Bu haqda “Uzbekistan Airways” xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 3-avgust kuni Krasnoyarsk – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha HY9684 aviaqatnovini amalga oshirgan A320 UK32015 havo kemasi bir soatlik parvozdan soʻng Rossiya va Qozogʻiston chegarasi boʻylab 11000 metr balandlikda parvoz qilayotib, bu balandlik uchun anomal meteorologik hodisaga (doʻl) duch keldi. Natijada, parvoz kemasining oldi oynalari shikastlandi. Ekipaj belgilangan protseduralarni amalga oshirilganidan soʻng, parvozni davom ettirishga qaror qildi. Toshkentga qoʻnish jadvalga muvofiq amalga oshirildi. Parvozdan keyingi tekshiruvda shuningdek, meteolokator burun konusining (kok) shikastlanishi aniqlandi.
Havo kemasi bortida 174 yoʻlovchi va 6 ekipaj aʼzosi boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu hodisa parvozlarni davom ettirish uchun tahdid yoki jiddiy muammo tugʻdirmaydi, — deyiladi xabarda.