Aynan shu sababli, zamonaviy ta'limni isloh qilishning sezilarli tendensiyalaridan biri yangi ta’lim kasblarining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan holda ta’lim muassasalari xodimlarida yangi tyutor lavozimi joriy etildi.
2021-yil 9-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 563-sonli qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti rektori tegishli buyrug‘iga asosan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib universitetimizda tyutorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu qarorga muvofiq oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelayotgan guruh murabbiyi faoliyatini tugatib o‘rniga mustaqil alohida har bir fakultetda tyutorlik lavozimi joriy etildi.
Tyutorlik ta’lim amaliyotida va ilmiy fikrda nisbatan yangi tushuncha sanaladi. Tyutor inglizcha tyutor soʻzi (lotincha tueor – kuzataman, gʻamxoʻrlik qilaman) “uy oʻqituvchisi, murabbiy, qoʻriqchi, tarbiyachi” degan maʼnolarni anglatadi.
Tyutorliktor tizimining tuzilishi an’anaviy ravishda uchta elementni o‘z ichiga oladi:
1) nazorat – darslarni boshqarish, talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarda ma’lum bir foydali (masalan, aqliy) mehnat bilan shug‘ullanishini ta’minlash;
2) ijtimoiy hayotda talabaga hamrohlik qilishni o‘z ichiga olgan murabbiylik;
3) universitet hududida semestr yoki o‘quv yili davomida talabaning ta’limiga bog‘liq bo‘lgan tashkiliy ishlarda tashkilotchilik.
Oksford universitetida, qoida tariqasida, bu uch funksiyani bir shaxs bajaradi, Kembrij va boshqa bir qator universitetlarda talabalar bilan amaliy mashg‘ulotlar olib boradigan tyutor “supervisor” deb ataladi.
O‘quv jarayonini individuallashtirish vositasi sifatida tyutorlikning quyidagi shakllari qo‘llaniladi:
1) tengdoshlari orqali talabalar o‘rtasidagi muammolarni o‘rganish (o‘zaro musobaqa va tanlovlar, turli qiziqarli tadbirlar orqali);
2) tyutorlik soatlari (maxsus tayyorlangan materiallardan foydalangan holda individual suhbatlar, shu jumladan guruh bilan haftalik uchrashuvlar va yozma hisobotlar);
3) innovatsion texnologik usullardan foydalangan holda uchrashuvlar tashkil qilish (video va audio yozuvlar va yordamchi materiallar to‘plamidan foydalanish: sxemalar, grafiklar, prezentatsiya va boshqalar)
4) online uchrashuvlar o‘tkazish (“Telegramm”, “Zoom” va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali).
Tyutorlikning ijtimoiy-ma’rifiy xizmat sifatidagi o‘ziga xosligi shundaki, u ilmiy va pedagogik faoliyatning o‘zaro uzviyligini birlashtirib turadi. Tyutorning ishi talabalar bilan yaqin aloqada bo‘lgan sharoitda amalga oshiriladi, uning mohiyati faqat ma’lumot almashish bilan cheklanmaydi; talaba va tyutor o‘rtasidagi munosabat shaxsiy o‘zaro hamkorlik shaklida bo‘ladi.
Boshqacha aytganda, tyutorlikni ijtimoiy ta’lim xizmatining bir turi sifatida mafkurasi va amaliyoti quyidagi ilmiy pozitsiyalardan ko‘rib chiqiladi. Bunda individual yondashuv dasturlarda belgilangan ta’lim faoliyati darajasi va talabaning ularni o‘zlashtirishning real imkoniyatlari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish vositasi bo‘lib xizmat qiladi va tyutor bu tafovutni bartaraf etishga yordam beradi.
Antropologik pozitsiya standartlar talablari va dastur talablaridan qat’i nazar, ta’lim orqali shaxsni rivojlantirish muammosini hal qilish bilan bog‘liq. Ushbu traektoriyadagi ijtimoiy-ma’rifiy xizmatning bir turi sifatida tyutorlik vazifasi talabaning shaxsiy salohiyatini ochish va uni yzaga chiqarish yo‘lida qo‘llab-quvvatlash va yordam berish sanaladi.
Tyutorning vazifasi dolzarb muammoni topish va iloji boricha talabalar tomonidan berilgan savollarga javob topishga ko‘maklashish va muammolarni bartaraf etilishida amaliy kyordam berishdan iborat.
