Bu haqda "UZBEKISTAN AIRPORTS" xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilish-taʼmirlash ishlari belgilangan muddatdan avvalroq yakunlandi. Rejaga muvofiq taʼmirlash ishlari aeroportda 7-avgustga qadar amalga oshirilishi lozimligi haqida xabar berilgandi.
Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, ikki hafta ichida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, uzunligi 3000 m va eni 45 m boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagi qoplamasi almashtirildi va mustahkamlandi, ikkinchi va uchinchi yurish yoʻlaklari kapital taʼmirlandi. Bu aeroportga Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish va oʻz navbatida Urganch shahriga reyslar soni va yoʻlovchilar oqimini koʻpaytirish imkonini beradi.
Urganch shahridagi uchish-qoʻnish yoʻlagini kapital rekonstruksiya qilish ishlari oxirgi marta 1997-yilda, shikastlangan qismlarini qisman taʼmirlash esa 2018-yilda amalga oshirilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, Urganch xalqaro aeroporti uchish-qoʻnish yoʻlagini kapital taʼmirlash ishlari boshlangani munosabati bilan joriy yilning 20-iyul kuni oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan edi. Rekonstruksiya davrida barcha reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yoʻnaltirilgan va barcha yoʻlovchilar Nukus aeroportigacha transport bilan taʼminlangan.