Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, XAVFSIZ HARAKAT ijtimoiy loyihasi doirasida loyihaning targʻibot elchisi, triatlonchi Shavkat Musinov piyodalar uchun xavfsiz muhitga diqqat-eʼtiborni jalb qilish maqsadida Toshkent shahri boʻylab 100 km masofani piyoda bosib oʻtadi.
Yoʻnalish Toshkent shahrining barcha tumanlarini qamrab oladi, sportchi uni “skandinavcha (shimoliy) yurish” uslubida bosib oʻtadi.
Yoʻnalish davomida Shavkat Musinov poytaxt aholisi uchun tashkillashtirilgan qulayliklarni hamda piyodalar har kuni toʻqnash keladigan muammolarni ham qayd etib boradi.
Shuningdek, tadbirda Toshkent aholisi ham ishtirok etishi — yoʻlning har qanday bir boʻlagini birga bosib oʻtish uchun sportchiga qoʻshilishi yoki oʻz izoh va sharhlarini XAVFSIZ HARAKAT telegram kanaliga yuborishi mumkin.
Yuz kilometrlik yurish yakunlariga koʻra Toshkent shahri hokimligi va Toshkent shahri IIBB bilan birga shahar muhitini yaxshilashga doir yoʻl xaritasi ishlab chiqiladi.