Shuningdek, ushbu yillar mobaynida uy-joy sotib olishga koʻmaklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trillion soʻm arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi.

Davlatimiz rahbari qilingan ishlar hali yetarli emasligini koʻrsatib oʻtdi. Respublika boʻyicha har yili 200 mingtaga yaqin yangi oila tashkil topmoqda. Bu yangi uylar, yoʻllar va ijtimoiy infratuzilmaga talab yanada ortadi degani. Qolaversa, hozirda aholining bir kishi boshiga oʻrtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni toʻgʻri kelmoqda. Bu koʻrsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040-yilgacha yangi uy-joy qurilishi surʼatini 280 mingtaga oshirish lozim.

Bundan ikki ming yil oldin Aristotel bunday degan edi: “Shahar devorlar bilan emas, unda yashaydigan odamlar bilan mavjud”. Bu fikr bugun ham ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Shaharlar qanday qurilayotgani, yerdan qaysi maqsadlarda foydalanilayotgani va uy-joy siyosati qay tarzda yuritilayotganiga oid masalalar odamlarning kundalik hayoti, xavfsizligi va kelajakka ishonchiga bevosita taʼsir oʻtkazadi.

Shu bois, bugun arzon uy-joy qurish masalasi faqat “metrlar — metrlar uchun” emas, balki shahar muhitining sifati, infratuzilmaning barqarorligi va jamiyat manfaatlari nuqtayi nazaridan takomillashtirishga muhtoj.

Jahon bankining maʼlumotiga koʻra, 2024-yilda dunyo miqyosida shahar aholisining ulushi umumiy aholining 57,7 foizini tashkil qilgan. Qolgan qismi qishloqlarda istiqomat qiladi. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich 50,6 foizni tashkil etadi. 2030-yilga qadar mamlakat aholisining shaharlarda yashaydigan ulushini bir necha foizgacha oshirish maqsad qilingan.

Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu sohaga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, “Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivoj­lantirish boʻyicha yangi islohotlarni bosh­laymiz. Jumladan, shaharlar tartibsiz kengayishining oldini olish boʻyicha aniq mezonlarni belgilaymiz va shu orqali ekin maydonlari asossiz qisqarib ketishiga chek qoʻyiladi”, deya taʼkidlandi.

Urbanizatsiya deganda, koʻpchilik faqat shaharlarning kengayishi yoki yangi uylar qurilishini tushunadi. Aslida, u odamlar yashaydigan muhitni qanday tashkil qilayotganimiz, shaharlarda ishlash, harakatlanish, dam olish va yashash qanchalik qulay ekani haqidagi masala. Bu faqat binolar soni emas, balki yoʻllar, maktablar, bogʻchalar, shifoxonalar, jamoat transporti, yashil hududlar va xavfsiz jamoat makonlarining uygʻun tarzda rivojlanishidir. Toʻgʻri bajarilgan urbanizatsiya shaharlarni inson uchun xizmat qiladigan joyga aylantiradi. Notoʻgʻri yondashuv esa tirbandlik, infratuzilma yetishmasligi, yashash sifati pasayishi va oilalar uchun uy-joyning qimmatlashishiga olib keladi.

Shunday ekan, urbanizatsiya jarayonida shaharni rejalashtirishning odamning kunlik vaqti (masalan, uydan ishga, maktabga, tibbiyot muassasasiga borish uchun yoʻlga sarflanadigan muddat), oilaviy xarajatlari (ijara, kommunal toʻlovlar va hokazo) hamda salomatligiga (havo sifati, shovqin darajasi, yashil hududlar tufayli) taʼsiri oʻrganiladi.

Shaharlarning tartibsiz kengayishi — salbiy holat. Shahar yeri cheklangan resurs va u notoʻgʻri taqsimlansa, arzon uy-joy ham boʻlmaydi. Sodda qilib aytganda, shaharlar eniga emas, balki boʻyiga oʻsishi kerak. Aks holda, bir yoki ikki qavatli uylar uchun infratuzilma — yoʻl qurish, elektr, gaz, suv quvurlari tortish qimmatga tushadi.

Biroq bu yondashuv shaharni koʻp qavatli uylar bilan betartib toʻldirish kerakligini anglatmaydi. Aksincha, bunday qurilish chuqur ilmiy tahlillar va aniq hisob-kitob asosida amalga oshirilishi lozim. Bunda shamol yoʻnalishi (shamol guli), havo aylanishi, yashil hududlarning saqlanishi va jamoat hududlarining uygʻun joylashuvi inobatga olinishi shart. Aks holda, koʻp qavatli binolar shahar muhitini yaxshilash oʻrniga havo ifloslanishi, issiqlik orollari paydo boʻlishi va inson salomatligiga salbiy taʼsir oʻtkazishiga sabab boʻladi. Shu bois, vertikal urbanizatsiya deganda, avvalo, aql bilan, ilmiy va strategik yondashuv asosida quriladigan shaharni tushunish kerak.

