Toshkentdan uy olish kerak (luqma)

    Har kim farzandi uchun jon koyitib yasharkan-da. Quvvatqul aka ham oʻgʻli Panjivoy poytaxtga oʻqishga kirgandan keyin tashvishlari koʻpayganini bot-bot taʼkidlab qoʻyadi...

    Aslida, bola deganning kamxarj payti maktabda oʻqiydigan davri boʻlarkan. Yozning oxirida bir tuqqan qoʻyni sotib, kiyim-kechak qilib berasiz, kelgusi yilgacha oʻsha qoʻyning bolasi yetilib qoladi. Uch oʻgʻil kiyimlarni zina kiyaveradi — toʻngʻichga olib berilganini kenjatoy yirtadi. Bu ham oila qadrdonligi falsafasi.

    Eh-he, bolalar oʻquvchilik paytlarida osmonda uchib yurar ekansiz — pul yigʻmoq, yigʻilgan pulga nimadir olishni oʻylamoq… Quvvatqul oʻshanda oʻylagan-u, lekin moʻljalni sal boshqacha olgan ekan. Orttirganiga mashina olib, u eskirsa, ustiga pul qoʻshib, yana mashina olib yashayveribdi. Otasidan qolgan 20 sotix hovli, qaynotasi bergan besh-oʻnta qoramol — hech narsani oʻylamas edi. Ha, qayerdan bilibdi bu mushtday bolalar kelajakda oʻqishga qiziqib, Toshkentga ketishiniyu poytaxtdan uy kerak boʻlishini!

    Oshnasi Qadamboy esa pishiq chiqqan, bir nimani bilganday, oʻshanda eski “Jiguli”sini sotib, Toshkentdan uy olib qoʻyganini qarang-a! Bugun shu qoʻnalgʻada oʻgʻli yashayapti. Qadamboyni u zamonda hech kim pisand qilmasdi, lekin bugun qishloqda manaman deydiganlarning ham Toshkentda uyi yoʻq — borsa, biror qarindoshi yoki tanishining eshigini taqillatib oʻtiradi.

    Zamon zamonligini qiladi, vaziyatdan kelib chiqib, harakat qilgan yaxshi. Ehtiyoj toki qonmaguncha, ehtiyojligicha qolaveradi. Xullas, Toshkentdan uy kerak! Quvvatqul aka ham 20 bosh qoramolning puliga mashina pulini qoʻshib, Panjivoyga uy olib berish uchun Toshkentga keladigan boʻldi. Qarindoshdan koʻpi yoʻq, lekin kenja bojasinikiga borishni afzal bildi. Hovur soʻnmasin dedi, chala-chulpa mehmon boʻlgan boʻlib, boja ishdan kelguncha uy qidirmoqqa chiqdi.

    Shu koʻp qavatli uyning oʻzida bir eʼlon yopishtirilgan ekan: “Prodayotsya kvartira”. Uy egasi rus boʻlsa kerak, deb oʻyladi avvaliga. Yutina-yutina telefon qildi — qayerda, oʻzimizning qorakoʻzgina oʻzbek chiqdi. Quvvatqul akamiz Toshkentga kunda kelib yuribdimi, qayerdan bilsin bu shaharning odamlari rus tilida gapirishni obroʻ deb bilishini. Sodda Quvvatqul-a!

    Mayli, dedi-da, uy haqida gaplashgan boʻldi. “Qirq ming” emish — soʻrab-soʻrab, soʻmda qancha boʻlishini ham bilib oldi. Qimirlasa, qurbi yetadigan narx. Kechga uyni koʻrishga kelishib oldi.

    Kechqurun mehmondorchilik avjiga chiqib, uy koʻrish ham yoddan koʻtarilibdi. Ertasiga ertalab haligi odamga telefon qilib, uyni koʻrgani borsa, narx “qirq ikki ming”ga aylanibdi. Shunday boʻlib qoldida, deydi. Quvvatqulning otasidan qolgan odati bor — boʻralatib soʻkadi.

    Hamma narsaning vaqt oʻtgan sari bahosi pasaysa, poytaxtdagi uylarning narxi oy sayin, hafta sayin emas, soat sayin osharkan. Yana xijolat boʻlish ham yoʻq — loʻqqayib, shunday boʻlib qoldi-da, bu bozor, deb turaveradi. Bojasining aytishicha, bundaylar uy egasi emasmish, maklermi, bir balo, deyilar ekan.

    Quvvatqulning bundaylardan koʻngli qolib, surishtira-surishtira yangi uy qurayotgan bir quruvchi firmani topib bordi. Sotuvchilari zap gapga oʻqigan ekan-da — toza havoning hammasi shu koʻp qavatli uyda boʻlarkan. Narxi ham 2 xonali uy uchun haligi “olibqochar”ning aytganidan pastroq. Quvvatqulning sal koʻngli yorishdi. Borib koʻraylik-chi desa, haligi sotuvchilar baribir gapga chechanligini isbot qildi — his-hayajonsiz ohangda aytdi, ikki yillarda qurib topshirishar ekan. Eng qizigʻi — qorasuvoq holatda. Hozir chuquri (kotlavan) qazilyapti ekan. Eh, Quvvatqul... Shundaylarni koʻrganda oʻzini ham shu chuqurga koʻmib yuborgisi kelarkan odam. Dunyoda insof qolmadimi yoki inson qolmadimi?

    Quvvatqulning koʻziga qishloq magazinida tegirmon uni narxini 10 ming soʻmga oshirib, odamlardan malomatga qolgach, yana eski narxda sota boshlagan Oltivoy insofliroq koʻrindi. Axir u odamlarning imkoniyatini tushungan edi-da.

    Hamma besh qoʻlini ogʻizga uraversa, qoʻl bajaradigan ishlarni nima bajaradi? Odamga aql toʻgʻrilik yoʻlida ishlatish uchun berilgan. Bobosi shunday der edi har holda.

    Quvvatqul aka hamon Toshkentdan sotib olish uchun uy izlayapti, insofli, diyonatli, uyga vijdonini ham qoʻshib sotmayotganlarning uyini.

    Jonibek ALIJONOV
    ("Yangi O‘zbekiston" gazetasi, 2024-yil 3-fevral, № 25)