Bu mavzuda yozishimizga Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida guvoh boʻlganimiz manzaralar sabab boʻldi. Negaki, bu yerda kattalaru bolalardan tashqari, homilador ayollar va chaqaloqlar ham davolanyapti.

Jajji vujudiga sanchilgan igna ogʻrigʻidan chinqirayotgan goʻdaklar yigʻisi yuraklarni ezadi. Yoki qornidagi 5-6 oylik homilasidan ayrilib qolgan baʼzi ayollarning ham qaygʻu-iztirob, ham xastalikdan dard chekayotganini kuzatish juda ogʻir.

Shunga qaramay, shifokorlar bor kuch-gʻayratini ishga solib, ona-bolalarni uylariga sogʻlom joʻnatishning uddasidan chiqyapti. Masalan, joriy yil yanvar oyidan to bugungi kungacha Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida 360 nafar chaqaloq dunyoga keldi. Ayni paytda bu yerda tugʻilib, muolaja olayotgan 17 nafaridan tashqari, qolganlarining hammasi oʻz xonadonlarida sogʻlom ulgʻaymoqda. Shuningdek, bu yerda davolangan 2 379 ayolning xastalikdan toʻliq xalos boʻlib oilasi bagʻriga sogʻ-omon qaytgani quvonarli holat aslida.

— Homiladorlar patologiyasi boʻlimi 80 oʻringa moʻljallangan, — deydi mazkur boʻlim mudiri Bahodir Allayarov. — Bemorlarimizning tuzalish muddati oʻrtacha 10-12 kunni tashkil etadi. Homiladorlikning 22-32 haftasida ayollarda qon quyuqlashishi holati kuzatilishi maʼlum. “COVID-19” esa ana shu jarayonni yanada kuchaytirib yuboradi. Bu esa bemorlar hayoti uchun xavfli. Shunga qaramay, tegishli muolajalar va shifokorlarimiz saʼy- harakatlari bilan ayollarimizni homilasiga zarar yetkazmagan holda davolashga erishyapmiz.

Ammo jonlantirish boʻlimida oʻta ogʻir ahvoldagi opa-singillarimiz ham bor. Oʻpkasi 90 foiz zararlangan bemor homilasidan ayrilganidan tashqari, tomogʻiga joylangan naycha orqali nafas olishga majbur.

Jonlantirish boʻlimi anesteziolog-reanimatologi Rustam Bobomurodovning aytishicha, bunday bemorlar oʻz vaqtida karantin qoidalariga yetarlicha eʼtibor qilmagan. Farzand koʻrishdan avval vaksina olish zarurligini ham nazardan qochirgan. Qolaversa, kasallikni ancha oʻtkazib, shifoxonaga murojaat qilganlarda ham asoratlar oʻta ogʻir kechishi kuzatilyapti.

— Homilam olti oydan oshgan, —deydi bemor B.Asomiddinova. — Holatimiz har doim nazoratda. Boʻlajak farzandimning yurak urishi maromida. Shukrki, unga kasallik oʻtmabdi. Ayollarimizga homilador boʻlishdan avval emlanishni maslahat beraman. Davlatimiz buning uchun barcha imkoniyat va sharoitni muhayyo qilgan ekan, bundan, avvalo, oʻzimiz va tugʻilajak farzandlarimiz salomatligi uchun unumli foydalanishimiz zarur.

— Homilador ayollar ichida ham koronavirusga chalinish holatlari kam emas, — deydi shifoxona direktori oʻrinbosari Hilola Alimova. — Aksariyati xastalikni pnevmoniya bilan, baʼzilari reanimatsion holatda oʻtkazyapti. “COVID-19”ga chalingan ayollarda koʻpincha muddatdan oldin tugʻdirish amaliyotini bajarishga toʻgʻri keladi. Chunki onaning ham, bolaning ham hayotini saqlab qolishga harakat qilyapmiz. Shu bois, turmush qurishdan, homiladorlikni rejalashtirishdan avval vaksina olish eng toʻgʻri yoʻl, deb hisoblaymiz. Emlangach esa uch oydan soʻng homilador boʻlish mumkin. Bu onalar va bolalar sogʻligi xavf ostida qolmasligi uchun asos boʻladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.