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari chorrahasi (“Humo Arena” muz saroyi) da joylashgan boʻlib, SHHT Toshkent xalqaro yarim marafonining yoʻnalishi poytaxtning markaziy koʻchalari yaʼni Nukus, Abdulla Qodiriy va Abay boʻylab oʻtadi.
Bu yil yugurishlar ikki masofada, klassik marafon (42 km 195 m) va 10 km masofada oʻtkazilmoqda. Marafon masofasida sportchi masofani bosib oʻtishi kerak boʻlgan vaqt chegarasi belgilandi. Marafon yugurishida qatnashuvchilarning yoshi 18 yosh va undan katta, 10 km masofaga yugurishda ishtirokchilarning yoshi cheklanmagan.
Marafonda va 10 km masofaga yugurishlarda har qanday jismoniy shaxslar va tashkilotlar ishtirokchi anketasini toʻldirish orqali belgilangan muddatlarda roʻyxatdan oʻtishi mumkin.
Trassa yoʻnalishi Xalqaro AIMS tizimi tomonidan sertifikatlangan boʻlib, trassaning uzunligi 21 km 97,5 mni tashkil etadi va marafon ishtirokchisi ikki davra yugurishi kerak.
Marafonda erkaklar va ayollar oʻrtasida 1-5 oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan (1-oʻrin – 30 million, 2-oʻrin – 20 million, 3-oʻrin – 10 million, 4-oʻrin – 5 million, 5-oʻrin – 3 million soʻm) hamda gʻolib, sovrindorlar medallar bilan taqdirlanadi.
10 km masofada erkaklar va ayollar oʻrtasida 1-3 oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar pul mukofotlari (1-oʻrin – 3 million, 2-oʻrin – 2 million, 3-oʻrin – 1 million soʻm) va medallar bilan taqdirlanadi.
Musobaqa gʻoliblari va ishtirokchilariga tadbir tashkilotchilari va homiylari tomonidan qoʻshimcha sovgʻalar topshirilishi mumkin.
Marafon masofasini belgilangan vaqt ichida bosib oʻtgan ishtirokchilar marra medaliga sazovor boʻladi.
Toshkent xalqaro “Navroʻz” marafonida OʻzNADA vakillari ishtirok etadi, xodimlar ixtiyoriy sportchilardan tanlab doping-test olishlari mumkin boʻladi. Doping tekshiruvidan oʻtgan sovrindor sportchilar, tahlil natijalari aniq boʻlganidan soʻng mukofot pullarini olishlari mumkin hisoblanadi.