Deylik, Ichki ishlar vazirligi masʼullari bilan avvalgi va bu galgi muloqotlardan soʻng avval sohadagi xizmatidan nohaq boʻshatilgan, ayni paytda Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi ixtiyorida boʻlgan kapitan Azamat Boʻriyevning bir yillik, safdor Jamshid Muhammadiyevning esa 8 yillik sarsongarchiliklari barham topdi. Ular cud qarorlari bilan oqlanib, ichki ishlar vazirining xulosasiga asosan maxsus unvoni bilan oradagi uzilish xizmat muddatiga qoʻshilgan holda ichki ishlar organlariga ishga tiklandi.

Xoʻsh, ular nima uchun xizmatdan boʻshatilgan edi? Ayblari shunchalik jiddiymidi? Keling, bunga sal batafsilroq toʻxtalaylik.

Asli shofirkonlik kapitan Azamat Boʻriyev Navoiy viloyatidagi ichki ishlar tizimida 13 yil xizmat qilgan. Viloyatdagi jazoni ijro etish koloniyalaridan biriga qarashli davlat unitar korxonasida masʼul lavozimda ishlagan. Bir yil avval oʻtkazilgan xizmat tekshiruvidan soʻng unitar korxonaga tegishli elektr quvvatini tarqatish qurilmasini ruxsatsiz koloniya hududidan olib chiqib, boshqa joyda saqlagani, oʻziga nisbatan shubha-gumonlarni keltirib chiqargani uchun ichki ishlar organlari xizmatidan boʻshatilgan. Uning aytishicha esa oʻsha qurilma koloniya boshligʻining ruxsati bilan koloniyaga katta quvvatli elektr energiyasi tarmogʻi tortish uchun olib chiqilgan, faqat qurilmaga ulanadigan elektr kabellari yetib kelishi kechikkani uchun vaqtincha tayinli joyda bus-butun saqlangan. Shu bois ham Navoiy maxsus prokuraturasi unga nisbatan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi hujjatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazib, 2020-yil 23-iyulda Azamat Boʻriyevning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari boʻlmaganligi sababli jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etgan. Fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudi esa 2020-yil 24-sentyabrdagi hal qiluv qarorida uni ichki ishlar organlari xizmatidan boʻshatilishi haqidagi buyruqni gʻayriqonuniy deb topib, ishga tiklash haqida qaror qabul qilgan.

Bu galgi muloqotlardan soʻng Azamat Boʻriyevning avvalgi lavozimida ayni paytda boshqa shaxs ishlayotgani uchun u, oʻzining roziligi bilan, hozircha Navoiy shahridagi 2-sonli ichki ishlar boʻlimi navbatchilik qismining katta inspektor navbatchisi lavozimiga tayinlandi. Kapitanlik rutbasi qaytarildi, oradagi bir yillik uzilish xizmat muddatiga qoʻshildi.

2003-2012-yillarda ichki ishlar tizimida ishlagan safdor Jamshid Muhammadiyev tuman ichki ishlar boʻlimi haydovchisi boʻlgan. Aytishicha, 2012-yili boshligʻi toʻy qilayotganda doʻkondor doʻsti qanchadir guruch va yogʻ toʻyona qilgan. Bu toʻyonani esa u doʻkondan toʻyxonaga eltib bergan. Keyinchalik oʻsha toʻyona ham pora deb topilib, Jamshid Muhammadiyev jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy viloyat sudining 2013-yil 2-martdagi hukmiga koʻra, pora olish-berishda vositachilik qilishda ayblanib, unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Kamiga oʻrta maʼlumotli shu oddiy safdor haydovchi 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum qilingan.

Jamshid aka Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildi, ommaviy qabulga kelib Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi mutasaddilariga dardini aytdi. Murojaatlaridan soʻng jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hayʼatining 2020-yil 12-maydagi ajrimiga koʻra u oqlandi. Fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudi 2020-yil 18-noyabrda uni ishga tiklash boʻyicha hal qiluv qarori qabul qildi. Mana, bugungi ommaviy qabulda safdor Jamshid Muhammadiyev Navoiy shahridagi 4-sonli ichki ishlar boʻlimi navbatchilik qismiga haydovchi sifatida ishga qabul qilindi. Oradagi 8 yillik uzilish uning ham xizmat muddatiga qoʻshildi.

Ha, bugun rahbarlar har bir murojaat ortida bir taqdir borligini ich-ichidan his qilayotgani uchun ham bunday ommaviy qabullarning amaliy natijasi va hayotiy zarurati ortib bormoqda.

Uch kunlik qabullarda Oliy sud masʼullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 251 ta masalani koʻrib chiqdi. Murojaatlarning qariyb 100 tasiga joyida yechim topildi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Zarafshon va Navoiy shaharlari, Uchquduq, Tomdi, Xatirchi, Navbahor, Qiziltepa, Konimex va Karmana tuman sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 65 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli, Nurota, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex va Karmana tuman sudlarida esa 6 nafar shaxs sud zalidan ozod qilindi.

