Toshkent koʻchalarida goʻyoki «Obodonlashtirish xodimlari« qiyofasida, avtoulov egalaridan pul soʻrab tilanchilik qilayotgan ayrim ayollar aniqlandi, deya xabar bermoqda Chilonzor tumani hokimligi axborot xizmati xabariga tayanib, uznews.

Hokimlik eʼlon qilgan videoreportajda obodonlashtirish xodimlari murojaat bilan chiqib, chorrahalarda ayrim ayollar oʻzlarini obodonlashtirish xodimi sifatida tanishtirib, chorrahalarda avtomobil egalaridan pul soʻrayotgan ayollardan bu ishidan qaytishini soʻrashdi.

Hokimlik masʼul xodimlaridan biri koʻchada obodonlashtirish xodimlarining kiyimlarini kiyib yurgan soxta xodimlarning oldiga borib, ularni soʻroqqa tutganida, ular Olmazor tumani hokimligi Obodonlashtirish boʻlimi xodimlari ekanini aytishdi. Shu vaqtda Obodonlashtirish boʻlimi rahbariga qoʻngʻiroq qilinib, haqiqatda shunday xodimlar borligini soʻralganida, tizimda bunday xodimlar yoʻqligi aniqlandi.

Soxta obodonlashtirish xodimlari ular haqiqatda xodim emasligini tan olib, pul topishga imkoni yoʻqligi, shu sabab shunday yoʻl orqali pul topishga majbur boʻlganini aytishdi.

Shundan soʻng, Obodonlashtirishning haqiqiy ayol xodimalari ularga murojaat qilib, bu yoʻldan qaytishini iltimos qilishdi.

«Ular (obodonlashtirish xodimlarining kiyimlarini kiyib yurgan soxta xodimlar — tahrir) biz bilan birga ishlamaydi. Jon opa-singillarim halol mehnat qilaylik. Chorrahada 4-5 nafar ayollar obodonlashtirish xodimlarining liboslarini kiyib olib, tilanchilik qilyapti. Biz unday inson emasmiz, bizni unday inson deb oʻylamanglar. Biz halol mehnat qilamiz. Bizning xalatlarimizni kiyib, bunday isnodlar keltirmanglar«, — deydi obodonlashtirish xodimasi.