Tyutorlik har bir talabaning o‘ziga xosligini ko‘rsatib berish va ta’limda yutuqqa erishishiga sharoit yaratib berishda o‘z ifodasini topadi Ta’kidlash joizki, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish ta’lim tajribasi va yosh chegaralariga mutlaqo bog‘liq bo‘lmasligi lozim. Chunki talaba eng muhim yordamni maslahatchi vazifasini bajaradigan, uning xolisligi talabalar orasida shubha tug‘dirmaydigan insondan oladi.
Demak, Yangi O‘zbekistondagi ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan ta’lim muassasalarida tyutorlikni innovatsion faoliyat sifatida shakllantirish, shuningdek, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan har bir talabaning iqtidorli yoki alohida ta’limdagi yutuqlaridan qat’i nazar, o‘ziga xosligini ochib berish jarayonida o‘z ifodasini topadi.
Ta’lim talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirish, tajriba orttirish, qobiliyatlarni rivojlantirish, bilimlarni amaliyotda qo‘llash tajribasiga ega bo‘lish hamda talabalarning butun umri davomida bilim olishga bo‘lgan motivatsiyasini shakllantirish faoliyatini tashkil etishning maqsadli jarayonidir.
Yangi O‘zbekistondagi ta’lim tizimida tyutorlik innovatsion faoliyat turlaridan biri sanaladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda oliy ta’limning ustuvor qadriyatlari ham o‘zgardi. Tyutor ta’limda tashabbusni yuksaltirishga yordam beradi, individual ta’lim dasturlarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Tyutor o‘ziga xos vosita bilan ishlaydi: talabalarning o‘z-o‘zini tarbiyalash tajribasini aks ettirish, talaba bilan u uchun muayyan loyihalarning ustuvorligi, ularning chegaralari va o‘z vazifalarini kengaytirish haqida fikr yuritish usullaridan foydalanish va h.k.
Yuqorida aytilganlarning barchasi tyutorlik faoliyatining maqsadi o‘z faoliyatini rejalashtirish, ularni tahlil qilish va shaxsiy o‘sish masalalarini mustaqil ravishda qo‘yishga o‘rgatish degan xulosaga kelishimizga imkon beradi.
Talabalar uchun tyutorlikni tashkil etish uzluksiz ta’lim olishi, oliy ta’lim muassasadagi ta’lim oluvchilarning tobora kengayib borayotgan ta’lim muhitida doimiy faol ishtirok etishi, ularning ta’lim darajasi, mazmuni, sur’ati va vaqtini tanlashda qimmatli tajribaga ega bo‘lishi, uning istiqbollarini ko‘rishi uchun sharoit yaratadi. Bu jamiyat, davlat va talabalarning o‘zlari tomonidan ta'lim tizimiga qo‘yiladigan talablarga to‘liq mos keladi. Shu sababli, tyutorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash texnologiyasi bugungi kunda ta’lim oluvchilarning shaxsiy rivojlanishni ta’limning maqsadi va mazmuni sifatida tushunish bilan bog‘liq yangi ta’lim natijalariga erishishni ta’minlaydigan innovatsion ta’lim amaliyoti sifatida qaraladi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, tyutorlik tizimini paydo bo‘lishi ta’limni rivojlantirishga o‘z-o‘zidan ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Tyutorlar orqali talabalar oliy ta’lim sohasidagi islohot hamda qator loyihalardan roziligi hamda mazkur tyutorlik tizimini qo‘llab-quvvatlayotgani mazkur lavozim yaratilganligi naqadar to‘g‘ri siyosat bo‘lganligiga dalolat qilmoqda. Shu o‘rinda bu tizimni oliy ta’limdan boshqa ta’lim bosqichlariga ham joriy qilinishi ta’lim sifatini yanada oshirgan bo‘lar edi, deb hisoblaymiz. Negaki, bugungi kunda maktab va akademik litseylarda mustaqil sinf rahbari degan shtab mavjud emas, balki mazkur shtabda ham ma’lum bir fan o‘qituvchilari biriktirilgan. Bu esa, o‘qituvchiga qo‘shimcha yuklamalar yuklanishi hamda o‘z ustida ishlashiga vaqt yetmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu tizim bo‘yicha ham bir qator islohotlar o‘tkazilishi natijasida o‘rta bo‘g‘inda o‘quvchilarni kasbga hamda hunarga yo‘naltiradigan yangi shtablar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Yurtboshimizning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida 2023-yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb nomlangani ham bejizga bo‘lmadi. Fikrimizcha, yillarning nomlanishi ham o‘z ma’nosiga ega bo‘lib, joriy yil davomida yil nomlanishiga doir islohotlar keng tatbiq qilinadi hamda sifatli ta’limni rivojlantirishda tyutorlarning ham o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shoxsanamxon Radjabova
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tyutori