Toshkentda USAIDning “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi faoliyatini boshladi

    Ta'lim 22 Fevral 2024 2090

    2024-yil 20-fevralda Toshkent shahrida USAIDning besh yillik “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi ishga tushirildi.

    Tadbirda vazirlik va idoralarning yuqori darajadagi mutasaddilari, BMT, nogironligi boʻlgan shaxslar tashkilotlari va xalqaro taʼlim sohasining ekspertlari ishtirok etishdi.

    Oʻzbekiston hukumati nogironligi boʻlgan bolalar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qatʼiy choralar ishlab chiqdi. USAIDning “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi inklyuziv taʼlim bilan bogʻliq uchta muhim yoʻnalishni qoʻllab-quvvatlaydi:

    - inklyuziv taʼlim uchun qulay oʻquv-metodik materiallar,

    - oʻqituvchilar uchun amaliyot va maktab muhitini yaratish, shu bilan birga

    - asosiy manfaatdor tomonlar, yaʼni oʻqituvchilar va nogironligi boʻlgan shaxslar bilan birgalikda ishlab chiqilgan barqaror siyosatni rivojlantirish.

    USAIDning Oʻzbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman oʻz murojaatida har bir bolaga xos boʻlgan ulkan salohiyat, har bir bolaning rivojlanishi va oʻz salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishi uchun taʼlim imkoniyatlarini yaratish yuzasidan jamoaviy masʼuliyat haqida toʻxtaldi.

    Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Oʻzbekistondagi har bir bolaning muvaffaqiyatini taʼminlashda hamkorlik va fidoiylik muhim oʻrin tutishini taʼkidlab oʻtdi.

    USAID besh yil davomida “Barcha bolalar muvaffaqiyati” loyihasiga 25 million dollar ajratishni rejalashtirgan. Loyiha Creative Associates International hamda Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlari, AQSHning Sirakuz universiteti qoshidagi nogironlik va inklyuziya markazi, Praxis Plus va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

    Tadbir yakunida Creative Associates International, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari tomonidan sifatli inklyuziv taʼlimni tashkil etish va Oʻzbekistondagi barcha bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida hamkorlikda ish olib borish nazarda tutilgan Hamkorlik Kelishuvi imzolandi, deb xabar beradi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

    .