Taʼlim-tarbiya jarayonida nafaqat fundamental bilimlar, balki insoniylikning turli qirralari oʻrgatiladi. Shu bois, Sharqda taʼlim bilan tarbiya tushunchasi nutqda ham, amalda ham doimo birga ishlatilgan. Ikkisini barobar olib borish, uygʻunlashtirish hamma davrlarda dolzarb masala boʻlib kelgan. Bugun ham ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan oʻqitish tizimidagi oʻzgarishlar ilm-fan, taʼlim-tarbiyaga aloqador muammolarni aniqlash, ommaga yetkazishni davrning oʻzi talab etmoqda.

Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, yutuqlarni yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotga aylantirish jarayonida intellektual mulkning ishonchli himoya qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi. Maʼlumotlarga koʻra, intellektual mulk ulushi Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi.

2020-yilning 12-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilish “Intellektual mulkni himoya qilish Uchinchi Uygʻonish davri uchun ishonchli poydevor boʻlib xizmat qiladi” degan mavzuga bagʻishlangani ham bejiz emas. Chunki Oʻzbekistonni 2030-yilga qadar Global innovatsion indeks reytingidagi 50 ta yetakchi davlat qatoriga kiritish boʻyicha ulkan maqsadlar belgilab olingan.

Unga erishish yoʻlida inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan strategik rejani amalga oshirish vazifasi turibdi. Prezidentimiz ilgari surayotgan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga javob bera oladigan obyektiv zarurat, taʼlim-tarbiya rivojining mutanosibligini taʼminlashga qaratilgan dasturilamaldir.

Zotan, yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalashni eng muhim vazifaga aylantirish masalasi yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunimizda ham aks etgan. Chunki yurtimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish, barcha kuch-gʻayratni birlashtirish va fidokorona mehnat qilish orqali Yangi Oʻzbekistonni, pirovardida, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish mumkin.

Bu jarayonda qator omillarni hisobga olishimiz darkor. Avvalo, hozirgi oʻziga xos tub yangilanishlar davrini eʼtiborga olish, jumladan, muttasil olgʻa intilish, hayotni va tafakkurni isloh qilish, yangilanish tomon sobitqadamlik bilan borish zarur. Bu yoʻlda maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlar samaradorligini oshirish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun vatandoshlarimizning xilma-xil gʻoyalari orasidan munosiblarini tanlab, ular asosida xalqimiz mentalitetiga har tomonlama mos keladigan, ommabop, nazariy, umumtarbiyaviy ahamiyatga ega nazariyani ishlab chiqish vazifasi turibdi.

Maqsadlarimiz roʻyobi uchun yurtdoshlarimizning oʻzini anglashiga xizmat qiluvchi, milliy va umumbashariy tamoyillarni targʻib etuvchi, ibtidosidan intihosigacha falsafiy mazmunga boy taʼlimotga ega boʻlish istagini hisobga olish kerak. Bu ishlarni amaliyotga tatbiq etishda islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etishi kerak, degan gʻoyaga doim amal qilish ehtiyojini kuchaytirish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, xalqimiz maʼnaviy merosiga daxldor, ming yillardan beri amaliyotda oʻz isbotini topib kelayotgan maqollar, hikmat va rivoyatlarda ulugʻlanayotgan eng katta boylik aql-zakovat va ilm ekani behuda emasligini farzandlarimizga misollar orqali tushuntirish masʼuliyati zimmamizda turibdi. Zero, tarbiyasizlik maʼnaviy qashshoqlikni keltirib chiqaruvchi omil ekani, bilimsizlik oʻzbek xalqi va qadriyatlariga mutlaqo zid keluvchi axloqsizlik fenomeniga aylanayotganiga kunda-kunora guvoh boʻlyapmiz.

Yangi Oʻzbekistonda taʼlim-tarbiya mutanosibligini taʼminlashda qator omillarni nazarda tutish lozim. Fuqarolik masʼuliyati va zamonaviy dunyoqarashga ega barkamol avlodni tarbiyalash birinchi oʻrinda turadi. Mana shu maqsad bizni taraqqiyotning navbatdagi bosqichiga eltadi. Zotan, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi ham tasodifiy emas, balki tub tarixiy qiyofamizni dunyoga namoyon qiluvchi omil ekanini unutmaslik darkor.

