Mamlakatimizda aholi salomatligini asrash va sanitariya madaniyatini yuksaltirish davlat siyosatining ajralmas qismiga aylangan. 2025-yil 6-may kuni hukumatning “Sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarida ichimlik suv hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan “Toza qoʻllar” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, “Toza qoʻllar” dasturi doirasida sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlari sanitariya-gigiyena vositalari bilan yetarli miqdorda taʼminlanadi, ichimlik suv taʼminoti va sanitariya-gigiyena obyektlari (hojatxona) infratuzilmasi yaxshilanib, ular binoning ichki qismida joylashtiriladi, shuningdek, aholi, jumladan, bolalar oʻrtasida shaxsiy gigiyena odatlarini shakllantirish va unga rioya qilish boʻyicha targʻibot ishlari amalga oshiriladi.
“Toza qoʻllar” dasturi nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar salomatligi uchun ham muhim tashabbus boʻldi. Xoʻsh, bu dasturning tub mohiyati hamda uning jamiyatimiz salomatligi yoʻlidagi nafi nimalardan iborat? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat OTABEKOV bilan suhbatimiz shu mavzuda boʻldi.
— May oyidan eʼtiboran keng miqyosda amalga oshirila boshlagan “Toza qoʻllar” dasturi jamoatchilikda qiziqish uygʻotmoqda. Avvalo, uning asosiy gʻoyalari, koʻzlangan maqsadlar va jamiyatimiz hayotidagi uzoq muddatli ahamiyati haqida toʻliqroq maʼlumot bersangiz.
— “Toza qoʻllar” dasturi shunchaki vaqtinchalik tadbir emas, balki Prezidentimizning joriy yil 30-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga kiritilgan hayotiy muhim yoʻnalishdir. Uning bosh gʻoyasi aholi, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodning sifatli sanitariya-gigiyena vositalari va sharoitlaridan foydalanish imkoniyatini tubdan kengaytirishdir. Bu orqali yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, jamiyatda yuqori sanitariya madaniyatini shakllantirish va pirovardida xalqimiz uchun sogʻlom turmush, xavfsiz mehnat va mazmunli dam olish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish koʻzda tutilgan. Bu, hech mubolagʻasiz, millat salomatligi va kelajagi yoʻlidagi muhim maʼnaviy sarmoyalardan biri hisoblanadi.
— “Toza qoʻllar” dasturining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi kabi keng miqyosdagi davlat hujjatiga alohida yoʻnalish sifatida kiritilishining fundamental sabablari nimada deb oʻylaysiz?
— Bu qaror negizida aholi salomatligini har tomonlama muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor, daxlsiz va doimiy yoʻnalishi ekani yotibdi. Tibbiyotda allaqachon oʻz isbotini topgan bir haqiqat bor — koʻplab jiddiy yuqumli kasalliklar, ming afsuski, aynan tozalikka rioya etilmagan, yuvilmagan qoʻllar orqali yuqadi. Prezidentimiz raisligida yaqinda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ham yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bu raqamlarning oʻziyoq “Toza qoʻllar” dasturi naqadar hayotiy, kechiktirib boʻlmas va oʻta zaruriy ekanini yaqqol namoyon etadi. Shuning oʻzidanoq bu shunchaki kundalik gigiyena masalasi emas, balki millat genofondini asrab-avaylash, jismonan va maʼnan sogʻlom avlodni voyaga yetkazishdek ulugʻvor maqsadlarga xizmat qiladigan, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan vazifa ekani anglashiladi.
— Dasturning amalga oshirilishi jarayonida ijtimoiy soha obyektlari, xususan, taʼlim va tibbiyot muassasalariga qanday aniq, yangilangan talablar qoʻyilmoqda hamda bu borada qay koʻrinishdagi amaliy chora-tadbirlar kompleksi koʻzda tutilmoqda?
— Har bir ijtimoiy soha muassasasida — u xoh chekka qishloqdagi maktab, xoh poytaxtdagi bogʻcha, zamonaviy shifoxona yoki nufuzli oliygoh boʻlsin — har bir inson uchun munosib, xavfsiz va zamonaviy sanitar-gigiyenik sharoitlar yaratilishi shart va zarur. Bu borada barcha mavjud qoʻl yuvish joylari sifatli, sertifikatlangan gigiyena vositalari (suyuq sovun, antiseptiklar, bir martalik sochiqlar) bilan uzluksiz va yetarli miqdorda taʼminlanadi. Sharoiti nisbatan ogʻir boʻlgan 126 ta maktabda eski, talabga javob bermaydigan hojatxonalar bino ichiga oʻtkazilib, barcha qulayliklarga ega yangilari quriladi yoki mavjudlari tubdan, zamonaviy loyihalar asosida taʼmirlanadi. 6 mingdan ziyod maktabgacha taʼlim muassasasida issiq suv uzluksiz taʼminotini yoʻlga qoʻyish maqsadida samarali geliokollektorlar, suv taʼminotida muammolari boʻlgan 4 mingdan ziyod ijtimoiy muassasada esa yetarli hajmdagi suv zaxira idishlari (baklar) oʻrnatiladi. Ayni maqsadlar uchun joriy yildayoq davlat byudjetidan 780 milliard soʻm ajratilmoqda. Bu esa ushbu masalaga jiddiy eʼtiborning yaqqol dalilidir.
Bundan buyon yangi qurilayotgan barcha ijtimoiy obyektlarda sanitariya-gigiyena xonalari majburiy tartibda binoning ichki qismida, xalqaro standartlarga mos ravishda loyihalashtiriladi va barpo etiladi. Bularning barchasi pirovardida xalqimiz salomatligini mustahkamlashga va hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.
