Bu mamlakatimizda yod yetishmasligi kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tadbirlardan biridir. Sababi inson organizmida yodning yetishmasligi oqibatida qalqonsimon bez kasalliklari yuzaga keladi. Bunday tadbirlardan biri ishlab chiqarish jarayonida oziq-ovqat mahsulotlarini yod bilan boyitish hisoblanadi. Xoʻsh, ularning sifati talab darajasidami?

Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (Maʼlumot uchun: avval Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi) va hududiy organlari tomonidan Oʻzbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda jami 441 nomdagi mahsulotlar nazorat xaridlari oʻtkazilgan boʻlib, shundan 103 nomdagi mahsulotlar amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlangan.

Jumladan, Qoʻmitaning oʻtkazgan bunday nazorat xaridlaridan biri osh tuzlari boʻldi. Unda 29 nomdagi tuz mahsulotlari namunalari sinovdan oʻtkazildi. Achinarlisi, 22 nomdagi osh tuzining yaʼni, 76 foizi laboratoriya natijalariga koʻra amaldagi talablarga nomuvofiq deb topildi.

Qaysi osh tuzlarida yod miqdori kam chiqdi?

“Ideal” osh tuzi – “Ideal Sharq Impex” MCHJ;

“Dunyo” osh tuzi – “Eco Crystal” MCHJ;

“Saxovat” osh tuzi — “Mohigul Fayz” XK;

“Kafolat”osh tuzi – “Toshkent Tuz” MCHJ;

“Safo” osh tuzi – “Jalolitdin Baraka Savdo” MCHJ;

“Ozoda-uz” osh tuzi – “Ergash Ali Grand Kapital” MCHJ;

“Baraka” osh tuzi – “Soletti Product” MCHJ;

“Oshpaz” osh tuzi – “Oshpaz Osh Tuzi” MCHJ;

“Orol” osh tuzi – “Mazali Osh Tuzi” MCHJ;

“Yagona ishonch” osh tuzi –“Exclucive Salt” MCHJ;

“Safir” osh tuzi – “Umida-Trust Invest” MCHJ;

“Zarafshon kumush tuzi”, “Salina”, “Aziya” va “Melkaya” osh tuzlari – “Zarafshon Kumush Tuzi” MCHJ

“Osh tuzi” va “Fayzli” osh tuzlari – “Temurbek Trade” MCHJ osh tuzlarida yod miqdori kamligi maʼlum boʻldi.

Osh tuzi qachon ishlab chiqarilgan?

Mamlakatimizda amal qiluvchi meʼyoriy hujjat OʻzDSt 1091:2017 talablariga muvofiq tuz mahsulotlari qadogʻida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:

–mahsulot nomi, sorti va hajmi;

-yodlangan qoʻshimchaning nomi;

-tarkibidagi yod miqdori;

-netto ogʻirligi (kg);

-ishlab chiqarish sanasi (kun, oy, yil);

-saqlash muddati;

-saqlash shartlari;

–mazkur standartda koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlar.

Ammo xarid qilingan osh tuzlaridan “Saodat” osh tuzi – “Xonqa Billur Salt” MCHJga tegishli boʻlib, osh tuzining tashqi koʻrinishi mazkur meʼyoriy hujjat talablariga nomuvofiqligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, “Zamin Agro Oil” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Bekajon” va “Karmana Cristal Salt” MCHJga tegishli “Fayzli” osh tuzlarida ishlab chiqarilgan sanasi koʻrsatilmaganligi aniqlangan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha vakolatli organlar tomonidan tegishi ishlar amalga oshirilgan.

Shuningdek, Qoʻmita va uning hududiy organlari tomonidan oʻz navbatida, yuqoridagi kabi tizimli oʻrganishlar davom ettirilib, isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini buzilishini oldini olish va yetkazilgan zararni qoplash choralarini koʻrish boʻyicha ishlar davom ettirilishi maʼlum qilinadi, deb xabar beradi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi matbuot xizmati.

Shuningdek, xabar orqali oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda quyosh tigʻida saqlanmaganligiga eʼtibor qaratish, mahsulotning sifati, tashqi qadogʻidagi axborotlarning mavjudligi va mazkur mahsulotni muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari sanitariya-epidemiologik xulosasi bilan tanishib chiqib, soʻng xarid qilish, agarda sotuvchi tomonidan yuqoridagi axborotlar taqdim etilmasa Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining 1159 “ Call markazi”iga yoki 24/7 rejimida qabul qilish imkoniyati mavjud info@antimon.gov.uz elektron pochtasiga xabar berish kerakligi haqida isteʼmolchilarni ogohlantiradi.