So‘nggi 3 yilda biznes uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qariyb 8 trillion so‘mdan ortiq xarajatlarning oldi olindi

    Joriy yil 8-noyabrda Adliya vazirligi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda «Qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta'sirini baholash: islohotlarni amaliyotga tatbiq etish» mavzusida seminar o‘tkazdi.

    Unda adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ishtirok etib, qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta'sirini baholash va ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga to‘htalib o‘tdi.

    Ta’kidlangandek, O‘zbekistonda 2021-yilda norma ijodkorligida tartibga solish ta'sirini baholash (TSTB) instituti joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda ham qonunchilik hujjatlari loyihalari, ham amaldagi hujjatlarning fuqarolar huquq va erkinliklari, tadbirkorlik va atrof-muhitga ta'siri baholanib kelyapti.

    Ushbu tizim joriy etilganligiga hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, dastlabki natijalarini bera boshladi. Xususan, so‘nggi 3 yilda qonunchilik hujjatlari loyihalaridan aholi va tadbirkorlarga majburiyat yuklovchi normalar chiqarib tashlandi hamda biznes uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qariyb 8 trillion so‘mdan ortiq xarajatlarning oldi olindi.

    Shuningdek, amaldagi qonunchilik hujjatlarining ta'sirini baholash orqali o‘z samarasini bermayotgan normalar bekor qilindi. Bu esa tadbirkorlik sub'ektlarini o‘rtacha yillik 850 milliard so‘mdan ortiq xarajatdan xalos etadi.

    «Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta'minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan qonunchilik hujjatlari loyihalari ta'sirini baholashning soddalashtirilgan va kengaytirilgan tartibi joriy etildi. Amaldagi qonunchilik hujjatlarining samaradorligini tahlil qilish va baholash tizimi takomillashtirildi.

    Bundan tashqari, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ularning bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish maqsadida vazirlik huzurida Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti tashkil etilgan.

    Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda davlat organlarining tartibga solish ta'sirini baholashga mas'ul xodimlarining bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan 10 ta moduldan iborat Tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha o‘quv qo‘llanma ishlab chiqilgan. Unda TSTBga oid barcha masalalar sodda va ravon tilda tushuntirib berilgan. Seminar doirasida ushbu qo‘llanmaning taqdimoti ham o‘tkazildi.

    Adliya vazirligi matbuot xizmati.