Avvallari tugʻilish, nikoh, nikohdan ajralish va boshqa xizmatlardan foydalanish uchun FHDYO boʻlimiga kelgan fuqarolardan birinchi navbatda doimiy roʻyxatdan oʻtgan manzili soʻralardi. Agar boshqa tumanda istiqomat qilsa oʻz yashash manzili boʻyicha borib xizmatdan foydalanish kerakligi aytilardi.
Zamon shiddat bilan rivojlanishi barcha sohalar qatori aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini ham yangi bosqichga olib chiqdi. Endilikda yurtimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar oʻzlariga yaqin boʻlgan hududda joylashgan FHDYO boʻlimiga borib barcha xizmatlardan emin-erkin foydalanishlari mumkin.
Yana bir muhim jihat, avval qoʻlyozma shaklida taqdim etilgan tugʻilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik va oʻlim haqidagi gerbli guvohnomalar bugunga kelib elektron ravishda toʻldirilib barcha turdagi dalolatnoma yozuvlari (FHDYO yagona elektron arxivi) axborot tizimiga kiritilib borilmoqda. Bu esa oʻz navbatida, yillar oʻtib biror bir hujjatga ehtiyoj sezgan fuqarolarning ortiqcha vaqt sarf etishining oldini oladi.
Bundan tashqari, toʻlovlar billing invoys orqali toʻlanishi sababli uzoqda joylashgan bankka borish uchun vaqt sarflamaydi. Elektron tizim yoʻlga qoʻyilganligi sababli tibbiyot muassasalari bilan, tugʻruqxonada bola tugʻilishi bilan elektron ravishda FHDYO boʻlimining ona va bola haqidagi maʼlumotlar qisqa vaqt ichida yetib keladi. Fuqarolarni quvontiradigan yana bir yangilik endilikda farzandi tugʻilganda beriladigan bir martalik suyunchi pulini ota-onalarning bank plastik kartasiga FHDYO boʻlimining oʻzida tushirib berilmoqda. Bu kabi yaratilayotgan qulayliklar fuqarolarning vaqtini tejashga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktyabrdagi «Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari toʻgʻrisidagi nizom ularning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek ular faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
Yangi gerbli guvohnomalar berganlik uchun (oʻlim haqidagi hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiya muassasalariga joylashtirishda berilgan tugʻilganlik haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno) gerb yigʻimi BHMning 15 foizi miqdorida undiriladi.
FHDYO organlarining arxiv maʼlumotlarini raqamlashtirish natijasida turli yillar davomida bir xil seriya va raqamli tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, ushbu guvohnomalarni qayta rasmiylashtirganlik uchun gerb yigʻimi undirilmaydigan boʻldi.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari davlat ahamiyatiga molik hujjatlar hisoblanadi, bir nusxada tuziladi va FHDYO organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab 75-yil mobaynida saqlanadi.
Bunda farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsni oʻzgartirish fuqarolik holatlari dalolatnomalarida ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali aks ettiriladi.
Shuningdek, hujjat bilan tugʻilganlik va oʻlimni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ham tasdiqlandi.
Inson qadri ulugʻlanayotgan yurtda barcha sohalar qatori FHDYO boʻlimlarida ham fuqarolarning vaqtini tejash, ularga zarur sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday imkoniyat va qulayliklar FHDYO boʻlimi xizmatidan foydalanuvchi aholining ishi tez va sifatli bitishida ayni muddao boʻlib kelmoqda.
Mahfuza Mahkamova
Shayxontohur tuman 2-son
FHDYO boʻlimi mudirasi