Urbanizatsiyaning ikkita muhim vositasi mavjud. Bu — renovatsiya va kompleks qurilish loyihalari. Renovatsiya deganda, eski uy-joylarni buzib, oʻrniga faqat yangi binolar qurish emas, balki butun hududni zamonaviy hayot talablariga mos ravishda qayta tiklash tushuniladi. Baʼzi eski mahallalarda muhandislik tarmoqlari eskirgan, uylar xavfsizlik talablariga javob bermaydi, infratuzilma esa aholi ehtiyojini qondirolmaydi. Aynan renovatsiya orqali shu muammolar bartaraf etiladi va shaharni kengaytirmay, ichida sifatli oʻzgarish qilish mumkin.

Kompleks qurilish nafaqat bino qurish, balki inson yashaydigan muhitni toʻliq shakl­lantirishdir. Yaʼni uy-joy bilan birga maktab, bogʻcha, shifoxona, yoʻl, jamoat transporti, yashil hududlar va xizmat koʻrsatish obyektlari bir vaqtning oʻzida rejalashtiriladi va quriladi.

Agar qurilish faqat uy-joy bilan cheklansa, toʻgʻri, odamlar “vatanli” boʻlib qoladi, ammo noqulay shahar sharoiti paydo boʻladi. Koʻpchilik bunday hududlarni kuzatgan boʻlishi mumkin: uylar bir-biriga haddan tashqari jips joylashgan, yashil hududlar maydoni oz, shamol yoʻnalishi toʻsib qoʻyilgan. Natijada fuqaroda goʻyo nafasi siqilganday holat yuzaga keladi. Yaʼni bu hudud qurilganda kompleks qurilish tamoyili inobatga olinmagan boʻladi.

Xoʻsh, qulay shahar sharoiti andazalari qayerdan olinadi? Avval bu boradagi xalqaro standartlarga murojaat qilinadi. Oʻzbekis­ton xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisi, jumladan, BMTning toʻlaqonli aʼzosi. Mamlakat BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini roʻyobga chiqarishda faol ishtirok etmoqda. Mazkur maqsadlarning oʻn birinchisi shahar va aholi punktlarining ochiqligi, xavfsizligi, hayotiy va ekologik barqarorligini taʼminlashdir.

Mazkur maqsad BMTning aholi punktlari boʻyicha dasturi orqali roʻyobga chiqariladi. Bugun u orqali 90 ga yaqin davlat oʻz shaharlarini takomillashtirmoqda. Mazkur dastur shaharlarni faqat iqtisodiy oʻsish nuqtayi nazaridan emas, balki inson huquqlari, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan uygʻun holda rivojlantirishni ilgari suradi. Uning zamirida, shuningdek, uy-joy masalasini hal etishda yerdan oqilona foydalanish gʻoyasi ham mujassam.

Xalqaro standartlardan tashqari rivoj­langan shaharlar misolida ham urbanizatsiya jarayonini koʻrib chiqsak. Masalan, Singapur zichlik sharoitida ham yashil shahar yaratish mumkinligini isbotladi. Singapurda bir kvadrat kilometrga oʻrtacha 8000 dan ortiq kishi toʻgʻri keladi. Bu koʻrsatkich koʻplab yirik megapolislardagidan yuqori. Shunga qaramay, shahar maydonining qariyb 50 foizi yashil hududdan iborat. Davlat siyosatiga koʻra, har bir yirik turar joy majmuasida bogʻlar, bolalar maydonchasi va dam olish hududlari boʻlishi majburiy.

Notoʻgʻri qarorlarni tuzatish orqali shaharni qayta qurishga Seulni misol qilib keltirish mumkin. Seulda bir paytlar shahar markazidan oʻtgan Chxongechxon daryosi avtomobil yoʻli ostida qolib ketgan edi. 2000-yillarda bu yoʻl buzilib, daryo qayta ochildi va uning atrofida 10 kilometrdan ortiq yashil hudud barpo etildi. Natijada shahardagi havo harorati 3-4 daraja pasaydi, biznes va turizm faollashdi. Eng muhimi, odamlarni shahar markaziga qaytarishga erishilgan. Seuldagi renovatsiya xarajat emas, balki uzoq muddatli investitsiya ekanini koʻrish mumkin.