Shu bilan birga, taʼlim-tarbiya uzviyligini taʼminlashda ilm, maʼrifiy makon va zamonning oʻrni hamda ahamiyatini koʻrib chiqish, uning oʻzagini tashkil qiluvchi tarixiy-maʼnaviy omillarni sanab oʻtish oʻrinli. Xalqimizning ulkan madaniy merosi, intellektual salohiyati, zaminimizning azaldan buyuk allomalar va tarixiy shaxslar yurti boʻlgani fikrimiz tasdigʻidir.

Turon zamini birinchi va ikkinchi Renessans beshigi boʻlganini ortiqcha taʼrifu tavsiflashga zarurat yoʻq. Bu ishonchni yanada mustahkamlashda ilm, maʼrifiy makon va zamon, unda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va siyosiy sohalardagi oʻzgarishlarni anglab yetishda amal qilinishi zarur boʻlgan qator mezonlar mavjud.

Avvalo, iqtisodiyot jamiyat hayotining tanasi ekanini teran anglash, mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhasida keng qoʻllanayotgan “aqlli iqtisodiyot”, “innovatsion iqtisodiyot”, “yashil iqtisodiyot” haqidagi tushunchalarni toʻgʻri talqin qilish boʻyicha xalqaro tajribalarga mos izlanishlar va ularning samaradorligi boʻyicha maʼlumotlardan xalqimizni, avvalo, yoshlarni doimo xabardor qilib borish lozim.

Hozirgi zamon talablariga muvofiq, ilm, maʼrifiy makon va zamon uygʻunligi eʼtirofida Oʻzbekistonga daxldor va umumbashariy masalalarga alohida urgʻu berish kerak. Xususan, yurtimizdagi eng muhim tarbiya oʻchogʻi boʻlgan mahalla tizimi, ommaviy axborot vositalari orqali raqamli iqtisodiyot, “Bir million dasturchi” loyihasi, robototexnika va IT parklar, sogʻlom turmush tarzi, maktab faqatgina taʼlim beradigan maskan emas, barchamiz uchun yuksak maʼnaviyat beshigiga, farzandlarimizni bolalikdan boshlab kasbga oʻrgatuvchi dargohga aylanishiga doir muhim maʼlumotlarni yetkazish, yangilab borish talab etiladi.

Asrlar osha xalqimiz tafakkuridan taʼlim va tarbiya ajralmasdir, degan gʻoya chuqur joy olgan. Taʼlim islohotlarida shakl va vositalarga emas, sifatning tub markazida yotuvchi mazmun-mohiyatga koʻproq eʼtibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Zero, har birimiz faqat oʻzimizning fikrimiz toʻgʻri, deb turib oladigan va ish qiladigan boʻlsak, umummilliy, umumxalq hayotiga doxil maqsadlarimizga erisha olmaymiz. Taʼlim-tarbiya sohasida tajribasizlik qilsak va xatoga yoʻl qoʻysak, kelajak avlodlar bizni kechirmasligi mumkin.

Shu bilan birga, ajdodlardan bizgacha yetib kelgan gʻoya, ilm, maʼnaviyat haqidagi ulkan merosni toʻgʻridan-toʻgʻri hazm qilib ham boʻlmaydi. Bu holatni tarix saboqlaridan xulosa chiqargan holda, dunyo tajribasiga moslab amalga oshirish, juda zamonaviylashgan taʼlim-tarbiya dasturi hozirgi zamon shaxsiga mos kelmasligi mumkinligini eʼtiborga olish lozim.

Taʼlim va tarbiya qushning ikki qanoti singari, binobarin, hozirgi makon va zamonda uning bir qanotini sindirib, yuksak parvoz etib boʻlmaydi. Har bir millatda oʻrnak olsa arziydigan ulkan maʼrifiy va madaniy meros mavjud ekan, uni umumiy mulkka aylantirish darkor. Shundagina koʻzlangan maqsadga erishamiz.