Shu yilning 16-yanvar kuni Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik isteʼmoli oqibatida yana 4 nafar Oʻzbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etdi.
Avvalroq, 14-yanvar kuni 6 nafar, 15-yanvar kuni esa 4 nafar oʻzbekistonlik zaharlanish oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgandi. 17-yanvar holatiga koʻra, zaharlanish oqibatida vafot etgan fuqarolarning umumiy soni 14 nafarni tashkil qilmoqda.
Olingan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 17-yanvar holatida qalbaki spirtli ichimlik isteʼmoli tashxisi bilan Turkiya boʻylab kasallanganlar soni 88 nafarni tashkil etib, shundan 37 nafari vafot etgan. Ushbu qurbonlar orasida mahalliy aholi vakillari va boshqa millat vakillari ham mavjud.
Istanbul hokimligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, mahalliy huquq-tartibot idoralari 2025-yil 16-yanvar kuni Istanbul shahrida 32 862 litr noqonuniy metil va etil spirtli ichimliklarni musodara qilgan.
Tadbirlar Sultangazi, Fatih, Bakirkoʻy, Kuchukchemese, Chatalca, Esenyurt, Zeytinburnu va Beykoz tumanlarida oʻtkazilib, 9 nafar gumonlanuvchi qoʻlga olingan.
Tekshiruvlar chogʻida 227 shisha soxta ichimlik va distillash uskunasi ham topilgan. Qoʻlga olinganlardan 3 nafari politsiyadagi soʻroqlardan soʻng qoʻyib yuborilgan boʻlsa, 6 nafarining tergovi davom etmoqda.
Bosh konsulxona diplomatlari Istanbul shahridagi shifoxonalarning jonlantirish boʻlimlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida davolanayotgan fuqarolarning holidan xabar oldi.
Ularning 3 nafarining ahvoli ogʻir.
Bosh konsulxona barcha vafot etgan fuqarolarimizning yaqinlariga sabr, kasallarga shifo tilaydi.
Fursatdan foydalanib, Bosh konsulxona barcha fuqarolarimizni spirtli ichimliklardan tiyilishga va shaxsiy xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi.