— AQSHda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, yuqori sinf oʻquvchilari orasida elektron sigaretalardan foydalanilishi 2011-yildan 2020-yilgacha 1,5 foizdan 19,6 foizgacha oshgan, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish boʻyicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. — 2014-yildan 2020-yilgacha aromatik elektron sigaretalarni isteʼmol qiladigan foydalanuvchilar ulushi 65,1 foizdan 84,7 foizgacha yetgan.
Elektron sigaretalardan foydalanadigan yoshlarning 70 foizi, “ularga yoqadigan taʼmga ega boʻlgani uchun” elektron sigaretalardan foydalanishayotganini aytgan.
Rossiya Federatsiyasida esa elektron sigaretalar bozorda paydo boʻlgandan keyin besh yil oʻtib, yaʼni 2015-yilda odatiy sigaretani chekish darajasi kamayganiga qaramay, nikotinga qaramlik darajasi maktab oʻquvchilari orasida koʻpaygan.
Yurtimizdagi holat haqida gapirsak, 2019-yilda oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, 18-29 yoshdagi erkaklari orasida elektron sigaretalarni chekish darajasi 30-69 yoshdagi erkaklar orasidagidan ikki marta koʻp boʻlgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, elektron sigaretalar voyaga yetmaganlar yonidan barcha topilgan tamaki mahsulotlarining oʻrtacha 8 foizini tashkil etgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining taʼkidlashicha, elektron sigaretalardan foydalanadigan bolalar va oʻsmirlar keyinchalik odatdagi sigaretalarni ikki baravar koʻproq isteʼmol qilishni boshlaydilar.
Bu shundan dalolat beradiki, yosh avlod nikotinga qaramlik kasalligiga duchor boʻladi, bu tamakiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha saʼy-harakatlarni chippakka chiqaradi hamda ushbu sohada qoʻlga kiritilgan yutuqlarni ham xavf ostiga qoʻyadi.
Bundan kelib chiqadiki, oʻsmirlar orasida tamaki, xususan, elektron sigaretalarning tarqalishini cheklash har qachongidan ham dolzarb boʻlib qolmoqda.