Kashandalik — oldini olish mumkin boʻlgan oʻlim holatlarining birinchi sababi. Mutaxassislar 2050-yilgacha sayyoramizda chekish tufayli 450 million odam hayotdan koʻz yumishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
Xavotirlanish uchun esa yetarli asoslar bor. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining kechagi hisoboti bunga yanada oydinlik kiritdi.
Unda qayd etilishicha, dunyo boʻyicha 13-15 yoshli bolalar elektron sigaretlardan kattalarga nisbatan koʻproq foydalanmoqda. Masalan, Kanadada 2017-yildan 2022-yilgacha 16-19 yoshli oʻsmirlar oʻrtasida bu turdagi mahsulotni chekish ikki baravar koʻpaygan. Angliyada esa soʻnggi uch yil ichida elektron sigareta isteʼmol qiluvchi yoshlar soni uch barobar oshgan.
Qolaversa, oʻtkazilgan tadqiqotlar orqali elektron sigaretadan foydalanuvchi yigit-qizlarning keyinchalik oddiy sigareta chekishga odatlanish ehtimoli deyarli uch barobar yuqoriligi aniqlangan.
Xoʻsh, nega bu illat koʻlami ortmoqda? Ekspertlar fikricha, asosiy muammo bir-biridan jozibador reklamalar koʻpayib, qonuniy cheklovlar tobora susayib borayotganida!
Misol uchun, hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali elektron sigaretalarning 16 000 mingdan ortiq taʼmga ega turlari taklif qilinmoqda. Hatto baʼzi ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlari xaridorgirligini oshirish uchun mashhur multfilmlar qahramonlaridan foydalanishgacha boryapti.
Yana bir ogʻriqli nuqta: bugungi kunda atigi 34 davlatda elektron sigaretalar sotuvi taqiqlagan xolos. Biroq jahonning 88 mamlakatida bunday mahsulotlarni sotish uchun minimal yosh chegarasi belgilanmagan. 74 davlatda esa bu borada umuman qoidalar mavjud emas.
Vaholanki, elektron sigareta (veyp) chekish odatiy tamaki mahsulotlari kabi oʻpka, yurak qon-tomir, asab tizimi kasalliklarini keltirib chiqaradi.
Bir qator metallar, shu jumladan qoʻrgʻoshin, xrom va nikel, shuningdek, baʼzi elektron sigaretalar aerozollarida formaldegid miqdori oddiy sigaretalardagiga teng yoki undan ham yuqori.
Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni voyaga yetmaganlar oʻrtasida elektron sigareta isteʼmolini cheklash va yosh avlodni nikotinga qaramlikdan asrash boʻyicha shoshilinch choralar koʻrishga chaqirdi.
Eslatib oʻtamiz, mamlakatimiz qonunchiligiga koʻra, tarkibida jozibadorlikni oshirishga qaratilgan moddalar (aromatizatorlar, boʻyoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari) boʻlgan elektron sigaretalar, ular uchun nikotin va nikotinsiz suyuqliklarni Oʻzbekiston hududiga olib kirish va sotish taqiqlanadi.