Konimex sudida koʻrilgan jinoyat ishi qilmishlar oqibatlariyu uni keltirib chiqargan sabablar bilan eʼtiborimizni tortdi. Gap shundaki, nurotalik 32 yoshli Eldor Roziqov 2020-yil kuzida konimexlik 30 yoshli Rustam Kirkbanov bilan Qozogʻistondan qoʻy olib kelmoqchi boʻladi. “Ishbilarmon”lar bojxona, transport va boshqa xarajatlardan qochib, noqonuniy yoʻlni tanlashadi. Shu sabab Rustam Kirkbanov Konimexning “Boymurod” ovuliga yaqin – tupkaning tubidagi chegara chizigʻi sanalgan simlarning ostidan qoʻshni davlatga oʻtib, 143 bosh qoʻyni sotib olib, ularni oʻsha yoqdagi hamkorlari koʻmagida aylanma yoʻllar bilan yana Konimexga olib oʻtadi. “Xolmurod” ovulidagi otarga qoʻylar haydab kelinganida esa, tabiiyki, qoʻlga olinadi. Qariyb 7 oy panjara ortida kechgan tergov-surishtiruv jarayonidan soʻng kuni kecha Konimex tuman sudida ularning ishlari koʻrib chiqildi.

Albatta, bu qilmish ogʻir jinoyat sirasiga kiradi. Biroq sudda insonparvarliklik va odillik prinsiplariga amal qilinib, koʻp jihatlar inobatga olindi. Yaʼni ularning ikkisi ham aybiga toʻla iqroru qilmishiga ming pushaymon boʻldi, jinoyatni ochishga faol yordam berishdi, qolaversa, oilasida yagona boquvchi, voyaga yetmagan farzandlari bor, muqaddam jinoyat sodir qilmagan. Yoshlar ittifoqi Rustam Kirkbanovning kelgusida jinoyat sodir qilmasligi, jamiyatga naf keltirishiga kafil boʻldi, Eldor Roziqovning mahalladoshlari ham unga yengillik berishni iltimos qilib chiqishdi, ularning yaqinlari ommaviy qabulga kelib, suddan yengillik soʻradi.

Konimex sudida barcha omillar inobatga olinib, ularga hayotini oʻnglab olishi uchun juda katta imkoniyatu yengillik berildi: Rustam Kirkbanovga qariyb 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash, Eldor Roziqovga esa eng kam ish haqining 321 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, ular sud zalidan ozod qilindi.

Ommaviy qabuldagi murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudi 12 nafar, Qiziltepa tuman sudi esa 11 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosini yengilroq jazo turiga almashtirdi. Jinoyat ishlari boʻyicha Tomdi, Qiziltepa va Karmana tuman sudlari tomonidan 5 nafar shaxsga oid jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi. Qabullar doirasida 11 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilindi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar esa murojaatlar asosida 66 ta aliment, 15 ta ish haqi, 16 ta moddiy-maʼnaviy zarar, qarz va taʼminot undirish, 25 ta yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilashga oid arizalarni qanoatlantirdi.

Taraflar yarashganligi sababli aliment undirish haqidagi 10 ta sud buyrugʻi bekor qilindi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan 29 ta oila yarashtirilib, voyaga yetmagan 48 nafar farzandlar hayotiga darz ketishining oldi olindi.

Ommaviy qabulga aholi nafaqat arizayu shikoyat, balki oʻtgan galgi muloqotlar natijalaridan xursand boʻlib, rahmat aytish uchun kelishdi. Deylik, shu yil martda Navoiy viloyatida sud-huquq sohasi boʻyicha tashkil qilingan ommaviy qabulda Sudyalar oliy kengashiga «Gidrogen enerji» chet el korxonasi vakillari oʻz mulkini – umumiy qiymati 3 million yevrodan ziyod vodorod ishlab chiqarish texnologik majmuasini noqonuniy egallashga urinish boʻlayotganidan shikoyat qilgan edi. Murojaatdan soʻng Karmana tumanlararo iqtisodiy sudida bu ish koʻrib chiqilib, tadbirkorning buzilgan huquqi tiklandi, sud qarori bilan texnologik majmua qonuniy egasiga qaytarildi. Shu bois ham korxonasi vakillari Sudyalar oliy kengashi va sud mutasaddilariga adolatni qaror toptirgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Bosh prokuratura masʼullari tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik, kredit ajratish, doimiy ish bilan taʼminlash kabi masalalardagi 186 ta murojaatning 67 tasiga joyida yechim topdi. Deylik, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi yoki yana-da rivojlantirishi uchun Navoiy shahrida yashovchi Rustam Norov, Mohigul Isanova, karmanalik Jasur Qudratov, qiziltepalik Jahongir Jamolov, Sherzod Rasulov, zarafshonlik Gulshoda Ravshanova va Gulasal Sodiqova kabi jami 11 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar, navbahorlik 7 ta oilaga esa subsidiya hisobidan issiqxonalar qurib beriladigan boʻldi.

Umumlashtirib aytsak, uch kun davomida Navoiy viloyatining barcha hududi aholisi qamrab olingan ommaviy qabullarda 639 nafar murojaatchining 650 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 213 tasi joyida hal etildi, 122 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 315 ta murojaat nazoratga olindi.