— Xizmat koʻrsatuvchi subyektlar, masalan, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, bozorlar yoki aholi gavjum boʻladigan boshqa jamoat joylari uchun “Toza qoʻllar” dasturi qanday aniq majburiyatlar va masʼuliyatlarni yuklaydi?
— Avvalo, barcha hududlardagi taʼlim muassasalaridagi sanitariya-gigiyena shoxobchalari toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi, sanitariya va shaharsozlik normalari hamda gigiyenik qoidalarga muvofiqligi baholanadi. Ushbu xatlov maxsus dalolatnoma asosida rasmiylashtiriladi va natijalarga koʻra, har bir sanitariya-gigiyena shoxobchasi namunali, qoniqarli yoki qoniqarsiz deb baholanadi. Baholash natijasidan kelib chiqib, qoniqarsiz deb topilgan sanitariya-gigiyena shoxobchalarini sanitariya talablariga toʻliq mos holatga keltirish choralari belgilanadi. Bu jarayonda taʼlim muassasalari uchun moslashtirilgan maxsus gigiyena dasturi ishlab chiqiladi hamda uning kundalik nazorati kuchaytiriladi. Ushbu dasturning oʻz vaqtida toʻlaqonli amalga oshirilishi uchun maktabgacha va maktab taʼlimi hududiy boʻlinmalari hamda taʼlim muassasalari rahbarlari shaxsan javobgar ekani belgilanadi.
Shuningdek, barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena shoxobchalari va umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlash boʻyicha majburiyatlar joriy etiladi.
— Bunday keng koʻlamli xarajatlarni talab etadigan tashabbusni moliyalashtirish manbalari haqida ham aniqroq toʻxtalib oʻtsangiz.
— “Toza qoʻllar” dasturining barqaror va uzluksiz moliyaviy asosi, birinchi navbatda, davlat byudjetidir. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga dastur doirasidagi tadbirlar uchun, aniqlangan zarurat va asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq, yil davomida qoʻshimcha mablagʻ ajratib borish vazifasi yuklatildi. Bu shuni anglatadiki, dastur ijrosida moliyaviy taʼminotda uzilishlar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Eng muhimi, ajratilgan mablagʻning aniq maqsadga yoʻnaltirilishi va samarali ishlatilishi ustidan eng qatʼiy davlat va shaffof jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi.
— Dasturning samarali ijrosida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tutgan oʻrni va unga yuklatilgan asosiy vakolat hamda majburiyatlar nimalardan iborat?
— Dasturni amalga tatbiq etishda qoʻmitaga bir oy muddatda mazkur muassasalarda sanitariya-gigiyena holatini saqlash uchun mablagʻ ajratish normativlarini qayta koʻrib chiqish va ularning amalda bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.
Sogʻliqni saqlash, Iqtisodiyot va moliya, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirliklariga joriy yil 1-avgustga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va BMT ekspertlarini jalb qilgan holda barcha ijtimoiy soha muassasalarida, jumladan, umumiy ovqatlanish joylari va viloyatlararo avtomobil yoʻllari boʻyidagi sanitariya-gigiyena shoxobchalarida sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash dasturini ishlab chiqish va hukumatga kiritish vazifasi qoʻyildi.
— “Toza qoʻllar” tashabbusining yakuniy muvaffaqiyatida keng jamoatchilik, yaʼni har bir fuqaro, oila, mahalla va taʼlim dargohlarining faol ishtiroki qanchalik muhim va bu borada aynan nimalarga alohida eʼtibor qaratish, qaysi jihatlarni kuchaytirish lozim deb hisoblaysiz?
— Bu dasturning chinakam muvaffaqiyati har bir fuqaroning jarayonga ongli, chin dildan va faol ishtirokiga, “Bu mening ham inson sifatidagi masʼuliyatim” degan yuksak daxldorlik hissiga bevosita bogʻliqdir. Har bir inson shaxsiy tozaligi nafaqat oʻzining, balki butun oilasi, farzandlari va atrofidagilarning salomatligi uchun nechogʻliq muhimligini chuqur anglashi, buni kundalik, ajralmas odatiga aylantirishi shart.
Oilada ota-onalar farzandlariga yoshlikdan boshlab shaxsiy gigiyena qoidalarini, ayniqsa, qoʻl yuvish madaniyatini sabr-toqat, qatʼiy iroda bilan singdirishi kerak. Taʼlim muassasalarida esa murabbiylar va oʻqituvchilar “Toza qoʻllar” tamoyilini, yaʼni ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan soʻng, tashqaridan kelganda va boshqa barcha zarur hollarda qoʻlni, albatta, sovunlab, oqar suvda kamida 20-30 soniya davomida yuvish hayotiy zarurat va madaniyat belgisi ekani oʻquvchilar ongiga chuqur kirib borishini taʼminlashi lozim. Bu faqatgina davlat idoralarining vazifasi emas, balki butun jamiyatning, har birimizning umumiy ishimiz, vijdoniy burchimiz boʻlmogʻi kerak.
Tozalik va salomatlik madaniyati har bir xonadondan, har bir oiladan, har bir insonning oʻzidan boshlanadi. Mahalla faollari, nuroniylar, ommaviy axborot vositalari ham bu borada munosib hissalarini qoʻshishi kerak. Shunday hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilibgina biz sogʻlom, barkamol va farovon kelajakni barpo eta olamiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Jonibek ALIJONOV suhbatlashdi.