Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Urganch aeroportini modernizatsiya qilish — yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, yangi terminal va boshqa obyektlarni qurish hamda “Qurish, foydalanish, topshirish” (Build-Operate-Transfer — BOT) modeli boʻyicha davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihasi boʻyicha tenderning birinchi bosqichi eʼlon qilindi. U Oʻzbekiston hukumati tomonidan “Uzbekistan Airports” kompaniyasi, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Urganch xalqaro aeroporti muntazam ravishda 8 ta aviakompaniyaga va Yevrosiyo boʻylab charter reyslari boʻyicha 40 ga yaqin aviakompaniyaga xizmat koʻrsatadi. 2023-yilda aeroport 590 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, 2024-yilda yoʻlovchi tashish hajmi 17 foizga oshishi kutilmoqda. Dastlabki prognozlarga koʻra, DXSH davrida yoʻlovchi tashish hajmi har yili oʻrtacha 7,5 foizga oʻsishi kutilmoqda.
“UzAirports” “Urganch xalqaro aeroportini qurish, undan foydalanish, topshirish (BOT) modelidan foydalangan holda modernizatsiya va boshqarish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha tenderning birinchi bosqichi (talabgorlarga dastlabki malaka hujjatlari) haqida eʼlon qiladi. Shu kabi loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega barcha manfaatdor tomonlar ushbu loyihada ishtirok etishga taklif etiladi.
“UzAirports” kompaniyasi “PricewaterhouseCoopers (PwC)” va “White&Case (W&C)” kompaniyalarini tanlov savdolari orqali xususiy sherik tanlashda yordam berish uchun ixtisoslashgan maslahatchilar sifatida jalb qildi.
Modernizatsiya loyihasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
— 3500 m uzunlikdagi yangi uchish-qoʻnish yoʻlagini qurish;
— asosiy burilish yoʻlagini qurish;
— 2 bosqichli burilish yoʻlaklarini qurish;
— 2 ta tutashuvchi burilish yoʻlaklarini qurish;
— mavjud apronni rekonstruksiya qilish;
— yangi maʼmuriy terminal qurish;
— yangi yuk terminalini qurish;
— maxsus jihozlar binosini qurish;
— yangi umumiy ovqatlanish majmuasini qurish;
— maydoni 39 ming m² boʻlgan xalqaro reyslar uchun soatiga 1000 yoʻlovchiga (ham joʻnash, ham qoʻnish) va ichki reyslar uchun soatiga 300 yoʻlovchiga (ham joʻnash, ham kelish) xizmat koʻrsatishga moʻljallangan yangi yoʻlovchi terminalini qurish.