Murojaatnomada ekin maydonlari asossiz qisqarib ketishiga yoʻl qoʻyilmasligiga bejiz eʼtibor qaratilmagan. Zero, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar barcha davlatlarda alohida, cheklangan muomaladagi yer toifasidir. Ularning qiymati faqat hozirgi foydalanishida emas, balki oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ham namoyon boʻladi.

Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligi yerini shaharsozlik uchun zaxira sifatida koʻrish maqsadga muvofiq emas. Sababi amaliyotda quruvchilar bosimi va moliyaviy manfaatlar taʼsirida ekin maydonlari keskin qisqarishi mumkin.

Qishloq xoʻjaligi yeri — tiklanmaydigan resurs. Qurilishdan soʻng bu yerni rekultivatsiya qilish (tiklash) texnologik jihatdan deyarli imkonsiz va moliyaviy qimmat. Yerdagi gumus qatlami asrlar davomida shakllanadi. Shuning uchun, masalan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti ekin maydonlarini asrashga qatʼiy chorlaydi.

Uchinchidan, urbanizatsiya zichlashtirish va sifatni oshirishdir. Ushbu tushunchani qish­loq xoʻjaligi yerini oʻzlashtirish bilan aralashtirish urbanizatsiya gʻoyasining oʻziga ziddir.

Shuning uchun bugun shaharsozlik sohasiga oid qarorlarning har qanday oqibati kelajak avlodlar zimmasiga yuklanishini yodda tutish lozim.

Prezidentimiz aglomeratsiya hududlarini belgilash vazifasini ham topshirdi. Xoʻsh, bu shu paytgacha koʻpchilik uchun nomaʼlum va sirli boʻlgan “aglomeratsiya” oʻzi nima?

Zamonaviy sharoitda shahar faqat oʻz maʼmuriy chegarasi bilan cheklanib qolmaydi. Koʻp­lab insonlar shahar chetida yoki qoʻshni tuman va qishloqlarda yashab, har kuni markazga ishga, oʻqishga qatnaydi. Ana shu tabiiy hayotiy jarayon aglomeratsiyani vujudga keltiradi. Bosh­qacha aytganda, aglomeratsiya deganda shahar va uni oʻrab turgan hududlarning yagona organizmdek ishlashi tushuniladi. Agar bu jarayon oldindan rejalashtirilmasa, transport tirbandligi, infratuzilma yetishmasligi va yer resurs­larining samarasiz sarfi yuzaga keladi. Shu bois, aglomeratsiya yondashuvi shaharlarni betartib kengaytirish oʻrniga uy-joy, ish oʻrinlari va transportni oʻzaro bogʻliq holda rivoj­lantirish imkonini beradi. Bu esa nafaqat shahar markazi, balki butun atrofdagi hududlar uchun ham sifatli hayot muhitini yaratadi.

Bugun 14 ta yirik aglomeratsiya mavjud: Toshkent shahri; Oʻrta Zarafshon (Samarqand — Kattaqoʻrgʻon — Navoiy); Andijon — ­Asaka — Shahrixon; Namangan — Toʻraqoʻrgʻon — ­Chortoq; Qashqadaryo (Qarshi — Kitob — Shahrisabz — Koson); Fargʻona — Margʻilon — Quvasoy; Nukus; Ohangaron (Angren — ­Olmaliq — Ohangaron); Surxondaryo (Termiz — Denov); Xorazm (Urganch — Xiva); Quyi Zarafshon (Buxoro — Kogon); Qoʻqon; Chirchiq hamda Yangiyoʻl — Chinoz.

Ushbu hududlarda jami 12,5 millionga yaqin odam yashaydi. Asosiy maqsad aglomera­siyada uy-joy fondi va shahar muhitini rivoj­lantirish hamda qurilishning oʻrtacha zichligini oshirishdir.

Prezidentimizning 2025-yil 19-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi tashkil etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va uning koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

Qoʻmita urbanizatsiya jarayoni, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Yangi qoʻmita tashkil etilishi, aglomeratsiya yondashuviga oʻtish, master-rejalar va kompleks qurilishni joriy etish mazkur siyosatning mantiqiy davomidir. Qurilayotgan, yangilanayotgan shaharlarni boshidanoq toʻgʻri rejalashtirsak, uni tuzatishga zarurat qolmaydi. Shaharlarimizning ertangi qiyofasi aynan bugun shakllanmoqda. Urbanizatsiya masalalariga hozir qay darajada ongli va masʼuliyatli yondashsak, kelajakda shaharlarimiz shunchalik yashash, mehnat qilish va farzand tarbiyalash uchun qulay boʻladi.

Komron NIGʻMATOV,

Urbanizatsiya va uy-joy bozori

milliy qoʻmitasi boʻlinmasi boshligʻi