“Pul topib, aql topmaganlar-a”, der edi rahmatli momom pulni notoʻgʻri ishlatsak. “Mashaqqatli mehnatlaring natijasini bunday isrof qilmanglar, pul topib besamar yoʻqotaversalaring, borib-borib aqlni yoʻqotasizlar”, deya qoʻshib qoʻyardi.
Nazarimda, biz shunday davrni boshdan kechiryapmiz. Kimoshdi toʻy-hashamlar, taʼziya marosimlaridagi isrofgarliklarni pul topib, aql topmaganlar qildi, desak hech ham xato boʻlmaydi. Chunki bunday tadbirlar haqiqiy musobaqaga aylanib ketdi. Unda gʻoliblar boʻlmaydi, hamma yutqazadi, ammo hech kim bu bemaʼni musobaqani toʻxtatish kerak, ortiqcha pulingiz boʻlsa, muhtojlarga yordam bering, isrofgarliklarning ertaga javobi bor, demadi.
Binobarin, Prezidentimiz bu muammoning oldini olish zarurligini birinchi boʻlib aytdi. Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ilovasida 2025-yilning avgust oyigacha toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼrakalar va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish boʻyicha parlament palatalari kengashlarining qoʻshma qarori qabul qilinishi belgilab qoʻyildi.
Ayni damda toʻy-hasham, maʼraka va marosimlardagi isrofgarliklarning oldini olishga qaratilgan targʻibot ishlari kuchaytirilib, loyihalar ishlab chiqildi.
“Maromiylik” loyihasi shunday loyihalardan. U Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga masʼullar, olimlar, ziyolilar, xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Endi milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan toʻylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi ortiqcha rasm-rusumlar — “kuyov navkari”, “ota koʻrdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “togʻora yuborish” va hokazolarni oʻtkazish taqiqlanadi.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bogʻlab, oʻylab topilgan ortiqcha tadbirlar — “yetti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni oʻtkazishga ham yoʻl qoʻyilmaydi, tartibni buzganlar tegishli javobgarlikka tortiladi.
Toʻgʻrisini tan olish kerak, momom aytgandek boʻldi: pulni bemaqsad ishlataverib, aqlni ham yoʻqotib qoʻydik. Boʻgʻzigacha qarzga botish, toʻy qilaman deb qarindosh-urugʻdan begonalashish, toʻyda pul sochish, manmanlik, maqtanchoqlik aqlni yoʻqotishdan boshqa narsa emas. Ijtimoiy tarmoqlarga yopishib olish natijasida bizni yorugʻ kunlarga boshlovchi manba — kitob oʻqimay qoʻydik. Kitob oʻqimaslik tafakkurni toraytiradi, tafakkuri torlar esa oʻsha manmanlikka, maqtanchoqlikka beriladi.
“Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari munosabati bilan uyma-uy yurganimizda oʻzbek xonadonlarining 70 foizida kitob javoni ham, kitoblar toʻplami ham yoʻqligiga guvoh boʻldik. Hududlarga borsangiz, odamlar “Saodat” jurnali hali ham chiqyaptimi?”, “Guliston” degan jurnal haliyam bormi?” deb savol beradi. Mamlakatimizda nashr etilayotgan gazeta-jurnallarning hatto nomini bilmaydigan maktab direktorlariyu mahalla raislari bor, desam ishonavering.
Aql qanday yoʻqolayotganini hammamiz bilamiz. Endi aqlni yigʻib olish vaqti keldi. Bundan buyogʻiga sovchi boʻlib borayotgan xonadonimizda kitob javoni bormi-yoʻqligiga eʼtibor qarataylik.
Endi boʻlajak kuyovga otasining davlatiga qarab emas, dunyoqarashi, oʻqishiyu uquviga qarab, baho beraylik. Nasl-nasabida ziyoli, hunarli, imon-eʼtiqodlilar borligiga qarab, rishta bogʻlaylik.
Mustaqil dunyoqarashi shakllanmagan, oliy maʼlumot olmagan yoki hali biror kasb-kori yoʻq yigitga qiz berish, hayot qiyinchiliklarini tatib koʻrmagan, pul qayerdan kelib, qayerga ketayotganini tushunishiga hali ancha bor erka, tantiq qizni kelin qilish oqibatida oilalar buzilaveradi, “tirik yetim”lar paydo boʻlaveradi.
Pandemiya sharoitida oʻtgan Z0 kishilik toʻy marosimlarini xalqimiz xayrixohlik bilan kutib olgandi. Qani edi karantindan keyin ham toʻylarning sarf-xarajati shundayligicha qolganda, zoʻr boʻlardi degan fikrlar bildirilgandi oʻsha paytda.
Nima uchun bildirilgan oʻsha fikrlar esdan chiqdi? Koʻpchilik boʻlib maʼqullasak, xalq mushtarak maqsadda bir yoqadan bosh chiqarsa, albatta, risoladagidek ixcham toʻylar boʻladi. Bir kunlik dabdabaga ketadigan mablagʻni yoshlarning oliy taʼlim olishi uchun kontrakt puli, alohida uy-joy qilishi, kompyuter jamlamalarini olishi, til oʻrganishi, sport bilan shugʻullanishiga sarflasak yaxshi emasmi? Albatta, yaxshi. Buni tezroq qilishimiz lozim.
Sepga buncha koʻrpa-toʻshak nega kerak?
