Turkiyadagi zilzila oqibatlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsiri Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan tashqi savdo, investitsiyalar, mehnat migratsiyasi va yalpi ichki mahsulot kabi yoʻnalishlarda oʻrganildi.
2022-yilda Oʻzbekistonning Turkiyaga eksporti ($1,5 mlrd) asosan mis, paxta, rux va plastmassa kabi xomashyodan, importi ($1,7 mlrd) esa mashina va asbob-uskunalar, plastmassa, kimyoviy moddalar, pigmentlar va farmatsevtika mahsulotlaridan iborat boʻlgan. Tahlil natijalariga koʻra, mamlakatlar oʻrtasidagi savdoda quyidagi oʻzgarishlar aniqlandi:
- zilziladan jabr koʻrgan hududlarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli rekonstruksiya loyihalari Oʻzbekistondan mis, rux, plastmassa, alyuminiy, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari importiga talabni yanada oshirishi mumkin;
- toʻqimachilik sanoati markazlaridan biri boʻlgan Qahramonmarash zilziladan katta talafot koʻrganligi sababli, mavjud vaziyat Turkiyaga ip-kalava eksportiga (2022-yil $523,3 mln.) salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin;
- Turkiyadan import qilinadigan rang beruvchi pigmentlar va gazlamalar yetishmasligi sababli mavjud vaziyat Oʻzbekistonda toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan yiroq emas.
- Turkiyadagi zilzila fonida davlat xarajatlari va inflyatsiyaning keskin oshishi mehnat muhojirlari daromadiga taʼsir qilishi va bu mamlakatdan pul oʻtkazmalari oqimini kamaytirishi mumkin (2021-y. $230 mln).
Turkiyada sodir boʻlgan zilzilaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsirini baholash The Thomson Reuters Trust Principles tomonidan taklif qilingan ssenariylarga asoslangan. Turkiya yalpi ichki mahsuloti oʻsishining qisqarishi Oʻzbekistonda YAIM oʻsishining 0,03 f.p. dan 0,1 f.p. gacha pasayishiga olib kelishi mumkin.
TDT mamlakatlari tabiiy hodisalarni (zilzilalar) monitoring va tahlil qilish, shuningdek, ularga oʻz vaqtida javob berish uchun muhim ilmiy va amaliy salohiyatga ega:
- seysmik faollikni oʻrganish va oldini olish boʻyicha milliy institutlarni faol rivojlantirmoqda;
- zilzilalarning oqibatlariga qarshi kurashish va bartaraf etish boʻyicha ikki tomonlama (6 ta bitim) va koʻp tomonlama (9 ta bitim) formatda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hududida Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Osiyo markazi va Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazi faoliyat yuritadi.
Tadqiqot natijasida TDT davlatlari tomonidan Turkiyaga yordam koʻrsatish boʻyicha takliflar tayyorlandi:
1. Birinchi darajadagi tadbirlar: odamlarni qutqarish va ularga zarur birlamchi yordam koʻrsatish.
2. TDT mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning keyingi chora-tadbirlari: zilzila oqibatida vayron boʻlgan hudud obyektlari va iqtisodiyotini tiklash.
3. Uzoq istiqboldagi harakatlar: tabiiy ofatlarga javob berish va ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha muntazam oʻzaro hamkorlik.