O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida o‘tgan yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarining bugungi holati, istiqbollari muhokama etildi.
Majlisda ikki Davlat rahbarlarining uzoqni ko‘zlagan siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib borayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Tashrif doirasida qator qo‘shma tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Prezidentlar raisligida ikki mamlakat hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘ldi. Unda Rossiyaning 26 ta viloyatidan vakillik delegatsiyasi ishtirok etdi. Hududlararo muloqotni yana-da mustahkamlash va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Darhaqiqat, joriy yilning o‘tgan davrida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Hukumatlar darajasidagi aloqalar jadal davom etmoqda.
Keyingi yetti yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 baravar ko‘paydi. Joriy yilning yetti oyida esa tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga oshgan.
Majlisda Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan hukumatlar zimmasiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 millard dollargacha yetkazish vazifasi qo‘yilgani, bunga erishish uchun hamkorlik loyihalarini izchil amalga oshirish hamda import o‘rnini bosish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi alohida qayd etildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda uch mingdan ziyod qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida Rossiyada ham o‘zbek kapitali ishtirokida ko‘plab tadbirkorlik subyektlari ishlamoqda.
Metallurgiya, energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari yo‘lga qo‘yilgan.
Transport-tranzit yo‘nalishi o‘zaro hamkorlikning yana bir muhim tarmoqlaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar soni haftasiga qariyb 300 taga yetdi. Temir yo‘lda yo‘lovchi tashish esa to‘laligicha tiklandi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Madaniyat, san’at, turizm, fan, sport yo‘nalishlarida aloqa jadallashdi. Yetakchi oliy o‘quv yurtlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Rossiya yetakchi oliy o‘quv yurtlarining 14 ta filiali yurtimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Majlisda istiqbolli sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarining amalga oshirilishini ta’minlash hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish rejalari ko‘rildi.
Shuningdek, erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilinib, o‘zaro hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlari kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike qabul qilindi hamda bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanadi.
Shu kunining o‘zida Rossiya Federatsiyasi hukumati delegatsiyasi Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi va Texnoparkda bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar bilan tanishdi.