Toʻrt qator qilib, xilma-xil duxobadan, atlasu adrasdan koʻrpa, koʻrpacha va yostiqlar qilish hamon urfda. Aslida, hozir bular nima uchun kerak? Uyimizda kelinimiz va oʻzimiz qoʻshib qilgan 20 dan ortiq koʻrpa-toʻshak va shuncha yostiq joy egallab yotibdi. Qishki zaxini yoʻqotish uchun 6 yildan buyon har yozda oftobga yoyamiz va qaytib kiritib qoʻyamiz. Nima qilaylik: birovga berib boʻlmasa, tashlab yuborishga koʻzing qiymasa.
Aksariyat kelin-kuyovlar bu koʻrpa-toʻshakdan foydalanmaydi. Chunki ularning oʻziga mos zamonaviy, ixcham jomadonli koʻrpa-toʻshaklari va yostiqlari bor. Bu paxtali toʻshaklar ogʻir boʻlgani uchun ularni keksalar ham yopinmaydi. Shunday ekan, ular nega kelinning sepiga taxlanadi?
Qadimda uzoqdan kelganlar toʻy boʻlgan xonadonda bir necha kunlab qolib ketgan va mana shu koʻrpa-toʻshakdan foydalangan. U paytlarda yoʻllar olisligi, transport muammosi odamlarning bir-birinikida tunab qolishiga sabab boʻlgan. Hozir koʻpchilikning shaxsiy transporti bor. Aytilgan vaqtda toʻydan chiqib, uyiga yetib olish imkoni bisyor. Hatto aka-uka, opa-singillarning ham bir-birinikida yotib qolishga koʻp hollarda vaqti yoʻq. Shunday ekan, son-sanoqsiz koʻrpa-toʻshak, yillab joy egallab turadigan chinni va billur idishlar nima uchun kerak?
Sarpodagi ortiqcha kiyim-kechaklar, bir yil oʻtmay urfdan chiqib ketadigan poyabzallar uchun ham pulni aql bilan ishlatadigan vaqt keldi. Qudalarga sotib olinadigan toʻnlar oʻsha kuni yelkaga tashlanadi, xolos. U zarbof toʻnlarni, mayda qavilgan choponlarni kiyib koʻchaga chiqib boʻlmasa. Qancha pulga olinadigan toʻnlar yillar davomida joy egallab turaveradi, turaveradi. U toʻydan bu toʻyga, u yubileydan bu yubileyga oʻtaveradi, oʻtaveradi. Mana bizning ahvolimiz.
Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda ota-onalarning farzandi boshlangʻich taʼlimiga, oliy taʼlimiga sarflaydigan mablagʻini biz tasavvur ham qila olmaymiz. Uyini sotib, qizini yaxshi maktabda oʻqitgan va yillar davomida riksha degan aravada yashagan hindni aqli zaifga chiqarishimiz mumkin. Bir isteʼdodli bolasi oliy maʼlumotli boʻlishi, turli laboratoriyalarda tajriba oʻtkazishi, qoʻshimcha oʻquv dasturlari sotib olishi uchun oilada
8 kishi mehnat qilib, qobiliyatini yuzaga chiqarishiga hissa qoʻshgan yapon oilasini tushunishimiz nahotki, shunchalar qiyin.
Aksariyatimiz ibratxona boʻlgan teatrga borishi uchun bolamizga 50 ming soʻm bermaymiz baʼzida. Yil davomida uyimizga kirib keladigan xazina — gazeta-jurnallarning bir yillik obunasiga ketadigan pulni yangi ochilgan kafe yoki restoranga borib bir kunda sarflaymiz, ijtimoiy tarmoqqa joylab, mana men mundoq joyda bundoq ovqat yeyapman, deya koʻz-koʻz qilamiz. Maqsadingiz pulingiz koʻpligini namoyish etish-da, shundaymi? Kechirasiz, bolasining oʻqishi uchun kontrakt pulini topolmayotgan aka, davolanishiga mablagʻ izlayotgan singil, goʻdak bolalarini vitaminli oziq-ovqat bilan taʼminlay olmayotgan qarindosh, kommunal toʻlovlarni toʻlashga qiynalayotgan qoʻni-qoʻshni yoʻqmi sizda? Yoʻq boʻlsa, atrofga qarang, unutmangki, maoshdan maoshga yetishni oʻylaydigan, pensiya pulining bir qismini dori-darmonga tejab ishlatadigan nuroniylari bor jamiyatda yashayapsiz.
Yurtimizda halol mehnat bilan pul topib, uni maqsadli ishlatayotgan oilalar yildan yilga koʻpayib bormoqda. Ular yeyayotgan ovqati, uyi, yotoqxonasi, oshxonasi bilan maqtanayotganlarni hech qachon tushunmaydi, oʻzlari ham maqtanmaydi.
Farzandlari bilan yangi-yangi loyihalar ustida ishlaydi, nabiralari bilan shaxmat oʻynaydi, sport musobaqalariga boradi, qizlari bilan kechalari uyqudan kechib, ilmiy ishlar yozadi. Ular oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun mashaqqat chekishdan qoʻrqmaydi. Ular uchta ish oʻrnini uch yuztaga, uch mingtaga yetkazish haqida oʻylaydi. Ular kibru havo korrupsiyaning ildizi ekanini biladi, manmanlardan uzoq yuradi.
Zero, ortga qaytmas islohotlarning, taraqqiyotning talabi ham shu. Har bir qadamimizni aql bilan tashlash, har bir soʻmimizni hisob-kitobli sarflashni oʻrganmas ekanmiz, kosamiz oqarmaydi, boshqalarga havas qilib yuraveramiz.
Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi